Simba, Balto, Bembi: hayvonlar haqidagi eng yaxshi multfilmlar
Insoniyat filmlar bilan bir qatorda animatsiya — multfilmlarni ham rivojlantirib borgan. Bunda Disney’ning ham oʻrni katta. Tarixda Zolushka, Oppogʻoy, malikalar va shahzodalar haqidagi multfilmlardan tashqari hayotimizning bir qismi boʻlgan hayvonlar haqida ham animatsion filmlar ishlangan.
Afisha.uz ushbu toʻplamda hayvonlar haqidagi eng yaxshi multfilmlarni bir yerga jamladi.
“Qirol Sher” (1994)
Ikkita “Oskar”, uchta “Gremmi”, uchta “Oltin globus” sovrinlari va shunchaki butun dunyo eʼtirofi — syujetini qayta eslatishning hojati boʻlmagan “Qirol sher” multfilmi bosh qahramoni sherlar toʻdasidan ajralib qolgan Simba. Farzandingiz bilan yoki oʻzingiz qayta koʻrishingiz uchun eng yaxshi tanlov boʻla oladi.
“Balto” (1995)
Doʻstlik va sadoqat haqidagi eng yaxshi hikoyalardan biri boʻlgan “Balto” hatto kattalarning ham his-tuuygʻularini jumbushga keltirishi mumkin. Bosh qahramon — quvgʻin qilingan yosh boʻri-it (boʻri va Sibir haskisi chatishuvi). Multfilm syujeti real voqealarga asoslangan boʻlib, unda 1925-yilda difteriya kasaliga qarshi yuborilgan zardobni manzilga yetkazgan va Alyaskadagi Nome shahri bolalarini qutqarib qolgan jasur chana iti Balto haqida hikoya qilinadi.
“Ledi va daydi it” (1955)
Disney klassikasi deb atash mumkin boʻlgan yana bir multfilm. Ledi — egalari tomonidan yomon munosabatga uchragan kuchuk, Tramp esa daydi it. Ular bir-biridan oʻzlariga yetishmayotgan narsani topadi. Bu — hayvonlar oʻrtasidagi muhabbatni namoyish etuvchi ajoyib multfilmlardan biri.
“Bembi” (1942)
Inson bilan toʻqnash kelgani va uning tabiatga keltirayotgan zarari qurboni boʻlgan kiyik bolasi Bembi haqida ta’sirli multfilm koʻrishga nima deysiz? Animatsion filmda inson namoyish etilmaydi, lekin uning koʻrinishi mash’um musiqa bilan ifodalanadi. Yaqinlashib kelayotgan xavfni tasvirlashning bu usuli keyinchalik Stiven Spilberg tomonidan koʻp bora ishlatilgan.
“Mustang” (2002)
Yoqimli qahramonlar bilan jamlanmani davom ettiramiz. Faqat bu safar kiyiklar, kuchukchalar, she’rlar bilan emas, balki yovvoyi ot Mustang haqida multfilmni koʻrishingiz mumkin. U butun Amerika boʻylab erkinlikda va quvnoqlik bilan sayohat qiladi va hamma bilan doʻstlashadi.
Hammasi yaxshi edi, toki odamlar paydo boʻlguncha. Insonlar uni urushda ishtirok etadigan otga aylantirishga harakat qiladi. Mustang hech kimga boʻysunishni xohlamaydi. U erkinlikka oʻrganib qolgan va uni qadrlaydi.
“Robin Gud” (1973)
Robin Gudni tanimaydiganlar bormi? Robin Gudni hamma biladi! Ammo bu safar u hammaga tanish boʻlgan shaklda emas: multfilmdagi hamma qahramonlar hayvonlardir. Bu qiyin gʻoyani amalga oshirish uchun Robin Gud yaratuvchilari multfilm uchun 100 000 dan ortiq sellyuloid qogʻoz, 350 000 chizma va 800 ta fondan foydalangan.
“Hayvonlar shahri” (2016)
Toʻplamdagi eng yangi film. “Hayvonlar shahri” — insoniy hayot kechiradigan gʻayrioddiy hayvonlar haqida hikoya qiladigan multfilm. Ularning ishlari, oilalari, oʻz ideallari bor. Va ular, odamlar kabi, irqchilik va stereotiplarga duch kelishadi. Ammo biror narsani xohlasangiz, hech qanday stereotiplar sizni toʻxtata olmaydi.