Afsonaviy “Temir xotin”ning qozoqcha talqini premyera qilindi

E’lon qilingan sana· 791
Afsonaviy “Temir xotin”ning qozoqcha talqini premyera qilindi

1990-yilda suratga olingan “Temir xotin” filmi qozog‘istonlik kinoijodkorlar tomonidan qayta suratga olindi. 10-oktabr kuni Toshkentdagi Kinochilar uyida “Yap-yangi Alomatxon” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek va qozoq kinosi vakillari qatnashgan taqdimotdan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.

2022-yilda “Mandarin pictures” studiyasi tomonidan suratga olingan “Yap-yangi Alomatxon” (Robot ayol) filmida bosh rollarni qozog‘istonlik mashhur aktyorlar: Quvandiq Shokirjonov, Yulduz Abdukarimova, Abunasir Serikov va Romani Rauan ijro etgan.

Film rejissyori Baxit Jiyenal “Temir xotin” klassik filmining yangicha talqinda suratga olinish sabablari haqida gapirarkan, shunday dedi:

“Temir xotin"dagi hazillar ham, muammolar ham, odamlar yashash tarzi ham qozoq xalqiga yaqin bo‘lganligi hamda bu kartinani yoshligimdan sevib tomosha qilganligim uchun uningyangicha talqinini suratga olishga qaror qildim. Filmning ssenariy muallifi, taniqli o‘zbek dramaturgi Sharof Boshbekovning oila a’zolari bilan gaplashib, mualliflik huquqi masalasini hal etdik. “Yap-yangi Alomatxon"ni o`tgan yili suratga olganmiz. Syomka jarayonlari Chimketndagi O‘zbekistonga yaqin tog‘li qishloqlarning birida yigirma kun davom etdi. Hozirgi zamonga mos ayrim sahnalarni ham kiritdik. Lekin ssenariyning umumiy maqsadi saqlangan. Biz ishlagan variantni Qozog‘istonda tomoshabinlar juda yaxshi kutib olishdi. O‘zbek xalqiga ham ma’qul keladi, degan umiddamiz”, — dedi film rejissyori Baxit Jiyenali.

Film dublyaj rejissyori Nilufar Isayevaning qayd etishicha, qahramonlarga ovoz berish uchun o‘zbekistonlik taniqli aktyorlar o‘rtasida kasting o‘tkazilgan.

“Kinoni suratga olgan jamoa rahbarlari xalq taniydigan aktyorlar dublyajda ishtirok etishini so‘rashdi. Shu sababli kasting o‘tkazdik va bosh qahramonlarga el suygan aktyorlar: Muhammad Iso Abdulhayirov (Qo‘chqor aka), Dilnoza Kubayeva (Alomatxon), Mirzabek Xolmedov (Dosay), Muqaddas Xoliqova (Dosayning xotini), Alisher Uzoqov (Olimtoy), Saida Rametova (Qo‘chqor akaning xotini) ovoz berishdi”, — dedi u.

Taqdimotda qatnashgan jurnalist Feruza Xayrullayevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu film O‘zbekiston kinoprokatida muvaffaqiyat qozonishi qiyin.

“Chunki afsonaviy “Temir xotin"da yuk bor edi, unda ijtimoiy muammolar ko‘tarilgandi. Lekin qozoq kinoijodkorlar suratga olgan “Yap-yangi Alomatxon"da ayrim maishiy muammolar aks etgan xolos. Dramaturg Sharof Boshbekov aytmoqchi bo‘lgan gaplarni tomoshabin umuman ko‘rmaydi. Yana bilmadim, balki komediya sifatida o‘z tomoshabinini topar. Ammo komediya sifatida ham katta yutuqqa ega emas”, — dedi u.

Yana bir jurnalist Sharofiddin To‘laganov film haqida gapirarkan, u mazkur kinodan o‘zbek ruhini qidirish kerakmasligini aytdi.

“Umuman olganda film yaxshi. Lekin bu kinoni yoqtirmaganlar ham bo‘lishi mumkin. Chunki hammaning miyasida o‘zbek temir xotini qolib ketgan. Agar shu nuqtayi nazardan qarasak, “Yap- yangi Alomatxon” hech kimga yoqmasligi tabiiy. Filmdan o‘zbek ruhini qidirish kerak emas. Unda Qozog‘iston ruhi va muammolari bor. “Yap-yangi Alomatxon"ni ko‘rmoqchi bo‘lsak, miyamizdan o‘zbek “Temir xotini"ni chiqarib tashlab, qozoq qardoshlarning ijod mahsulini tomosha qilish lozim. Shunda yaxshi bir film suratga olinganini sezamiz”, — dedi jurnalist.

“Temir xotin” filmida Qo‘qchor aka rolini o‘ynagan O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning rafiqasi Nafisa Rajabova ham kino borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Film yaxshi chiqqan. Unda hozirgi davr muammolari ko‘tarilgan. Aktyorlar ham rolini maromida ijro etgan. Ayniqsa, Qo‘chqor aka rolini o‘ynagan aktyor ijrosi menga juda yoqdi. Ikkala film o‘rtasida katta farq yo‘q, chunki mavzu bitta. Lekin qozoq birodarlarimiz hozirgizamonga moslab ishlashgan, bugungi davr ruhi bor. “Temir xotin"da esa qishloq hayoti, paxta muammosi, ayollar matonati tasvirlangan”, — dedi Nafisa Rajabova.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov