Gangsterlar va mafiyalar haqidagi eng yaxshi filmlar

E’lon qilingan sana· 578
Gangsterlar va mafiyalar haqidagi eng yaxshi filmlar

Bugun gangsterlar va mafiyalar haqidagi klassikaga aylanib ulgurgan filmlar haqida gaplashamiz.

Bunday mavzuda qiziqarli filmlar juda koʻp boʻlgani uchun, roʻyxatga qaysilarini kiritish borasida rosa oʻylandik. Yakunda roʻyxatimizga qarasak, ulardan 6 tasida Robert De Niro, 6 tasida Al Pachino, 4 tasida Jo Peshi suratga tushgan. Aslida bu aktyorlarning mafiyalar haqidagi filmlarda ijro etgan rollari bundan ham koʻproq. Bu aktyorlarni boshqacha obrazda tasavvur qilish qiyin (albatta, Jo Peshini biz “Uyda yolgʻiz” filmidagi “yopishqoq oʻgʻri"lardan biri sifatida ham eslaymiz).

Rejissyorlar orasida ushbu roʻyxatimizda Martin Skorseze (4 ta film) va Frensis Ford Koppola (3 ta film) peshqadam boʻldi.

Roʻyxatdagi tavsiyalar faqat filmlardan iborat. Gap shundaki, ushbu mavzuda koʻplab yaxshi seriallar ham olingan (misol uchun, oʻzimizni “Shaytanat”). Bu haqida ham albatta alohida maqola qilishimiz kerak ekan degan fikrga keldim (va, albatta, qilamiz). Hozir esa gansterlar va mafiyalar haqidagi eng yaxshi filmlar bilan tanishamiz, roʻyxatni yoʻqotib qoʻymaslik uchun maqola havolasini saqlab qoʻyamiz.

Choʻqintirgan ota (1972)

The Godfather

Gangsterlar, mafiyalar va uyushgan jinoyatchilik haqidagi kino tarixidagi asosiy filmlardan biri. Koppola Korleone oilasi haqida uchta film suratga olgan va ushbu film trilogiyaning birinchi filmi hisoblanadi.

Umuman olganda, “Choʻqintirgan ota” ta’rifga va maqtovlarga muhtoj boʻlmagan kam sonli filmardan biri.


Yaxshi yigitlar (1990)

Goodfellas

Film oʻz sheriklari Jimmi Konvey va Tommi DeVito bilan birga oʻgʻirlik bilan shugʻullanib keladigan, yoʻliga toʻsqinlik qilgan har qanday odamni osongina oʻldiradigan Genri Xill haqida hikoya qiladi. Martin Skorsezening shedevrlaridan biri.


Irlandiyalik (2019)

The Irishman

Yana Skorseze, yana De Niro, yana Al Pachino… (va yana Jo Peshi). Mafiozi haqida qoyilmaqom film suratga olish uchun boshqa hech narsa kerak emas.

Qariyalar uyidagi Frenk Shiran ismli juda keksa odam oʻz hayotini eslaydi. 1950-yillarda u oddiy yuk mashinasi haydovchisi boʻlib ishlagan, umuman gangster boʻlishni istamagan va jinoyatchi Rassel Bufalino bilan tasodifan uchrashganida, uylarni boʻyovchilarni rassomlar deb oʻylagan. U yigitni qanoti ostiga oladi, unga kichik topshiriqlar bera boshladi va endi irlandiyalik laqabli Frenkning oʻzi ham “rassom”, aniqrogʻi mafiya qotili boʻlib ishlay boshlaydi. Tez orada Rassell uni mashhur kasaba uyushmasi rahbari Jimmi Xoffa bilan tanishtiradi.


Bir zamonlar Amerikada (1983)

Once Upon a Time in America

Rejissyor Serjo Leone tomonidan suratga olingan ushbu film ham XX asr kinematografiyasining eng mashhur asarlaridan biriga aylangan.

Yigirmanchi yillarda, Amerika jazz sadolari ostida dam olayotgan va har bir daydi millioner boʻlishni orzu qilgan paytda, bir necha yigit Nyu-Yorkning xarobalarida uchrashishadi. Ular o‘zlari uchun eng muhimi do‘stlik, burch va adolat ekanini aytib, qasam ichishadi. Koʻp yillar oʻtib, afsonaviy gangsterlar bir-birini himoya qilishadi. Bu voqea Amerikada bir marta sodir boʻlgan …


Kazino (1995)

Casino

Yana bir bor: Skorseze, De Niro, Jo Peshi.

Hech kim Sem Rotshteyn bilan tenglasha olmaydi. Hech kim u kabi pul ishlashni bilmaydi. Hech kim mehnatkash Sem kabi fidokorona va aniq ishlashni bilmaydi. Oʻzining shubhasiz xizmatlari uchun Rotshteyn “As” laqabini oldi. Va shuning uchun mafiya boshliqlari Asga Las-Vegasdagi ulkan hashamatli kazinoni boshqarishni ishonib topshirishga qaror qilishdi. Va Semning ishiga hech kim xalaqit bermasligi uchun mafiozi Rotshteynning bolalikdagi doʻsti Nikki Santoroni, ashaddiy bandit va shafqatsiz bezorini yuboradi.


Choʻqintirgan ota II (1974)

The Godfather Part II

Don Korleone va uning oʻgʻli uchun maqsadlariga erishishda hech qanday toʻsiq boʻlishi mumkin emas. Ular patriarxal Sitsiliya qonunlariga koʻra qurilgan mafiyani juda pragmatik, jiddiy korporatsiyaga aylantirishadi.

Mafiya oilalari haqidagi eng zoʻr filmlardan biri.


Jonni D (2009)

Public Enemies

Jonni Depp, Kristian Beyl, Marion Kotiyyar va qoyilmaqom rejissyor Maykl Mann — ajoyib tandem.

Amerika, 1930-yillar. Jon Dillinjerning qoʻrqmasdan bank oʻmarishlari uni barcha mazlumlar oldida qahramonga va eng yaxshi agent Melvin Pervis hamda FQB direktori Jon Edgar Guverning asosiy nishoniga aylantirdi. Dillinjer toʻdasini hech kim toʻxtata olmaadi. Hech bir qamoqxona uni uzoq vaqt ushlab turolmadi. Kichik Nelson va Elvin Karpis ham qoʻshilgan ushbu toʻdaning sarguzashtlari Guverning fursatdan foydalanib, FQBni mamlakatning asosiy huquqni muhofaza qilish organiga aylantirishiga xizmat qildi.


Afsona (2015)

Legend

Ushbu filmni Tom Xardining benefisi deb bemalol ayta olamiz.

Egizaklar Rejji va Ronni Krey 1960-yillarda Britaniya jinoyat olamining “asosiy vakillari” hisoblanishgan. Aka-ukalar Ist-Enddagi eng nufuzli gangsterlar guruhini boshqargan. Ular qurolli oʻgʻirlik, reket, oʻt qoʻyish, qotilliklar bilan shugʻullanishgan. Faqat egizaklardan biri oʻzining fe’li bilan ikkinchisining yutuqlarini koʻkka sovurardi. Ammo nima boʻlganda ham ular egizaklar…


Raqiblar (1995)

Heat

Rejissyor Maykl Manndan yana bir ajoyib film. Bu ehtimol uning eng yaxshi filmidir. Shunchaki ushbu filmda kimlar suratga tushganini koʻring: Robert De Niro, Al Pachino, Vel Kilmer, Natali Portman, Denni Trexo…

Nil Makkoli Los-Anjelesdagi eng mashhur jinoyatchilardan biri. U eng yaxshi detektiv Vinsent Xanna bilan toʻqnash keladi. Oqibatda, ikkita eng kuchli jamoa oʻzaro toʻqnash keladi.


Murtadlar (2006)

The Departed

Skorsezedan navbatdagi shedevr. Qanchalik shedevr ekanligini tushunish uchun ushbu filmdagi aktyorlar tarkibiga nazar solish yetarli: Leonardo Di Kaprio, Mett Deymon, Jek Nikolson, Mark Uolberg, Alek Bolduin,

Politsiya akademiyasining eng yaxshi bitiruvchilaridan ikkitasi barrikadaning qarama-qarshi tomonidan joy egallashadi: ulardan biri huquqni muhofaza qilish organlari safidagi mafiya agenti, ikkinchisi mafiya ichiga kirib olgan “shpion”. Har biri dushmanni yaxshiroq oʻrganish va yoʻq qilishni oʻz burchi deb biladi, lekin voqealar rivoji qahramonlarning ichki dunyosini oʻzgartirib yuboradi.


Chandiq yuz (1983)

Scarface

1980-yilning bahorida Mariel Harbor porti ochiq edi va minglab kubalik qochqinlar Amerikancha orzu izidan AQShga oqib kelishadi. Ulardan biri Mayamining quyoshli koʻchalariga kelib qoladi. Uning ismi Toni Montana edi. Dunyo uni boshqa nom bilan eslab qoladi — Chandiq yuz.


Gangster (2007)

American Gangster

Bu filmni koʻrish-koʻrmaslik borasida oʻylanib qolsangiz, uning rejissyori Riddli Skott ekanligiga va unda qoyilmaqom aktyorlar Denzel Vashington, Rassel Krou, Josh Brolin suratga tushganiga e’tibor qarating.

Xoʻjayinining oʻlimidan soʻng, Garlemdagi obroʻli jinoyatchining kamtar haydovchisi Frenk Lukas oʻzining jinoiy imperiyasini yaratishga qaror qiladi. U geroin biznesini yoʻlga qoʻyib, uni bevosita Janubi-Sharqiy Osiyodan olib keladi. Lukas oʻzini tadbirkor deb hisoblaydi va bozor iqtisodiyotining barcha qoidalariga koʻra boshqa guruhlar bilan raqobatlashadi, arzonroq narxda yuqori sifatli mahsulotni taklif qiladi. Kuniga million dollar ishlab va oʻzi uchun oʻrnatilgan oʻyin qoidalariga rioya qilgan holda, u butun Garlem qiroliga aylanadi, ammo Nyu-York politsiyasi Richi Roberts allaqachon Frenkning iziga tushgan.


Choʻqintirgan ota III (1990)

The Godfather: Part III

20 yildan keyin Maykl Korleone qonuniy biznesga kirishga qaror qiladi. Biroq, klan ichidagi qarama-qarshilik uni dushman bilan aloqa qilishning avvalgidek qonli usullarini eslashga majbur qiladi.


Don (2006)

Biz hindlarning ushbu filmini ham ushbu roʻyxatdan joy olishga loyiq deb topdik.

Don — giyohvand moddalar sotish bilan shugʻullanadigan mafiya guruhining rahbari. Hindistondagi butun politsiya kuchlari uni qidirmoqda. Bir kuni politsiya bilan mushtlashuvda Don ogʻir yaralanadi va hammayoqqa oʻldirilgani haqida mish-mishlar tarqaladi. Biroq, boshqa barcha toʻda a’zolarini qoʻlga olish uchun, inspektor Dsilva, Vijayni toʻdaga qoʻshilib olishga koʻndiradi. Ammo Dsilva oʻldiriladi. Va endi Vijay toʻdadan chiqish uchun faqat oʻz kuchiga tayanishi mumkin, chunki Dsilva bu sirni bilgan yagona odam edi.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov