"Men hikoyachiman, tarbiyachi emas": Kventin Tarantino aktyorlik mahoratini namoyish etgan filmlar
Kecha 27-mart kuni kinematografiya tarixidagi eng yaxshi rejissyorlardan biri, kinoning katta muxlisi Kventin Tarantinoning tugʻilgan kuni edi. Amerikalik rejissyor 61 yoshga toʻldi.
Rejissyor oʻzining ilk filmi “Reservior Dogs"ni 1992-yilda suratga olgan. Biroq Tarantinoga katta mashhurlik 1994-yilda ishlangan “Pulp fiction” kinokartinasidan keyin kelgan. Shundan soʻng rejissyor yana bir qator kinematografiyaning oltin tarixidan oʻrin olgan filmlar ishlagan. “Kill Bill”, “Kill Bill 2”, “The Hateful Eight”, “Inglourious Basterds”, “Django Unchained” va boshqalar shular jumlasidan.
Kventin Tarantinoning rejissyorlik ishlari, uning filmlari, uslubi, dialoglari-yu, filmlariga tanlaydigan musiqalari haqida koʻp bora yozilgan. Bundan tashqari soʻnggi vaqtlarda Tarantino oʻz yozuvchilik mahoratini ham namoyish etishni boshladi. Bugungi maqolada esa uning yana bir qobiliyati — aktyorlik haqida soʻz boradi. Rejissyor oʻz filmlarida qisqa rollarni ijro etgan. Afisha.uz Tarantinoning rollarini bir yerga jamladi.
1990-yillardagi rollari
Kventin Tarantino oʻzi rejissyorlik qilgan ilk “Reservior Dogs” filmida boshqa kinolariga qaraganda kattaroq rolni ijro etgan. U katta oʻgʻrilikni amalga oshirish niyatida boʻlgan jamoa a’zosi “Janob Jigarrang” (Mr. Brown) obrazini gavdalantirgan va nafaqat rejissyorlik, balki aktyorlik mahorati ham borligini namoyish etgan.
Bundan tashqari 1992-yilda Kventin Tarantino “Eddi Presli” filmida jinnixona xodimi sifatida qisqa rolni ijro etgan.
Tarantino 1994-yilda oʻzining ikkinchi va koʻpchilikning fikriga koʻra, eng yaxshi boʻlgan “Pulp fiction” filmida epizodik rollardan biri boʻlgan Jimmi obrazini gavdalantirgan. U kinokartinada gangsterlar Juls (Samuel L. Jekson) va Vinsentga (Jon Travolta) yordam beradi.
Aynan shu yilda premyera qilingan yana “Sleep with me” filmida Sid rolini ijro etgan boʻlsa, “Somebody to Love” kinokartinasida esa barmen obrazida koʻrinish bergan.
Bundan tashqari Kventin Tarantino seriallarda ham epizodik rollarni ijro etgan. Masalan, 1995-yilda “All-American Girl” serialining birinchi mavsumi 18-qismida Desmond obrazida koʻrinish beradi. Xuddi shu yilda “Destiny Turns On The Radio” komedik-jangari filmida bosh rollardan biri Jonni Destini obrazini ijro etadi.
Umuman olganda Tarantinoning aktyorlik faoliyatida 1995-yilni omadli boʻlgan deb aytish mumkin. Aktyor ushbu yilda yana bir oʻzi uchun sevimli boʻlgan vestern janridagi filmlarda koʻrinish beradi. U “Desperado” va “Four rooms” kinokartinalarida kichik komeolarni ijro etadi.
1996-yilda esa Tarantinoning oʻzi ssenariy yozgan “From Dusk Till Dawn” filmida bosh rollardan birini ijro etadi. Kventin Amerika politsiyasidan qochayotgan Richi Gekko rolini oʻynaydi. Uning Salma Hayek bilan ishtirok etgan epizodi You Tube shorts’larida yoki Instagram’dagi reels’larda juda koʻp bora aylangan.
2000-yillardagi rollari
Rejissyor 2000-yillarning boshida ham kinolarda komeo rollarni ijro etishda davom etgan. Ammo 2001-yilda premyera qilina boshlangan “Alias” seriali birinchi mavsumining 12−13 qismlarida, 2004-yilda uchinchi mavsumning 11 va 13-qismlarida oʻz aktyorlik mahoratini namoyish etgan.
Tarantino oʻzi rejissyorlik qilgan filmlarida ham koʻrinish berishni xush koʻradi. Masalan 2007-yilda chiqqan “Death Proof” filmida Varren rolida, 2009-yilda premyera qilingan “Inglourious Basterds” filmida nemis askari obrazida, 2012-yilda katta ekranlar yuzini koʻrgan “Django Unchained” kinokartinasida Lekint kompaniyasi ishchisi rolida oʻynagan. Bundan tashqari bir qator filmlarda hikoyachiga ovoz bergan.
Maqola boshida aytilganidek Kventin Tarantino kinematografiyaning eng katta muxlisi hisoblanadi. U kinoni shunchalik yaxshi koʻradi-ki, rejissyorlik ishlaridan tashqari juda koʻplab loyihalarda prodyuser, aktyor, ssenarist kabi vazifalarda qatnashgan.
Aynan Tarantino kabi kinoga juda kuchli muhabbat qoʻygan odamgina oʻz ishini ham san’atga aylantiradi va yillar davomida qayta-qayta tomosha qilinadigan shedevr filmlar ishlay oladi.