Feministik ruhdagi "Bechora-baxtsizlar" kartinasida ketish va qaytish falsafasi. Filmga taqriz

E’lon qilingan sana· 888
Feministik ruhdagi "Bechora-baxtsizlar" kartinasida ketish va qaytish falsafasi. Filmga taqriz

“Oskar-2024"da oʻnta nominatsiyaga nomzodi qoʻyilgan va ulardan toʻrttasi: “Eng yaxshi aktrisa”, “Eng yaxshi badiiy postonovka ishi”, “Eng yaxshi grim va turmaklar”, “Eng yaxshi kostyumlar” boʻyicha mukofot olgan “Bechora-baxtsizlar” (“Poor Things”) filmi shu kunlarda kinomanlar diqqat markazida turibdi. Art-xaus, komedik, fantastik, dramatik, syurrealistik, falsafiy-psixologik kartina rejissyor Yorgas Lantimos tomonidan suratga olingan. Bosh rolni taniqli aktrisa Emma Stoun ijro etgan. Film ssenariysi ingliz yozuvchisi Alasder Greyning shu nomdagi romani (1992) asosida yozilgan.

Oʻtgan yili Oskar mukofotining koʻplab yoʻnalishlari boʻyicha taqdirlangan “Hamma narsa har yerda bir vaqtda” kartinasi singari bu ham bir nafasda, kiprik qoqmay koʻriladigan filmlar sirasiga kiradi. Tanqidchilar fikricha, kartina “Barbi” kabi feministik asar. Har ikki qahramon hayotdan ideal oʻrnini qidiradi, ayolning jamiyatdagi rolini ochishga harakat qiladi. Ammo “Bechora-baxtsizlar” chuqur psixologik va falsafiy qarashlarga ega, Bella Barbidan koʻra aqlli va gʻaroyib xarakterli obraz. Film davomida gender muammolariga ham ramziy ishoralar berib oʻtilgan.

Bosh qahramon — yetuk ayol tanasida ulgʻayayotgan goʻdak. (Shu oʻrinda ayol qalbida hamisha bir qizaloq yashaydi, degan qarash ham singdirib yuborilgan). U nima istasa, erishishni xohlaydi: muzqaymoqmi, sayrmi, farqi yoʻq. Oʻz tanasini kashf qilib boradi. Olamni anglash uchun unga uy torlik qila boshlaydi. Hamisha kim ekaniga qiziqadi. Film avvaliga oq-qora tasvirlar bilan boshlanib, borgan sari rang-barang boʻlib boraveradi: xuddi inson ongi kabi. Mazkur makon va zamon kelajakmi-oʻtmishmi, realmi-xayoliymi, anglash qiyin: London, Lissabon, Afina, Parij, Aleksandriya shaharlari manzaralari gʻaroyib, boʻyoqdor va ertakmonand tasvirlangan. Mavzu eski boʻlsada, yondashuv oʻzgacha. Unda inson (ayol) dunyoni va oʻzini anglashga intiladi. Qanday qilsa, hayotni yaxshilash, odamlarga baxt ulashish mumkinligini bilgisi keladi.

Film mazmuni haqida gapiradigan boʻlsak, monster qiyofali, mehribon olim Godvin oʻzini koʻprikdan tashlagan Viktoriya ismli homilador ayol jasadini topib oladi. Tajriba uchun tirik goʻdakni ona qornidan chiqarib olib, miyasini ayolnikiga oʻrnatadi. Shunday qilib, bola oʻz onasi tanasida shakllanadi: gapirishni, yurishni oʻrganadi. Unga Bella deb ism qoʻyishadi. Godvin uni kuzatib tahlil yozib borishi uchun shogirdi Maksni ishga yollaydi. Bella va Maks oʻrtasida iliq tuygʻularni sezgan Godvin ularni unashtiradi. Biroq Bella boshqa erkak bilan tanishadi, dunyoni koʻrishni istaydi va uydan qochib ketadi. Oxir-oqibat turli shaharlarda, turfa odamlarni koʻrib, ongi va hislari shakllanadi.

Bolalikdan katta insonlik davriga qadam qoʻyadi. Ayolning patriarxat jamiyatda oʻzligini izlashi oson boʻlmaydi. Uning shakllanish jarayonida ham deyarli erkaklar ishtirok etadi: ota oʻrnidagi gʻamxoʻr olim, unashtirilgan koʻngli toza yigiti, birga chet elga olib qochib ketgan xotinboz erkak hamda uning tanasining avvalgi egasi boʻlgan vahshiy eri. Umuman, ayolga film davomida oddiy buyumdek qaralgan holatlar koʻp uchraydi: sandiqqa solib kemaga keltirishadi, fohishaxona bekasi soddaligidan foydalanib pul ishlaydi, qasrga qamab qoʻyishadi, Bella oxir oqibat barchasini yengib oʻz shaxsiyatini shakllantiradi, erkini topadi. Jamiki hislarni oʻzida sezib koʻradi: ishtiyoq, ehtiros, alam, achinish, gʻazab, nafrat. Anglash jarayonidan soʻng u xotirjamlikka yetishadi.

