"Bollivud qiroli" 58 yoshda: Shohrux Xon filmlaridagi mashhur saundtreklar
Ko‘pchilik Hindiston deganda Toj Mahal yoki milliard aholisi bor mamlakatni emas, hind kinolari, ulardagi raqslarni ko‘z oldiga keltirishi tabiiy. Hind kinolarida bir juda taniqli shaxs bor, aktyor. Aksariyat odamlar — yosh-u qari uni juda yaxshi taniydi, ayniqsa o‘rta yoshdagilar u rol ijro etgan kinolarni sevib tomosha qilgan. U butun boshli hind kinolaridan-da ustun turar balki. Uning ismi Shohrux Xon (“va u terrorchi emas”). U bugun, 2-noyabr kuni 58 yoshga to‘ldi.
Shohrux Xon “Bollivud qiroli” bo‘lish yo‘lidagi birinchi qadamlarini 1980-yillar oxirlarida tashlagan. Bollivuddagi debyuti 1992-yilda “Devona” filmi bo‘lgan, Xon unda Rishi Kapur bilan rol ijro etgan. Shundan keyin Shohrux Xon yana bir qancha mashhur romantik filmlarda suratga tushgan, masalan, “Sevishganlar”, “Gohi shodlik, gohi g‘am”, “Vir va Zara”, “Devdas” va “Om Shanti Om” kabi filmlar shular qatorida.
Shohrux Xon karyerasi davomida Oskar kabi yirik mukofotlar bilan taqdirlanmagan, ammo Hindistonning o‘zida bir necha marotaba “Eng yaxshi aktyor” sovrini va bir qancha yo‘nalishlarda yana boshqa mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Ammo, nazarimda, Shohrux Xonga hech qanday Oskar shart ham, kerak ham emas. U — “o‘lchov birligi”. Xuddi futboldagi Pele (yoki o‘zimizdagi Sherali Jo‘rayev) kabi, Messi va Ronaldu bir-biriga ko‘p solishtiriladi, lekin ular yoki boshqa ajoyib o‘yinchilar Pelega solishtirilmagan. Agar solishtirilsa ham, Pelening buyukligi hech qachon inkor qilinmagan.
Mavzudan chalg‘ib ketdik. Tirik afsona 58 yoshda (aytgancha, uning tug‘ilgan kunida minglab odam uyi yonida to‘planadi), demak bu degani — uning ishtirokida saundtreklarni eslab o‘tishning ayni vaqti. Afisha.uz Shohrux Xon rol ijro etgan filmlardagi eng mashhur saundtreklarni bir joyga jamladi.
Diqqat! Ushbu kliplar ketma-ketligini ish vaqtida yoki bemalol raqsga tushish / siqilish / nostalgiya qilish imkoni yo‘q paytlarda ko‘rish tavsiya etilmaydi. Lekin albatta o‘qishingiz shart.
Aytgancha, quyidagi qo‘shiqlarni Shohrux Xonning o‘zi ijro etmagan. Taronalarni turli mashhur qo‘shiqchilar aytishgan. Hatto amerikalik reper Akon (ha, o‘sha “Smack that”) ham Xon rol o‘ynagan “Ra One” filmiga saundtrek kuylagan.
“O‘g‘irlanmagan kelin”
Ruslarda bir yaxshi jumla bor: “Как же без этогo?!”. Ya’ni bu “pleylist"ni “O‘g‘irlanmagan kelin"dagi “Tujhe Dekha Toh” qo‘shig‘isiz boshlashning iloji yo‘q edi — Xon muhlislari bizni kechirmasdi.
“Firibgar”
1993-yilda suratga olingan ushbu myuzikl-melodramma Shohrux Xonning mashhurligini bir bosqich yuqoriga olib chiqqan, ayniqsa O‘zbekistonda. Aynan ushbu kartinadan keyin ko‘plab o‘zbekistonliklar Xon obrazini tanigan.
“Vir va Zara”
2004-yilda e‘lon qilingan afsonaviy filmdagi ushbu qo‘shiqni ko‘pchilik eslasa, sevib tinglasa kerak. O’sha paytlardagi ringtonlar orqali ham ushbu tarona juda yaxshi tanilgandi. Hozir quyidagi linkni bossangiz birdan qadrdoningizni ovozini eshitgandek bo‘lasiz — ortiqcha izoh shart emas.
“Men bormanku”
Nostalgiya qilib bo‘lgan bo‘lsangiz, endi raqsga tushamiz, azizlar! Gori Gori!
“Om Shanti Om”
Yana bir “ringtonlar yulduzi”. Birinchi notalaridanoq miyada so‘zlari (garchi odam tushunmasa ham) aylanadigan ushbu qo‘shiq Shohrux Xon ijrosidagi afsonaviy filmlardan biri — “Om Shanti Om"dan. Ma’lumot uchun, ushbu film 2007-yilda suratga olingan.
“Om Shanti Om"dan sho‘xroq qo‘shiq kerakmi? Mana:
“Muhabbat qissalari”
2000-yillarga qaytamiz. Xon filmlari dunyoni zabt etishni boshlaganda yana bir mashhur film suratga olingan — “Muhabbat qissalari”. Undagi Bollivud “qiroli” va Ayshvaria Rayning ijrosini ko‘pchilik eslasa kerak. Lekin undagi quvnoq qo‘shiqnichi?
“O‘tkinchi dunyo”
Preity Zinta va Saif Ali Xonlarni ham ko‘pchilik eslasa kerak, ayniqsa, trioning “O‘tkinchi dunyo” filmidagi rollarini. Klip va qo‘shiq kinoning, vaziyatning kayfiyatini ajoyib tarzda ochib beroladi. “Kal Ho Naa Ho”!
“Sevishganlar”
Bu film 2015-yilda suratga olingan. Uning saundtreki haligacha ijtimoiy tarmoqlarda trendda. “Janam, Janam, Janam” deb boshlanadigan trek sizga tanish tuyulishi aniq.
“Gohi shodlik, gohi g‘am”
Yana raqsbop qo‘shiq. Bu kinoda Bollivudning eng kuchli aktyorlari tarkibi yig‘ilgan, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi: Abitabh Bachchan, Jaya Bachchan, Hritik Roshan, Karina Kapur, Kajol va Shohrux Xon. Kino haqida ko‘p gapirib o‘tirish shart emas, shundoq ham ko‘pchilik qayta-qayta ko‘rgan. Hozir, afsonaning tug‘ilgan kunida bu qo‘shiqqa yayrab raqsga tushishning ayni vaqti.
“O‘g‘irlanmagan kelin”
Kinoning nomi ko‘p narsani aytib turibdi. Lekin yana bir-ikki fakt aytib o‘tmoqchimiz (keyin bemalol qo‘shiqni eshitsangiz bo‘ladi): film 1995-yilda suratga olingan va ming haftadan ortiqroq — salkam 20 yil davomida dunyo kinoteatrlarida namoyish etilgan, oxirgi namoyish 2015-yilning 19-fevralida bo‘lib o‘tgan. Film dunyo bo‘ylab kino ijarada 19 mln dollar daromad topgan. Endi qo‘shiqni eshitsangiz, nostalgiya qilsangiz bo‘ladi.
“Ravan”
Amerikalik reper Akon (ha, bu o‘sha Eminem bilan “Smack that” duetini kuylagan shaxs) hindcha qo‘shiq kuylaganini eshitganmisiz? Agar yo‘q bo‘lsa, quyidagi havola orqali eshitishingiz mumkin.
“Izhorsiz muhabbat”
Oh, bu hind raqslari… Musiqa alohida mavzu. Bu saundtreklarga reaksiya qilmay turolmaysiz — sho‘x bo‘lsa, o‘ynaysiz, g‘amgin, sokin bo‘lsa, birga qo‘shilishib o‘sha kayfiyatni his qilasiz. Bu — musiqa kuchi.
“Chennayi ekspress”
Yana bir raqsbop qo‘shiq — Bollivud qirolining tug‘ilgan kuni o‘zi sevganidek raqsga tushib o‘tkazilishi kerak, nima dedingiz? “Chennayi ekspress” ham nisbatan yangi film, 2013-yilda suratga olingan. Unga ishlangan qo‘shiqni ta’riflashga hojat yo‘q — raqsga tushib qolish kerak (uzr, buyog‘iga muharririmiz davom etolmaydi, raqsga tushishga ketdi). One, two, three, four!
“Yangi yilingiz bilan” kinosida ikkita ajoyib lavha bor: biri Shoxning qo‘shiq kuylayotgani, ikkinchisi esa film yakunidagi Shohruxning original raqsi. Vaqt bo‘lsa, kinoni ham ko‘ring.