"Abdullajon shakarsan, shakar!": Rajab Adashev ishtirokidagi eng mashhur rollar
Bugun, 15-iyul kuni Oʻzbekiston xalq artisti Rajab Adashev 80 yoshga toʻldi. Aktyor uzoq yillar davomida bosh qahramonlardan tortib, epizodlargacha turli rollarni ijro etib kelgan. Aktyor ishtirok etgan filmlardagi ba’zi jumlalar muxlislar tomonidan haligacha ishlatilib kelinadi.
Afisha.uz ushbu jamlanmada Rajab Adashev faoliyati davomida gavdalantirgan rollarni bir yerga toʻpladi.
Bozorboy (“Abdullajon”)
Bungacha filmlarda har xil katta va kichik rollarni ijro etib kelgan Rajab Adashev 1991-yilda oʻzining haqiqiy tashrif qogʻoziga aylangan rolini ijro etadi.
Zulfiqor Musoqovning “Abdullajon” filmidagi Bozorboy obrazi orqali oʻsha davrdagi bir oʻzbek erkagining qiyinchiliklarini namoyish etadi. U film davomida aytadigan ba’zi jumlalar haligacha odamlar orasida ishlatiladi.
Mashrab (“Kichkina tabib”)
Golivudda ba’zi aktyorlar har xil turdagi rollarni oʻynay olgani uchun ham olqishlarga sazovar boʻladi. Masalan, mashhur Garri Potter rolini ijro etgan Deniel Redklif “Человек швейцарский нож” jasad rolini oʻynagani bilan ham eslanadi.
Rajab Adashevning portfelida ham shunga oʻxshash rolni uchratish mumkin. “Kichkina tabib” filmida u soqov Mashrab rolini oʻynaydi. Butun film davomida gapirmagan Mashrabning soʻnggi soʻzlari kino muxlislarining yodida qolishi aniq.
Xoʻja Nasriddin (“Xoʻja Nasriddin va Azroil”)
Katta aktyorlarning ijodiy faoliyati davomida oʻzidan ham kattaroq boʻlgan shaxslarni “jonlantir"ganiga guvohi boʻlamiz. Rajab Adashev ham nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun tanish obraz hisoblangan Xoʻja Nasriddin rolini ijro etgan.
Novvoy (“Osmondagi bolalar”)
Yuqorida qayd etilganidek, aktyorlar muxlislar yodida nafaqat oʻzining katta rollari bilan, balki epizodik chiqishlari bilan ham qoladi. “Osmondagi bolalar” filmidagi burilish nuqtalaridan biri novvoyxonada yuz beradi va aynan shu epizodda novvoy rolini ijro etgan Rajab Adashevni koʻrish mumkin.
Xolmat aka (“Yangi boy”)
Rajab Adashev asosan Samandar Hamroqulovning ijrosi bilan odamlar yodida qolgan filmda ikkinchi darajali rollardan birini ijro etgan.
U kutilmagan boylikka ega chiqadigan Xolmat aka obrazida bor aktyorlik mahoratini koʻrsata olgan. Chunki Adashev bir filmda ikki xil odam rolini oʻynagan.
Fotih (“Yoʻqotilgan vaqt”)
Xoʻsh, Rajab Adashevni soqov rolida koʻrdik, tarixiy toʻqima shaxs rolida koʻrdik, epizodik va ikkinchi darajali rollarini ham guvohi boʻldik. Nima qolib ketdi? Bolalar!
Sarvar Karimovning “Yoʻqotilgan vaqt” filmida vaqtni qadriga yetmaydigan bola qariyaga aylanadi va umrining soʻnggi kunini yashashi kerak boʻladi. Agar kun davomida 10 nafar odamga yaxshilik qilsa, bola tirik qoladi. Aynan shu rolni Rajab Adashov gavdalantiradi.