Bella odamlar bilan hamisha rost boʻldi, oʻzini izlash yoʻlidan qaytmadi. Taʼlim olish uchun fohishalik bilan shugʻullanib, pul topganini toʻydan oldin qalligʻidan yashirmadi. Aslida uning hayotidagi uch erkak ham Bellani oʻzikini qilishni istardi, lekin ayol to oʻzligini topmaguncha hech kimga rozilik bermadi. Bunday olib qaralsa, filmdagi hamma qahramonlar bechora-baxtsiz. Godvin bolalikda otasining vahshiy tajribalaridan monster qiyofasiga kirgan va saratondan aziyat chekadi. Maks chin dildan sevgan va ardoqlagan Bellasi qandaydir erkak bilan qochib ketganidan iztirob chekadi. Qizni sarguzashtlarga boshlagan xotinboz erkak esa ruhan ojiz, Bella faqat uniki boʻlishini istaydi, ammo erisholmaydi. Hammasining oʻz ogʻriqlari bor.

Yakunda esa dunyoni yaxshilik qutqarib qolmasligi ayon boʻldi: dunyo shunday beshafqat. Bellaning dunyoqarashi oʻsishida kemada uchratgan kampir Marta va tsinik yigitning oʻrni katta boʻldi. Ular qizga ilk marta kitob tutqazishdi. Haqiqiy nochorlar hayotini koʻrsatishdi. Inson dunyoqarashini tasodifiy tanishuvlar tubdan oʻzgartirib yuboradi. Bella shundan soʻng oʻzini topish uchun qadam tashladi. Najot ilmda ekanini angladi. Lekin buning uchun pul kerak. U kun koʻrish uchun tanini sotdi, avvaliga jinsiy hayot unga shavqu zavq ulashgan boʻlsa, keyin maʼnaviy lazzat jismoniy rohatdan ustunligini tushunib yetdi. Eslatib oʻtish kerakki, film oila davrasida tomosha qilish uchun moʻljallanmagan.

Shu tariqa u otasining yoʻlidan borib doktorlikni tanladi. Uyiga qaytdi, qalligʻiga turmushga chiqishga qaror qildi. Biroq kutilmaganda oʻzini koʻprikdan tashlagan Viktoriyaning eri paydo boʻldi, Bella garchi uni tanimasada, tanasining turmush oʻrtogʻi bilan shohona qasrga kirib bordi. U oʻzining avvalgi hayoti qanday boʻlganini doim bilgisi kelardi. Eri unga beshafqat, yovuz boʻlganini, bolalarni yomon koʻrgani uchun tugʻishni istamay oʻzini oʻldirganini aytadi. Bella nima uchun oʻshanda koʻprikdan oʻzini tashlaganini keyin tushunadi: abyuzer, fashist erdan qutulishning boshqa chorasini topolmagan. Razil eri esa bu xatoni toʻgʻirlashni, yaʼni Viktoriya oʻlim topishini istaydi. Ammo qarshisidagi ayol Viktoriya emas, Bella edi: olishuvda u erkakni yengadi. Oʻch olish uchun uning miyasini echkiniki bilan almashtiradi: erkak chindan ham inson emas, hayvon edi.

Bella unga otalik qilgan Godvinni qisqartirib, God (Xudo) deb atardi. Ayolni doim oʻylantirgan savolga faqat u javob beradi olardi: “Sen — oʻz bolangsan va oʻz onangsan, oʻz navbatida ikkovi ham emassan”. Bella butunlay yangi insonligini angladi. Odam avvaliga Xudo bilan edi, soʻng undan ketib oʻzini izladi va yakunda yana Xudoga qaytdi, degan falsafa film qiymatini oshiradi. Yana Nitsshening “Xudo oʻldi” iborasi ham yodga tushadi. Bizga tanish boʻlgan Kim Ki Dukning “Bahor, yoz, kuz, qish va yana bahor”, Ayyub Shahobiddinovning “Oʻtov” kartinalari kabi ushbu film ham azaliy falsafa — ketish va qaytish mavzusi ustiga qurilgan. Ketib kimlar oʻzligini yoʻqotadi, kimlardir topadi.

Bella oʻzligiga erishdi. U qalligʻi bilan oila qurdi, Xudoni qalbida saqladi, taʼlim oldi, marhum otasining kasbini davom ettirdi. “Bechora-baxtsizlar” kattalar uchun qoʻrqinchli ertak. Bella Zolushka, Oppogʻoy, Rapunzel kabi uyidan tashqariga chiqib haqiqiy olamni koʻradi, kurashadi, toblanadi, oq koʻngil yigitga turmushga chiqadi. Xeppi end. Biroq bu baxtli yakunga yetib kelguncha sodir boʻlgan hodisalar — ertaklarda yoʻq. Bu haqiqiy hayot.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova