Oila davrasida tomosha qilish mumkin boʻlgan kinokomediyalar
Afisha.uz har bir oila a’zosiga manzur boʻladigan mashhur komedik filmlarni bir yerga jamladi.
Oilaning katta yoshdagi a’zolari uchun komedik filmlar
“Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi”
Mixail Bulgakov asari asosida suratga olingan film oʻz-oʻzidan juda katta shuhratga erishmagan. Leonid Gayday kinokartinasi haligacha premyera qilingan vaqtdan to bugungi kungacha sevib tomosha qilinadigan kamdan-kam filmlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekcha dublyaj esa filmning jozibasini ikki karra oshirib yuborgan deyish mumkin.
“Brilliant qoʻl”
Odatda “Ivan Vasilyevich kasbini oʻzgartiradi” filmi bilan birgalikda eslanadigan “Brilliant qoʻl” kinokartinasida afsonaviy aktyor Yuriy Nikulin oʻz shedevr obrazlaridan birini yaratgan. Filmdagi ba’zi iboralar kultga aylangan boʻlin, hozirgacha ishlatiladi.
“Ishdagi ishq”
Hamkasblar Anatoliy Novoseltsev va Lyudmila Prokokfyevna oʻrtasidagi noodatiy muhabbat haqidagi film haligacha namoyish etiladi va sevib tomosha qilinadi. Eldar Ryazanov tomonidan suratga olingan kinokartina syujetning originalligi bilan ajralib turadi.
“Qaroqchi chollar”
Shunchaki nafaqaga chiqishni xohlamay misli koʻrilmagan ishlarni amalga oshirib tashlagan qahramonlar haqida hikoya qiluvchi film, albatta, koʻtarinki kayfiyat bera oladi.
“Toʻylar muborak”
Oilaviy komediya mavzusida oʻzbek ijodkorlari ham bir qancha shedevr filmlar yaratgan. Ulardan biri boʻlgan “Toʻylar muborak” kinokartinasi rejissyor Eduard Xachaturov tomonidan suratga olingan.
“Janob 420”
Insonning oʻz vijdoni bilan kurashi haqida hikoya qiluvchi filmda Raj Kapur bosh rolni ijro etgan. Bundan tashqari, oʻzbek tomoshabini Raj Kapurni “Sangam”, “Telba”, “Mening ismim Masqaraboz” filmlari orqali ham taniydi.
Oilaning oʻrta yoshdagi a’zolari uchun komedik filmlar
“Niqob”
Komedik rollar qiroli boʻlgan Jim Kerrining “Niqob” filmi juda mashhur boʻlib, agar shu vaqtgacha koʻrmagan boʻlsangiz dam olish kunlari buning ayni vaqti.
“Qoʻlingdan kelsa tutib ol”
Bu filmda yosh Leonardo di Kaprio va Tom Henksni uchratish mumkin. Bu butun mamlakatni aldab, firibgarlik qilib yurgan maktab bolasining qoʻlga olinishi haqida hikoya qiluvchi filmdir.
“Jek laqabli kenguru”
“Jek laqabli kenguru” filmi 2003-yilda suratga olingan boʻlib, pullari oddiy kenguru tomonidan “oʻgʻirlangan” ikki omadsiz doʻstning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Reytinglarda film bahosi yuqori boʻlmasa ham, kinoni koʻrish davomida yuzingizga tabassum yugurishi aniq.
“Mingta soʻz”
Eddi Myorfi ham xuddi Jim Kerri kabi barcha davrlarning eng kulgili aktyorlaridan hisoblanadi. Uning “Minta soʻz” filmi quruq komediyadan tashqari hayotning ma’nosini izlashga ham yordam beradi.
“Hayot pulti”
Komedik filmlar haqida ketganda Adam Sendlerni eslamaslikning iloji yoʻq. “Hayot pulti” filmi ham nafaqat quruq komediya, balki odamni oʻz hayoti haqida atroflicha oʻylab koʻrishga chorlaydigan filmdir.
“Qora ritsar”
Komedik filmlar orasida tarixiy davrlarga tushib qoladigan odamlar haqidagi kinolar alohida ajralib turadi. Komedik aktyor Martin Lourensning ajoyib ijrosi “Qora ritsar” filmiga boʻlgan e’tiborni oshiradi.
“Suyunchi”
Anzirat buvi, Eshmat va uning farzandlaridan tashkil topgan futbol jamoasi. Bu haqda ishlangan filmni koʻrmagan oʻzbekni topish qiyin. Bayram kunlari rejissyor Melis Abzalov tomonidan suratga olingan shedevrni qayta koʻrishning ayni vaqti.
“Chennay ekspress”
Hind filmlari orasidan ham ajoyib oilaviy komediyalar topish mumkin. Ayniqsa unda afsonaviy Shohruxxonning suratga tushgani sifat darajasini belgilab beradi. Unga partnyor boʻlib, Depika Padukone rol ijro etgan.
Poyezddan tushishga ulgurmay oʻziga notanish Chennay shahriga yoʻl olgan Rahul koʻp sarguzashtlarni boshdan oʻtkazadi.
“Raqs va olmos” / “Yangi yilingiz bilan”
Yana hind filmi, yana Shohruxxon va yana Depika Padukone. Bu safar ular yangi yil bayrami arafasidagi raqs musobaqasiga yoʻl olgan Hindiston terma jamoasi a’zolari haqidagi filmda birlashadi. Ammo ularning maqsadi haqiqatan ham raqs boʻyicha musobaqada qatnashishmikan?
Bolalar uchun komedik filmlar
“Elvin va burunduqlar”
“Elvin va burunduqlar” bolalar uchun ishlangan filmlar orasida klassikaga aylanib ulgurgan. Uning bir nechta qismlari mavjud boʻlib, barchasi takror-takror koʻrishga arziydi.
“Uddaburon bolalar”
“Uddaburon bolalar” filmlar franshizasiga ham yuqoridagi ta’riflarni ishlatish mumkin. Josus bolalar haqidagi kinokartinalar davrida bir necha avlod ulgʻayganini ta’kidlash lozim.
“Doktor Dullitlning sarguzashtlari”
Premyera qilinganiga uzoq boʻlmagan “Doktor Dullitlning sarguzashtlari” filmida bosh rolni yaqinda ilk bor Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan Robert Dauni ijro etgan. Film hayvonlar bilan gaplasha oladigan doktor haqida hikoya qiladi.
“Paddington”
Londonga tashrif buyurgan Paddington laqabli ayiqcha va uning katta shaharga moslashishi haqidagi film. Unda insoniylik, mehr-muhabbat kabi mavzulari koʻtarilganini ham e’tirof etish mumkin.
“Kichik Nikolya”
Bir qarashda, Nikolya hamma kabi bola. Biroq uning doʻstlari bilan boshidan kechiradigan sarguzashtlari haqidagi hikoyalari oʻziga jalb qiladi. Nikolya va uning doʻstlari har qanday joyda misli koʻrilmagan tartibsizliklar va kelishmovchililarkni keltirib chiqaradi.