“Hokim buva”, o‘zbek kinochiligi, Gollivud va Bollivud — Sarvar Karimov bilan katta intervyu
Afisha.uz'ning navbatdagi mehmoni — “Sehrli qalpoqcha” filmi, “Hokim buva” seriali bilan ko‘pchilikkka tanish bo‘lgan rejissyor Sarvar Karimov.
Biz u bilan yaqinda e’lon qilingan “Hokim buva” seriali, suratga olish jarayoni, serialning sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qanchalik aloqasi borligi, o‘zbek kino sanoatining hozirgi holati va buning sabablari, Gollivud va Bollivud, sun’iy intellektning kino sanoatiga ta’siri, “Oppenhaymer” nega Oskar olishi kerakligi va ko‘plab boshqa qiziqarli mavzularda suhbatlashdik.
Sarvar aka, sizni Afisha.uz studiyasida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Sizga beradigan savollarimiz ko‘p, lekin “Hokim buva” serialidan boshlaymiz. Serial g‘oyasi kimga tegishli?
— Biz Shukullo Isroilov bilan anchadan beri ishlaymiz. Klipda ham ishlaganmiz, reklamalarda ham ishlaganmiz. Shukur aka oldindan aytardilar “kinomi, serialmi qilmaymizmi?”, derdilar. Keyin, xo‘p aka, Xudo xohlasa, nasib qilsa qilarmiz, deb aytib yurardim. Keyin ijodiy uchrashuvlarda, “съёмка” paytlarda ko‘rishganimizda gapdan gap chiqib mana shunaqa fikr tug‘ilgan ikkalamizda. Keyin, bo‘ldi aka, keling harakat qilamiz, dedilarda, ular prodyusserlikni bir qismini bo‘yniga oldilar, bir qismini men oldim. Bu shunaqasiga Shukur aka ikkalamizni bir ijodiy tandemimiz, desa bo‘ladi.
Ssenariyni ssenarist Elvira Hasanova bilan hamkorlikda yozganmiz. Asosiy g‘oyasini, boshqasini o‘zim berganman, ular ko‘proq personajlar bilan yordam berganlar va ko‘proq skriptdoktorlik qilganlar.
Serial suratga olish jarayonlar qancha davom etgan, orada, adashmasam, pandemiya bo‘lib qoldi-a?
— Ha, serialni suratga olishni 2020-yil boshida boshlaganmiz. Yanvarlarda ssenariyni yozgan bo‘lsak, fevraldan “съёмка"ga tushib ketganmiz. Oxirgi “съёмка"miz, adashmasam, 18 yo 19-martgacha bo‘lgan — pandemiya boshlanayotgan paytlarda. Odamlar yig‘ilishiga endi taqiq kiritish boshlanayotgandi. Kinoni deyarli 70 foizini olib bo‘ldik, oxiri qolgandi, u “массовый” sahnalar edi, odamlar ko‘p yig‘iladiganda. Shu payt pandemiya boshlandi, kino to‘xtab, qolib ketdi. Qolgan ishga qor yog‘ar, deydi, qoram yog‘di. Keyin amal-taqal qilib tugatib oldik.
Nega aynan hokim lavozimi tanlangan, boshqa bir amaldor emas?
— Endi, yaxshi-ku?! Yaxshi lavozim-ku? (kuladi) Muammolarni ko‘rsatsa bo‘ladi, boshqa qilsa bo‘ladi, shularni hammasini hisobga olgan holda tanlangan.
Suratga olish jarayonlari qayerda bo‘lgan, Toshkent shahar hokimligidami yoki boshqa joyda?
— Yo‘q. Toshkent shahar hokimiyati bir kun — yakshanba kuni ruxsat berishgan ko‘chasini suratga olishga. Shukur aka ko‘rib yiqilib tushadigan joylari borku, o‘shani olishimizga bir kunga ruxsat berishgan, kirib, yakshanba kuni olganmiz. Qolgan hammasi Bektemir tumanida olingan — ichki qismlari, hammasi.
Bektemir tumaniga katta rahmat aytamiz yordam berishgani uchun. Devorni yam-yashilga bo‘yab qo‘yganmizda, voy nega yashilga bo‘yadinglar, deyishgan — devor oppoq bo‘lishiga o‘rganib qolishganku ular. Kinoda yashil ton hammayoqda bo‘ladi, shuning uchun kerak, deganmiz. Suratga oldik, uyog‘dan chiqdikda, devorni nima qilamiz, deyishgandi, to‘xtanglar, biz yana qaytib kelishimiz mumkin, chunki tayyor materialni ko‘rib olamizda, ko‘rib olgandan keyin aniq aytish mumkin qayta suratga olamizmi yoki yo‘q, deb, keyin pandemiya bo‘lib, devor ham yam-yashil bo‘lib qolib ketdi. O‘zlari oqlab olishgan bo‘lsa kerak, menimcha (kuladi).
Kino siz uchun nima?
— Ketgan vaqtim mazmunli o‘tsa bo‘ldi. Har bir kinodan shedevr talab qilish noto‘g‘ri. Qanaqadir aqlli fikrlar berish noto‘g‘ri. Yengil komediyalar ko‘rib turaman bir xillarda. Yaxshi, kayfiyat ko‘tariladi. Agar iloji bo‘lsa, har kun uxlashdan oldin bitta kino ko‘rib qo‘yinglar, men shunday qilaman, masalan.
Kinoning rivojlanishiga (suratga olinayotgan kinolar) son (i)ning ahamiyati bormi?
— Son bir kun kelib sifatga aylanishi bor narsa deb hisoblayman. Menimcha, bu o‘zi iqtisodiyotda ham bor bo‘lsa kerak, tag‘in bilmadim, adashayotgan bo‘lsam kechirishsin. Kino, baribir, ko‘p bo‘lavergani yaxshi. Har xil kino bo‘laveradida, keyin qanaqadir bir “рычаг"lar paydo bo‘ladiki, son sifatga aylanishni boshlaydi.
Sun’iy intellekt kirib kelishi o‘zgartirishlar kirityapti sohaga. Keyinchalik sun’iy intellekt yanada rivojlanib, shu ssenaristlarni yoki dipfeyklar aktyorlarni o‘rnini olib qo‘yishi ehtimoli qanchalik?
— O‘rnini ja olib qo‘yadi, deb o‘ylamayman. Baribir yaxshi mutaxassisga ehtiyoj bo‘ladi. Menimcha, mavjud bo‘lgan qanaqadir kasb vakillarining ishlash prinsipi o‘zgaradi, deb o‘ylayman. Deylik, masalan, sun’iy intellekt paydo bo‘lgani dizaynerlarning ishini yo‘q qilib qo‘ydi, deyish mumkin. Ikkinchi tarafdan, ishini osonlashtirdi. Chunki oldin miyangizdagi narsani dizaynerga tushuntirguncha qiynalib ketardingiz, vaqt ham o‘tib ketardi. Hozir siz shu narsani sun‘iy intellektga aytsangiz, paq-paq qilib chiqarib beradi, mana shu senga refferens, shundan kelib chiqib menga nimadir qilib ber, desangiz, uni [dizaynerni] ishi osonlashadi. Hamma narsani o‘ziga yarasha plyus va minuslari bor-da.
“Hokim buva” serialini sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qanchalik aloqasi bor? Sarvar Karimov “Hokim buva"ni nega otasiga bag‘ishlagan? Nima uchun O‘zbekistondagi kinoteatrlarda o‘zbek tilida kinolar kam? O‘zbekistonda kino olishda qanaqa qiyinchiliklar bor? Hind kinolari faqat “ertak” va fantastikami? Tallivud nima? “Oppenhaymer” nega Oskar olishi kerak? Nima uchun Kristofer Nolanning filmlari zo‘r chiqadi? Shu va shu kabi boshqa qiziqarli savollarga javob topish uchun intervyuni to‘liq shaklda tomosha qiling.
To’liq intervyuni Afisha.uz'ning YouTubedagi sahifasida tomosha qiling.