Grafik revolyutsiya yoki muvaffaqiyatsizlik? "Mister Kozyol" filmiga taqriz
13-iyun kunidan boshlab, Oʻzbekiston kinoteatrlarida rejissyor Gʻolibjon Sanoqulov tomonidan suratga olingan “Mister Kozyol” filmi premyera qilina boshlandi. Yopiq premyeraga tashrif buyurganlar film haqida iliq fikrlar bildirdi. Shuningdek, rejissyor Dilmurod Masaidov ham kino debyutant rejissyor uchun yaxshi chiqqanini, biroq dramaturgiyada kamchiliklar boʻlganini ta’kdiladi.
Xoʻsh, kinokartina haqiqatan ham xususiy kino uchun revolyutsiya boʻla oladimi yoki navbatdagi muvaffaqiyatsiz filmmi? Quyida ushbu savolga javob topishga harakat qilamiz.
Syujet
Shaharda Mister Kozyol va uning doʻsti Timur yashar edi. Ular birga vaqti chogʻlik qilishardi. Timurning onasi oʻgʻlini uylantirishga harakat qiladi, lekin Timur bunga e’tibor bermaydi. Mister Kozyolning esa fikri hayoli oson yoʻl bilan boy boʻlishda edi.
Kunlarning birida Timur mashinasida daraxtlarni asrash bilan shugʻullanadigan eko-faol qiz Oygulni urib yuboradi va ular shu orqali tanishadi. Film davomida Oygul, Timur va Mister Kozyol daraxtlarni kesib oʻrniga koʻp qavatli uylar qurmoqchi boʻlgan tadbirkorning rejalarini yoʻqqa chiqarishga harakat qiladi.
Ma’lumotlarga koʻra, “Mister Kozyol” avval sketchlar koʻrinishida mavjud boʻlgan. Keyinroq esa buni toʻliq-metrajli filmga aylantirish fikri kelgan. Shu sababli syujet juda sayoz, xuddi bir nechta sketchlar yigʻindisidek koʻrinadi. Filmda koʻplab mashhur kinolarga, jumladan, “Agent Jonni Inglish"ga, “Forsaj"ga taqlidlarni uchratish mumkin. Bunday sahnalar juda koʻp va shu sababli originallik yoʻqolib qolgan.
Qahramonlar
Mister Kozyol personaji, albatta, oʻzimizning Ted boʻlishi kerak edi. Bunga harakat qilingani koʻrinib turibdi. Biroq bu ham juda noaniq parodiyaga oʻxshab qolgan. Mister Kozyolning (va boshqa qahramonlarning ham) bekgraundi umuman ochib berilmagan. Bu echki nega gapiradi, Timur bilan qanday doʻstlashib qoʻldi, odamlar orasida yashashga qanday moslashdi va shu kabi koʻplab savollar film davomida paydo boʻladi.
Bu nafaqat Mister Kozyol bilan, balki eko-faol qiz Oygul bilan ham, bosh qahramon Timur bilan ham, Timurning onasi bilan ham shu savollar tugʻiladi. Bu filmning juda katta kamchiliklaridan biri hisoblanadi. “Uchinchisi ortiqcha” filmidagi Teddan parallel oladigan boʻlsak, unda noodatiy qahramonning oʻziga begona boʻlgan dunyoga qanday kelib qolgani va yashab ketgani ochib beriladi.
Ruscha aytganda filmning “сверхидея"sini tushunish qiyin. Bir qarashda kinoda mashinalarni suratga olib, jarimaga tortilishiga sabab boʻladigan odamlar tanqid qilinganga oʻxshaydi (albatta, bu nooʻrin tanqid ekanini ham eslatib oʻtamiz).
Bir qarashda esa shaharni chang bosishiga sabab boʻlayotgan qurilishlar, daraxtlarning kesilishi mavzulari haqida gapiriladi. Biroq ikkala mavzu ham chala qolib ketadi. Film bir vaziyatda sevgi qissasiga aylansa, biroz oʻtib doʻstlik haqidagi dramma koʻrayotgandek boʻlasiz. Yana bir vaziyatda esa avtomashinalar poygalari haqidagi “Forsaj” filmini koʻrayotgandek boʻlasiz.
Animatsion effektlar
Ushbu kino premyeradan avvalroq oʻzining animatsion effektlari, grafikasi bilan oʻzbek kinosida burilish yasashi haqida fikrlar bildirilgandi.
Kinokartinadagi grafikalar hatto sketchlar uchun qilinadigan effektlardan ham pastroq darajada qilingan. Agar filmning oʻziga xos tashrif qogʻozi sifatida aynan shu grafika koʻrilayotgan boʻlsa, uning ustida koʻproq ishlanishi, sifatliroq qilinsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Filmdagi yana bir muhim jihat bu — saundtreklar. Ha, kinokartinada musiqiy didi baland odamlar ishlagani sezilib turadi. Film davomida 2000 va 2010-yillar atrofida chiqarilgan ajoyib qoʻshiqlarni tinglashingiz mumkin. Musiqalar film dinamikasiga ham mos tushadi.
Xulosa
Xulosa qiladigan boʻlsak, “Mister Kozyol” filmini ishlash orqali ijodkorlar oʻzbek kinosiga yangi qon olib kirishga, butun dunyoda keng foydalanilayotgan, ammo oʻzbek filmlariga begona boʻlgan grafikalarni ishlatishga harakat qilgan.
Toʻgʻri, kinokartinada kamchiliklar bor, ammo qachondir bunday effektlardan foydalanishni boshlash kerak edi. Eshitishimiz boʻyicha ushbu kinokartinaning keyingi qismlari ham suratga olinadi.
Filmga chiptalarni Afisha.uz saytidan xarid qilishingiz mumkin.