Dam olish kunlari tomosha qilish uchun 10 ta oʻzbek filmi (+ bonus)

E’lon qilingan sana· 2 242
Dam olish kunlari tomosha qilish uchun 10 ta oʻzbek filmi (+ bonus)

Ertadan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan ketma-ket 3 kunlik dam olish kunlari boshlanadi. Bu uyda, oila davrasida koʻproq vaqt oʻtkazish imkoniyatini beradi. Aynan shu kunlarda “keyinroq koʻraman” deya olib qoʻyilgan filmlarni tomosha qilishga imkon topiladi. Agar sizda bunday roʻyxat boʻlmasa Afisha.uz dam olish kunlarida koʻrish mumkin boʻlgan 10 ta oʻzbek filmi haqida ma’lumot beradi.

“Abdulla Oripov”

Jamlanmani oʻsha mashhur “Sen bahorni sogʻinmadingmi?” jumlasi muallifi haqidagi biografik film bilan boshlaymiz. Oʻzbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning hayoti haqida rejissyor Muzaffar Erkinov tomonidan olingan filmda adibning yoshligi va ijodga ilk qadam qo‘ygan bolalik yillari, ijod namunalarining ilk nashri, shoir bo‘lib shakllanishidagi hissiyotlari va tuyg‘ulari, mashhurlik va Amerikada o‘tgan so‘nggi yillari haqida hikoya qilinadi.

“Evrilish”

Zamonaviy oʻzbek kinolari ichida Yolqin Toʻychiyevning “Evrilish” kinokartinasi muhim oʻrin tutadi. Film bir qator xalqaro kinofestivallarda ishtirok etib, sovrinlar qoʻlga kiritdi.

Syujet bir inson hayotida yuz bergan sinovli lahzalar, ruhiy kechinmalar va Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan urush insonlar taqdirini qay tarzda o‘zgartirib yuborgani haqida hikoya qiladi.

“Kechikkan hayot”

Oʻzbek mualliflik filmlari orasida alohida koʻrsatish mumkin boʻlgan film. Ayub Shahobiddinov 2010-yilda Bobur Yoʻldoshev va Dilnoza Kubayeva bilan birga oʻzbek kinosining shedevri deb e’tirof etishga arziydigan film yaratgan.

“Sevinch”

Yana Bobur Yoʻldoshev bosh rolni ijro etgan filmga toʻxtalamiz. Ammo bu safar uning sherigi Dilnoza Kubayeva emas, balki Lola. Aynan “Sevinch” filmida Lola qoʻshiqchilikdan tashqari aktrisalik mahoratini ham namoyish eta olgan.

“Yaratganga shukr”

Bunday jamlanmalarda rejissyor Zulfiqor Musoqovning filmi boʻlmasa adolatdan boʻlmaydi. Toʻplamga Musoqov faoliyati avvalida suratga olgan va falsafa-yu ramziylikka boy boʻlgan “Yaratganga shukur” kinokartinasini kiritishga qaror qildik. Ortiqcha izohga hojat yoʻq.

“Chantrimore,”, “Dilxiroj”, “Jannat qaydadir”

Ushbu filmlarni bir-biri bilan yozuvchi va kinodramaturg Erkin A’zam bogʻlab turadi ya’ni uchchala kinokartina ham adib asarlari asosida suratga olingan. “Dilxiroj"da yosh Sevinch Moʻminova, “Jannat qaydadir"da esa yosh Asal Shodiyeva obrazlari e’tiborni oʻziga tortadi. “Chantrimore” esa bir yerda tugʻilgan ikki insonni hayot qanchalik oʻzgartirib yuborishi haqida hikoya qiladi. Bundan tashqari har uchchala film ham qayta-qayta koʻriladigan klassik oʻzbek filmlariga aylangan.

“Quduq”

Komik aktyor sifatida biladiganimiz Muhammadiso Abdulxairovni dramatik filmda ham koʻrishga muvaffaq boʻlganmiz. Aynan “Quduq"dan keyin aktyorga nisbatan ishlatiladigan “bir tomonlama” degan norasmiy ayblov olib tashlangan.

“Oʻyin”

Film oʻsha davrda jamiyatdagi xavfli muammoni koʻrsatib berishdan tashqari Ulugʻbek Qodirovni katta auditoriyaga tanishtirgani bilan ham yodda qolgan. Katta ehtimol bilan “Oʻyin"ni koʻpchilik koʻrgan, lekin dam olish bahona yana bir bor tomosha qilishga arziydi.

“Yor-yor”

“Mahallada duv-duv gap” yoki “Maftuningman” kabi filmlar bilan bir xil darajada ishlangan kinokartina. Yosh Baxtiyor televizorda koʻrgan qiz Zulfiyani sevib qoladi va otasi bilan birga uni butun Oʻzbekiston boʻylab izlashga tushadi. Ali Hamrayev rejissyorligidagi kinokartinada bosh rollarni Baxtiyor Ixtiyorov va Soyib Xoʻjayev ijro etgani ham filmning darajasini aytib turibdi.

“Masqaraboz”

“Masqaraboz” 1994-yilda suratga olingan boʻlsa ham yillar davomida takror-takror koʻrishga arziydigan film ekani aniq. Bu yil film oʻzining 30 yilligini nishonlaydi. Bosh omon boʻlsa, doʻppi topilishi haqidagi filmni koʻrish uchun sizga yana qancha sabab kerak?

Bonus: “Parvona” spektakli

Uygʻun asari asosida sahnalashtirilgan “Parvona” spektaklini bemalol klassika deya atash mumkin. Yuqoridagi filmlarni avval koʻrgan yoki dam olish kunlarida boshqacharoq nimadir tomosha qilmoqchi boʻlsangiz “Parvona” spektakli aynan siz uchun.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov