“Oltin Humo” milliy kino mukofotining taqdirlash marosimidan reportaj. Gʻoliblar roʻyxati

E’lon qilingan sana· 1 555
“Oltin Humo”  milliy kino mukofotining taqdirlash marosimidan reportaj. Gʻoliblar roʻyxati

Toshkentdagi Kinochilar uyida 25-dekabr kuni “Oltin Humo” milliy kino mukofotining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbiri ushbu tadbirda qatnashib, reportaj tayyorladi.

To‘rt yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Oltin Humo” taqdirlash marosimiga joriy yil ham ko‘plab soha vakillari tashrif buyurdi. Sahna old qatorlarida Rixsi Ibrohimova, Mukambar Rahimova, Tesha Mo‘minov, Afzal Rafiqov, Turg‘un Azizov, Zulfiqor Musoqov singari kino, teatr va dublyaj afsonalarini ko‘rish mumkin. Tadbirga kino va teatrning yosh ijodkorlari ham tashrif buyurdi.

Marosimni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ochib berdi.

Shundan so‘ng, o‘zbek kinematografiyasida o‘chmas iz qoldirgan kinoijodkorlar xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yil kinotaqdimot tashkiliy qo‘mitasiga davlat va nodavlat kinostudiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami 40 ta, xususan, 4 ta animatsion, 15 ta hujjatli, 21 ta badiiy filmlardan arizalar qabul qilingan. Ushbu filmlar ijodkorlarining eng yaxshilari an’anaviy 17 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

Tadbir boshida o‘zbek dublyaj qirolichasi, O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovaga o‘zbek kinosiga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin Humo” mukofoti topshirildi.

Shuningdek, “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti quyidagi nominatsiyalar boʻyicha oʻz egalariga topshirildi:

  • Eng yaxshi hujjatli film: “Umar Kamoliddin Sayyid Shamsiddin”, rejissyorlar Husan Rashidov, Ilhom Muhammadibrohimov;
  • Eng yaxshi animatsion film: “II renessans, Amir Temur”, rejissyor Odilxoʻja Mahamadov;
  • Eng yaxshi kompyuter grafikasi: “Quyosh ta’mi” filmi uchun Vitaliy Borodkin;
  • Eng yaxshi ovoz rejissyori: “Doktor Abdullayev” filmi uchun Komil Tursunboyev;
  • Eng yaxshi montaj ishi: “Evrilish” filmi uchun Xurshid Alixoʻjayev;
  • Eng yaxshi grim rassomi: “Oʻzbek qizi” filmi uchun Galina Ivanova;
  • Eng yaxshi libos boʻyicha rassom ishi: “Abdulla Oripov” filmi uchun Nigora Poʻlatova;
  • Eng yaxshi rassom ishi: “Oʻzbek qizi” filmi uchun Akmal Saidov;
  • Eng yaxshi kino bastakori: “Puankare” filmi uchun Qosim Muinzoda;
  • Eng yaxshi operatorlik ishi: “Evrilish” filmi uchun Rustam Murodov, Jamshid Gʻaniyev;
  • Eng yaxshi ssenariy: “Yakshanba” filmi uchun Shokir Xoliqov;
  • Eng yaxshi rejissyorlik ishi: “Yakshanba” filmi uchun Shokir Xoliqov;
  • Eng yaxshi ayol roli: “Sudya” filmidagi roli uchun Shodiya Abduqodirova;
  • Eng yaxshi erkak roli: “Doktor Abdullayev” filmidagi roli uchun Rustam Karimov;
  • Yilning eng yaxshi filmi: “Oʻzbek qizi” filmi uchun Akbar Bekturdiyev;
  • Tomoshabin mehrini qozongan film: “Abdulla Oripov” filmi uchun Muzaffarxon Erkinov.

Har bir nominastiya gʻoliblariga “Oltin Humo” maxsus stauetkasi topshirildi. Ularning har biriga 25 million soʻmdan pul mukofoti berilishi ham ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya Abduqodirova “Sudya” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi ayoli roli” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

“Bu nominatsiyaga qaysi aktrisalar nomzod sifatida ko‘rsatilganidan xabarim yo‘q edi, ular ro‘yxati bilan bugun tanishdim. Mukofotga loyiq ko‘rilishimni esa umuman kutmagandim. Aslida nominatsiyaga qo‘yilgan nomzodlarning barchasi mukofotga arziydi. Lekin o‘zim aynan „O‘zbek qizi“ filmiga muxlislik qildim va unda bosh rolni ijro etgan aktrisa Aysanem Yusupova mukofot oladi, degan taxminda edim. Chunki filmning o‘zi, ssenariy ham va aktrisa ijrosi ham yaxshi edi. Aysanem mukofotga munosib nomzod va chiroyli qiyofaga ega aktrisa edi. Ammo „O‘zbek qizi“ eng yaxshi film deb topilganidan ham judayam xursandman, bu katta e’tirof”, — dedi Shodiya Abduqodirova.

“Choy” nomli qisqa metrajli filmi bilan tanilgan rejissyor Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi ikkita nominatsiyada g‘olib deb topildi.

“Mazkur filmim „Eng yaxshi rejissyor ishi“ nominatsiyasida g‘olib bo‘lishini kutgan edim. Ammo „Eng yaxshi ssenariy ishi“ nominatsiyasiga ham munosib ko‘rilishi hayolimga ham kelmagandi. Chunki „Yakshanba“ orqali o‘nlab xalqaro kino festivallarda faqat eng yaxshi film va eng yaxshi rejissyorlik ishi bo‘yicha mukofotlarni qo‘lga kiritgandim. Ssenariy bo‘yicha ilk bor bugun taqdirlandim. Bu mukofotlarning barchasi ijodiy jamoamizning yutug‘i, mehnatlarimiz mevasi, deb hisoblayman”, — dedi Shokir Xoliqov.

Uning aytishicha, u “Evrilish” filmi rejissura ishi bo‘yicha mukofotga loyiq ko‘riladi, deb oʻylagan. “Chunki juda kuchli va murakkab film”. Ammo bu film boshqa ikkita nominatsiyada gʻolib boʻldi, — dedi rejissyor.

Marosimda Uchqun Tillayev-Dilnoza Kubayeva, Muhammadiso Abdulhairov-Nigora Karimboyeva, Shohruh Hamdamov-Sitora Farmonova kabi taniqli aktyor va aktrisalar boshlovchilik qildi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov