"Qalb koʻzi", "Sarvqomat dilbarim", "Nahotki, sen": Adiz Rajabov ishtirokidagi 15 ta mashhur film
2000-yillar oxiri, 2010-yillar boshida, xususiy filmlar gullab-yashnagan davrda mashhurlikka erishgan aktyorlar qatorida Adiz Rajabov ham tilga olinadi. Hozirda asosan seriallarda suratga tushayotgan aktyor asrimiz avvalida ancha-muncha shedevr filmlarda rol oʻynab qoʻygan.
Afisha.uz quyida Adiz Rajabov ishtirok etgan mashhur filmlarni bir yerga jamladi.
“Superkelinchak” (2008)
Bahrom Yoqubov tomonidan 2008-yilda suratga olingan film komediya va melodrama janrlarini birlashtiradi. Bosh rollarni Adiz Rajabov bilan birgalikda Diana Yagofarova ijro etgan.
Filmda asosan oila mavzusi va maishiy muammolar koʻtarilgan. Bu oʻsha davr filmlari uchun oʻziga xos “moda” hisoblanadi.
“Poyma-poy” (2009)
“Poyma-poy” filmi qaygʻuli hikoya ekanligidan tashqari oʻzining yulduzli aktyorlar tarkibi bilan ham yodda qolgan.
Bosh rol ijrochilari Adiz Rajabov va Sevara Soliyevadan tashqari filmda Saida Rametova, Ubaydullo Omon, Akbarxoʻja Rasulov, Barno Qodirova, Ra’no Yarashevalar ham ishtirok etgan.
“O‘zimdan o‘zimgacha” (2009)
Adiz Rajabov ushbu filmda bor aktyorlik mahoratini koʻrsatgan deyish mumkin. Aktyor bir filmda ikki xil obrazni, ikki xil dunyo vakillarini ijro etgan.
Ularning biri boy oilada oʻsgan va muammolar girdobida qolgan Davron, ikkinchisi qishloqda oʻsgan sodda Narimon. Ayniqsa film soʻngidagi jang sahnasi oʻzbek kinosida kamdan-kam uchraydigan sahnalardan hisoblanadi.
“Qalb ko‘zi” (2010)
Oʻsha mashhur film va oʻsha mashhur sauntrek. “Hamma oʻzi bilan oʻzi ovvora” boʻlgan bir vaqtda Erkin Murodov va Sanjar Shodiyov rejissyorligida “Qalb koʻzi” filmi ishlangan. Adiz Rajabov unda salbiy qahramon obrazini gavdalantiradi.
Shuni aytib oʻtish kerak-ki, ushbu film haligacha sevib tomosha qilinadigan kinokartinalardan biri hisoblanadi.
“Salom sevgi, xayr sevgi” (2012)
Adiz Rajabov serqirra ijodkor hisoblanadi. Uning noodatiy rollaridan birini 2012-yilda premyera qilingan “Salom sevgi, xayr sevgi” filmida kuzatish mumkin.
Unda aktyor autizm kasalligiga chalingan yigit rolini oʻynaydi. Shuningdek, kinokartinada asosiy rollarni Zarina Nizomiddinova va Asal Shodiyeva ijro etgan.
“Uchar qiz” (2014)
Yolqin To‘ychiyevning “Uchar qiz” filmi oʻzga sayyoradan kelib qolgan qiz haqida hikoya qiladi. Uchar qiz oʻzbek qishloqlaridan biridagi oilaga kelib qoladi.
O‘zga sayyoradan uchib kelgan qiz obrazida Asal Shodiyeva, ixtirochilikni va g‘ayrioddiy narsalarni o‘ylab topishni yaxshi ko‘radigan yigit obrazida Adiz Rajabov koʻrinish beradi. Uning ota-onasi rollarini aktyorlar Farhod Abdullayev va Saida Rametova ijro etadi.
“Sarvqomat dilbarim” (2020)
Qirgʻizistonlik buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning shu nomdagi asari asosida oʻzbekistonlik rejissyor Sarvar Karimov tomonidan “Sarvqomat dilbarim” filmi suratga olingan.
Ushbu filmda bosh rollardan birini Adiz Rajabov gavdalantirgan. Salbiy obraz boʻlishiga qaramay aktyor oʻz ishini mahorat bilan bajargan.
Adiz Rajabov ishtirokidagi e’tiborga molik boshqa filmlar
“Sen meni sevasanmi” (2005)
“Visol” (2011)
“Qutqaring, sevib qoldim!” (2017)
“Poyqadam” (2012)
“Taqdirlar” (2012)
“Devona farishta” (2011)
“Nahotki sen” (2006)
“Hamroh” (2017)