Shoir Maqsud Shayxzoda haqida film suratga olinadi

E’lon qilingan sana· 123
Shoir Maqsud Shayxzoda haqida film suratga olinadi

Ozarbayjonda “O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi, unda bir qator kelishuvlarga erishildi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

Ushbu tadbirlar doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon Kinematografiya agentliklari o‘rtasida shoir, yozuvchi, dramaturg, zabardast olim sifatida dong taratgan Maqsud Shayxzoda haqida film yaratish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv madaniyat kunlarining muhim voqeligi bo‘ldi, deya qayd etmoqda agentlik.

Memorandum Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi kinematografiya agentligi direktori O‘rxan Fikret o‘g‘li tomonidan imzolangan.


“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yilda mamlakatimiz tarixiy shaxslari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 50 ta loyihadan iborat “Tirik tarix” turkumi ostida filmlar yaratish tashabbusini ilgari surdi. 7 yilga mo‘ljallangan dastur loyihasiga kiritilgan filmlardan biri “Maqsud Shayxzoda” qo‘shma kinoloyihasidir.

Ishonamizki, ushbu kinomahsulotlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari qalbidan joy oladi va xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiy madaniy aloqalairni mustahkamlashga hissa qo‘shadi", — deydi Firdavs Abduxoliqov.