"Warner Bros. Oʻzbekistonga ishonch bildirgani – katta yutuq": "Akvamen 2" filmini oʻzbekchaga o‘girgan tarjimon Nodirabegim Ibrohimova bilan intervyu
Avvalroq xabar berganimizdek, 21-dekabr kuni O‘zbekiston kinoteatrlarida “Akvamen va yo‘qotilgan qirollik “blokbasterining premyerasi boshlanadi. Birinchi marta o‘zbek dublyajida bunday masshtabdagi film tomoshabinlarga namoyish etildi.
Afisha.uz muharriri mazkur katta loyihaning asosiy qahramonlaridan biri, filmni toʻliq oʻzbek tiliga oʻgirgan — tarjimon Nodirabegim Ibrohimova bilan suhbatlashdi.
Adiba, tarjimon va jurnalist Nodirabegim Ibrohimova 1989-yil 18-iyulda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida tugʻilgan. 2007−2011 yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Nasr va tarjima yoʻnalishida ijod qiladi. Hikoyalari Rossiya, Ukraina, Hindiston, Pokiston, Peru, Meksika, Vyetnam, Chili, Turkiya kabi davlat adabiy nashrlarida turli tillarda chop etilgan.
Yozuvchilar uyushmasining 2016-yilgi “Isteʼdod maktabi” VIII yosh ijodkorlar seminarida nasr yoʻnalishida faol qatnashgan. Ijod fondi tomonidan 2017-yilda “Yoningdagi baxt” hikoyalar toʻplami 10 ming nusxada chop etilgan. Shuningdek, “Jodugar yoxud ming yillik hayot” va “Zulm va muhabbat”, “Men, dadam va Altsgeymer” nomli mualliflik asarlari, “Dunyodagi eng baxtli odam”, “Toʻy sovgʻasi”, “Hayotning besh tortigʻi”, “Dunyolar jangi”, “Mehribon dev” kabi tarjimalar toʻplami nashr etilgan.
2017-yil soʻnggida Yoshlar ittifoqi mukofotining nasr yoʻnalishi boʻyicha “Yilning eng yaxshi yosh ijodkori” yoʻnalishida gʻolib boʻlgan. 2018-yilda “Amarantus” adabiy agentligi tomonidan oʻtkazilgan tanlovda oʻzbek tilidan ingliz tiliga oʻgirilgan “Eng yaxshi tarjima” nominatsiyasida 1-oʻrinni egalllagan.
2021-yil Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Yilning eng yaxshi asari” tanlovida ragʻbatlantiruvchi mukofot bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
2023-yilda S.Kingning “Keyin”, A.Dostoyevskayaning “Xotiralar”, U.Gurumning “Forrest Gamp” va V.Vulfning “Shaxsiy xona” asarlarini oʻzbek tiliga mohirona tarjima qildi.
Tarjima (tarjimashunoslik) sohasiga qanday kelgansiz?
— Maktab paytida ingliz tili oʻquv markaziga qatnardim. U yerda moʻjaz kutubxona boʻlardi. Oʻshanda ilk marta hikoyalarni asliyatda oʻqib katta zavq olganman. Ular orasida Rozmari Borderning “Pianinochi” degan kichik qissasi ham bor edi. Shuni oʻqib chiqqach, ingliz tilimni rivojlashtirish uchun tarjima qilib koʻrgim keldi. 9-sinfda oʻqirdim. Oʻzimcha oʻgirdim. Yana qiziqish ustida qoʻlyozmani gazetaga ham joʻnatdim. Kutilmaganda, u bosilib chiqdi. Quvonchim cheksiz edi, matbuotda ilk chiqishim mana shunday boshlangandi. Oʻzimga ishonchim ortdi, oʻquv markazini bitirib universitetga kirgach ham internetdan inglizcha hikoyalarni topib tarjimani davom ettirdim. Keyin onalik taʼtillarida ham uyda bekor oʻtirmaslik uchun asosan tarjima buyurtmalar bilan ishlardim, asosiy daromad manbaim shu edi. Hozirgacha 100 dan oshiq hikoya, oʻnga yaqin qissalar, toʻrtta romanni ingliz va rus tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qildim. Barchasi nashriyotlar tomonidan kitob holida nashr qilingan, kitobxonlardan iliq fikrlar tinglab bu sohani tanlab adashmaganimdan xursand boʻlaman.
“Akvamen 2” — sizning ilk kino-tarjimaningiz. Asosan juda katta mashhur kitoblarni oʻzbek tiliga oʻgirgansiz. Yangi tajriba qiyin boʻlmadimi?
— Toʻgʻri, oʻn besh yildan beri faqat badiiy asarlar, kitoblar tarjimasi bilan shugʻullanganman. Kino sohasidan taklif tushgach, oʻzimni sinab koʻrishim kerak deb oʻyladim. Bir nechta tarjimonlarga film treylerini tarjima qildirib koʻrishdi va meni tanlab olishdi. Kitobdan koʻra ancha farq qilarkan. Dialoglarda qochirimlar, tagmaʼnoli soʻzlar, iboralar boʻladi, ularni anglab olish, oʻzbek tilidagi muqobilini topish kerak. Oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor. Jamoa bilan imkon boricha sifatli boʻlishiga harakat qildik. “Akvamen"ning birinchisi qiziqib koʻrganman, shuning uchun qiziqib, berilib tarjima qildim. Yana “Forrest Gamp” filmini ham juda yaxshi koʻrib tomosha qilgandim, shu bois uning kitobini ham tarjima qildim. Yaqinda nashrdan chiqadi. Kino va kitob bir biridan katta farq qiladi. Ayrim kinolar kitobdan yaxshi chiqadi, ayrim kitoblar kinodan afzal.
“Akvamen 2” oʻzbek tiliga tarjima qilinib, kinoteatrlarda qoʻyilgan ilk Hollivud filmi. Taklif qayerdan tushgan va jarayon qanday kechgan?
— Filmning Oʻzbekistonda namoyish qilinishi Warner Bros. kompaniyasining rasmiy vakili Interfilm Uzbekistan tomonidan amalga oshirilgan. Loyiha Warner Bros. tomonidan moliyalashtirilgan. Dublyaj rejissyori Kamil Tursunbayev. Dublyaj ustida ProDublaj studiyasi boshchiligidagi 40 dan ortiq aktyorlar guruhi ishtirok etgan. Filmga Behzod Muhammadkarimov, Alisher Uzoqov, Laziza Azizzoda, Boir Xolmirzayev, Elyor Nosirov kabi taniqli ijodkorlar ovoz berishgan. Markaziy Osiyoda faqatgina Oʻzbekistonda premyera qilindi. Agar loyiha oʻzini oqlasa, kelgusi blokbasterlar ham oʻzbek tilida namoyish etiladi.
Nima deb oʻylaysiz, nima uchun shu paytgacha chet el filmlarini tarjimasiga qoʻl urilmagan (aynan kinoteatrlardagi namoyishi uchun)?
— Ilgari kinoteatrlar kam edi, auditoriya ham yetishmas edi. Hozir Toshkentning har burchagidan kinozallarni topish mumkin. Agar kinomanlar zallarni toʻldirib tomosha qilishiga ishonch boʻlmasa loyihaga qoʻl urilmas edi. Kompaniyaning Oʻzbekistonga ishonch bildirib uni premyera qilayotgani yurtimiz uchun katta yutuq. Buni oqlash uchun filmni koʻproq targʻib qilish, norasmiy tarjimasini internetda tarqatmaslik, qaroqchilar tomonidan yozib olinmasligi zarur. Kino sohasi yildan yilga rivojlanib bormoqda. Yaqinda prezidentimiz ham bu sohani rivojlantirish uchun bir qator koʻrsatmalar berdi, Cinema Park quriladigan boʻldi. Endi oʻz navbatida nafaqat jahon filmlarini tarjima qilish, balki milliy filmlarimiz rivoji uchun ham jiddiy harakat qilish lozim.
Film tarjimasi paytida senzuraga ham duch keldingizmi?
— Yoʻq, toʻliq tarjima qilindi. Xorijiy mutasaddilar hech bir soʻz tushib qolmasligini nazorat qilib borishdi.
Filmning tarjima bilan muvaffaqiyati haqida nima deya olasiz?
— Bu savolga tomoshabinlardan javob kutamiz. Film tarjimasi toʻrt marta qayta ishlandi, sababi xorijdan bosqichma bosqich toʻrt versiyasi taqdim etildi, har gal oʻzgarishlar boʻlardi. Ilk tajribada kamchiliklar boʻlishi mumkin, keyingilarida mukammal boʻlishiga harakat qilamiz.
Tarjima qilish bilan shugʻullanib, taxminan qancha pul topish mumkin?
— Hamma tarjimonda har xil. Tajribasiga, mahoratiga, tezkorligiga qarab qalam haqi oshib boraveradi. Bir bet matnni taxminan 40 mingdan 100 minggacha tarjima qilishadi. Oʻrtacha hajmdagi kitoblar tarjimasi uchun 10 mln atrofida gonorar olish mumkin. “Jahon adabiyoti” jurnalida ham hikoyalar tarjimasi uchun yaxshi qalam haqi ajratishadi. Tarjimonlar bemalol uyda oʻtirib ishlab ham daromad olsa boʻladi. Masalan, oʻzim ham asosan uyda tarjima bilan shugʻullanaman.
Keyingi filmlar tarjimasi haqida ham ma’lumotlar bormi?
— Loyiha oʻzini oqlasa, 2024−2025 yillarda Warner Bros’ning “Dyuna: Ikkinchi qism”, “Godzilla va Kong: Yangi imperiya”, “Furioza: Mad Maks yilnomalari”, “Joker: Ikki kishi uchun telbalik”, “Supermen: Meros”, “Betmen. 2-qism” kabi filmlar ham taqdim etilishi mumkin.
Yangi yildagi maqsadlaringiz?
— Kelasi yilda asosan ilmiy ishim bilan band boʻlmoqchiman. Yana bir necha tarjima kitoblarni koʻzlab qoʻyganman.
Afisha.uz kuzatuvchilariga tilaklaringiz.
— Oʻzingiz sevgan kasb, hunar, ish bilan mashgʻul boʻling, bu yil erishgan yutuqlaringiz kelasi yilda ham davom etsin. El nazaridagi ziyoli insonlar safida boʻling. Yaxshiliklar yor boʻlsin.