Xurram Sulton Toshkentda: Meryem Uzerli bilan uchrashuv qanday oʻtdi?
29-mart kuni CAEx Uzbekistan koʻrgazmalar markazida jahonga mashhur turk seriali — “Muhtasham Yuzyil” yulduzi, asosiy qahramonlardan biri, Xurrem Sulton obrazi bilan tanilgan aktrisa Meryem Uzerli bilan katta uchrashuv boʻldi.
Afisha.uz muxbirlari ham tadbirda ishtirok etib, fotoreportaj tayyorladi.
Shu bilan birga, shu kunning oʻzida taniqli “Jo Malone” parfyumeriya brendi asoschisi, britaniyalik tadbirkor, vizajist Jo Malon bilan ham fikr-almashinuv kechasi boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazmalar markazi soat 18:00dan tashrif buyuruvchilarni kutardi. Hozir Ramazon oyi boʻlgani sababli iftorlikka yaqin vaqtda barcha mehmonlarga maxsus-set va osh tortiq etildi. Iftorlikdan soʻng katta zalda musiqiy feshn-shou va taniqli yulduzlar bilan uchrashuvlar dasturdan oʻrin olgandi.
Tadbir Central Asian University (avvalgi Akfa University) talabalarining musiqiy chiqishlari bilan boshlandi.
Shundan soʻng sahnada hozirda yoshlar orasida taniqli motivator-notiq Iroda Utarovaning chiqishi boʻlib oʻtdi. Unda Iroda orzular nima sababdan ushalmasligi, maqsadlarni reallikka keltirishda nimalar toʻsqinlik qilishi va shu kabi yana bir qancha mavzularda oʻz fikrlari hamda ularni yaxshilash uchun maslahatlari bilan boʻlishdi.
Musiqiy dasturni taniqli bloger, teleboshlovchi Xusnora Shadiyeva davom ettirib, oʻzining “Begona sevgim” va “Eslamayman” treklarini kuyladi.
Va kechaning eng noodatiy va “epotaj"ga boy qismiga start berildi. Taniqli xonanda Jahongir Otajonov qoʻshiqlari hamohangligida Zulfiya Sulton brendi ostidagi liboslar namoyishi eng zerikib qolgan tomoshabinni ham befarq qoldirmadi.
Xonandaning “Qaddi baland”, “Oʻynasin”, “Bom bom”, “Chaqasan” qoʻshiqlari fonida podium boʻylab modalar shousi boʻlib oʻtdi.
Shundan soʻng, Jo Malone oʻz nutqi bilan chiqish qildi.
“Oʻzbekiston men kutganimdan va tasavvur qilganimdan ham goʻzal mamlakat ekan. Birinchi oʻrinda, shunday katta tadbirga talabalar bosh-qosh boʻlayotgani va tashkillashtirishda koʻmaklashayotgani meni juda quvontirdi”, — deydi u.
Jo Malon oʻzining mashhur atirlari haqida gapirib berdi, ushbu brendga asos solinishidagi qiyinchiliklar, turmush oʻrtogʻining bunda koʻmagi, saratonga chalinib, remissiyaga oʻtgani, umuman ayol kishi sifatida biznes yuritish, dunyodagi eng mashhur atirlarni ishlab chiqarishda nima qiyinchiliklar boʻlishi mumkinligi haqida soʻzlab berdi, sahnadan turib bir nechta parfyumlarni birma-bir sepdi. Zal juda katta boʻlishiga qaramay, bir necha qatorlargacha ularni ifori sezildi.
“Jo Malone” brendi ostida chiqariladigan parfyumlar Oʻzbekistonning bir nechta doʻkonlarida rasman sotuvda bor.
Musiqiy kayfiyatni xonanda Lola Yuldasheva ulashishda davom etdi. Uning “Sogʻinch”, “Sevgingni menga ayt”, “Qaytmaydi”, “Bilmaysan” treklari muxlisalar joʻrligida yangradi.
Vanihoyat, kechaning eng uzoq kutigan lahzalari kelib, sahnada Meryem Uzerli paydo boʻldi.
“Toshkent va bir-biridan goʻzal insonlar, sizlarni koʻrganimdan xursandman”, — deya Meryem butun zal bilan salomlashdi.
Yarim soat davomida Meryem mehmonlar bilan suhbatlashdi, turli savollarga javob berdi. Ulardan biriga esa alohida toʻxtaldi.
“- Meryem va Xurram Sulton oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor?
— (Kuladi). Umuman olganda, xayolimga darrov uning juda ham koʻp odamlarni oʻldirgani keladi. Aynan shu jihat Meryem bilan umuman bogʻliq emas, men har qanday zoʻravonlikni qoralayman va sizlarni ham shunga chaqiraman".
Meryem Uzerliga oʻzbek oshi yoqdimi degan savolga, u vegetarian ekanligini ta’kidlab oʻtdi.
— Oʻzbek oshxonasi juda rang-barang, qaysidir tomonalaridan bizning turk taomlarimizni ham eslatadi. Meva va sabzavotlarga alohida tasanno.
Meryem ayollar ta’limi, onalilk, karyeradagi qiyinchiliklar, aktrisalik faoliyati va boshqa bir qancha mavzularga toʻxtalib oʻtdi.