"Jannat onalar oyogʻi ostida" nega bunchalik mashhur boʻldi? Filmga taqriz

E’lon qilingan sana· 17 304
"Jannat onalar oyogʻi ostida" nega bunchalik mashhur boʻldi? Filmga taqriz

Oxirgi kunlarda qirgʻizstonlik rejissyor Ruslan Akunning “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi qiziqish va muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Film 11-apreldan boshlab mamlakat kinoteatrlarida oʻzbek va rus tillarida namoyish etila boshladi. Premyeradan sanoqli kunlar oʻtib, film odamlar orasida muhokamalarga sabab boʻldi, koʻpchilik filmni koʻrishni tavsiya qilmoqda. Afisha.uz muharriri salkam ikki yarim soatli filmni tomosha qildi va quyida oʻz fikrlari bilan boʻlishadi. Ehtiyot boʻling, spoylerlar bor.


Rejissyor Ruslan Akun koʻpchilikka 2013-yilda ishlangan mashhur “Salom, Nyu-York” filmi bilan tanish. Asosan komedik filmlar bilan mashhur boʻlgan rejissyor jiddiyroq ishga qoʻlga urgan. U oʻz kinosida nafaqat Qirgʻiziston, balki butun Markaziy Osiyo xalqlaridagi milliy va diniy qadriyatlarni koʻrsatib bermoqchi boʻladi. Film nafaqat Qirgʻiziston, balki Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda ham suratga olingan.

Film aqliy rivojlanishi 8 yoshli bolanikidek qolib ketgan 35 yoshli Odil va uning onasi haqida. Onasi Rayhon opa Alloh Odilni oʻzgacha yaxshi koʻrishini, shu sababli u toʻgʻri jannatga kirishini koʻp takrorlaydi. Ammo Odil esa onasisiz jannatga kirishni istamaydi. Ular yashaydigan qishloq bolalari Odilni doim masxara qilishadi, uning birgina doʻsti boʻladi.

Odilning doʻsti Samir bir kuni unga agar onasini Makkaga (Haj ziyoratiga) piyoda olib borsa, birga jannatga tushishi mumkinligini aytadi. Shundan soʻng Odil bunga jiddiy kirishadi va onasini ham bunga koʻndiradi. Ular oʻz aravasida Qirgʻizistondan Oʻzbekiston orqali sayohatga chiqishadi. Mana shu nuqtadan film road-movie uslubiga oʻtadi, ya’ni barcha voqealar yoʻlda sodir boʻladi. Bunday filmlarda “ekshn” koʻp boʻladi va tomoshabin zerikib qolmaydi.

Uzoq safarga otlangan sodda va ishonuvchan Odil va uning onasini qiziq hamda xavfli sarguzasht kutib turadi. Film bir nechta davlatda suratga olingani uchun rejissyor ushbu davlatlarga oid qiziq nyuanslarni qoʻshib ketgan. Masalan, birinchi boʻlib Oʻzbekiston orqali safar boshlanganida qahramonlar choyxonada oʻtirib osh yeydi. Odil va Rayhon opa Qozogʻistonga oʻtib ketishayotganda esa boshqalar ular orqali “qovun” ichida narkotik moddalar oʻtkazmoqchi boʻlishadi, ammo shunda haqiqiy qovun sotuvchi ularni toʻxtatib qoladi. Ular Oʻzbekistonda ekanida oʻzbeklar qanchalik mehmondoʻstligi, qilingan yaxshilik javobsiz qolmasligi koʻrsatiladi. Filmda mashhur aktyor Rajab Adashev ham qisqa rol ijro etgan.

Umuman olganda, har bir xalq, davlatga oid qiziqarli voqealar bor. Yana misol: ular Turkiyaga yetganda Odil toʻsatdan serialda rol ijro etishi kerak boʻlib qoladi. Bu, menimcha, Markaziy Osiyo davlatlarida turk seriallari namoyishi koʻpaygani va ular aslida qanday suratga olinayotganiga ishora boʻlishi mumkin.

Qozogʻistonda esa yuk tashuvchi haydovchilar asosiy planga chiqadi. Umuman, Odil va uning onasi borgan joy borki, hammasida odamlarga ularga yordam beradi, chunki ularning maqsadi ushbu xalqlar uchun muqaddasdir. Yana bir jihat shundaki, film hech qaysi bir xalqni xafa qilmaydi.


Odil va uning onasi Qozogʻistondan Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga yetib oladi.

Qahramonlar Suriyaga yetib borganda film kulminatsiyasi va asosiy intrigasi boshlanadi. Suriyada urush boʻlayotgani, u yoʻnalishdagi eng xavfli hudud ekani hammaga ma’lum, ammo Odilni notinchliklar ham toʻxtatib qololmaydi. Suriyalik harbiylar Qozogʻistondan kelgan ikki nafar himoyasiz insonni shunchaki mamlakatga kiritib yuborishi biroz absurd koʻrinishi mumkin.

Suriyaga oid yana bir qiziq jihat bor: rejissyor Suriyadagi jangarilar qatorida va qoʻlida markaziy osiyoliklar, xususan, qirgʻizistonliklar borligini / koʻpligini juda yaxshi koʻrsatib ketgan. Jangarilar qoʻliga tushib qolgan Odil va uning onasini qirgʻizistonlik ayol topib keladi (u majburan terrorchilarga xizmat qilayotgan boʻladi). U ham oʻz vatandoshidan yordamini ayamaydi.

Xulosa

Toʻgʻrisini aytganda, “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi “shedevr” degan yorliqqa loyiq emas, u shunchaki navbatdagi kassabop film. Milliy va diniy qadriyatlar birdek hurmat qilingani, hissiyotlarga ta’sir qilishi film mashhur boʻlishiga yaxshi faktor boʻlib xizmat qilgan, nazarimda. Shuningdek, film marketingi yaxshi olib borilgani uchun ham qiziqish ortib ketdi (blogerlar yopiq premyeradan yigʻlab video olganlarini eslang).

Demak, bu kino koʻrishga arzimaydimi? Yoʻq, arziydi. Bir marta koʻrib qoʻyaverish kerak. Oilaviy koʻrish uchun esa ayni muddao.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov