"Futbol, matonat va katta muvaffaqiyat" — Bekxem haqida Netflix tomonidan suratga olingan hujjatli mini-serial haqida

E’lon qilingan sana· 361
"Futbol, matonat va katta muvaffaqiyat" — Bekxem haqida Netflix tomonidan suratga olingan hujjatli mini-serial haqida

Yaqinda mashhur futbolchi va o’z davrining hayratlanarli darajada katta yulduziga aylangan Devid Bekxem haqida Netflix tomonidan suratga olingan 4 soatlik mini-serial ommaga taqdim etildi. Afisha.uz muharriri ushbu mini-serial tomoshasidan olgan taassurotlari bilan ulashadi.

Serialni tomosha qilar ekansiz, siz Devidning nafaqat muvaffaqiyati, katta miqdordagi maoshlari haqida, balki u boshdan kechirgan og’riqli damlar, psixologik bosimlar haqida ham bilib olasiz. Ya’ni biz faqat bu muvaffaqiyatning bir tomonini ko’rganmiz, bilganmiz, ammo ushbu min-serialda sayyoraning eng mashhur insoni bo’lishning yomon tomonlarini ham his qilasiz.

Serialda uning sportga qanday kirib kelgani, uning Viktoriya Adams bilan munosabatlari qanday boshlangani va 1998-yilgi Jahon chempionatida uni butkul yomon ahvolga tushirib qo’ygan qizil kartochka va undan keyin bo’lgan voqealar haqida so’z boradi. Bekxem o’sha davrda nimalarni his qilgani va bunday og’ir kunlardan qanday chiqib ketgani, kurashgani haqida gapirib beradi.

Chindan ham, mashhur bo’lish juda og’ir. Sizni tinch qo’yishmaydi, shaxsiy hayotingizga aralashishadi, paparatsilar sizni hatto uyda paytingiz ham tinch qo’yishmaydi. Jurnalistlar esa ko’proq o’qiladigan material yaratish uchun siz haqingizda «shok» xabarlar qidiradi, xato qilishingizni zimdan poylab turishadi, ayrim insonlar esa o’zlari siz haqingizda mish-mishlar o’ylab topishdan toyishmaydi. Ommaning nafrati esa juda shafqatsiz. Bir marta yomon ko’rib qolishdimi, sizni cheksiz marotaba yerga ura boshlashadi, hammasi birgina xato tufayli… Mana men bu serialni tomosha qilib nimalarni his qildim.

Ammo kuchli shaxsiyatga ega inson bunday vaziyatdan ham chiqib ketishga qodir va Bekxem buni o’z misolida isbotlagan. Fanatlarning nafrati qanchalik kuchli bo’lmasin (Jahon chempionatida qizil kartochka olgani uchun), u o’ynashda davom etdi, ichidagi og’riqni, isyonni boshqalarga ko’rsatmadi — bu faqat vaziyatni qiyinlashtirar edi. U yana o’zining ajoyib o’yini, shedevr gollari bilan omma e’tiborini qozona boshladi. Angliya fanatlarining eng yomon ko’radigan futbolchisi darajasidan Angliya terma jamoasi sardori darajasigacha chiqa oldi.

Shuningdek, mini-serialda Devidning «Manchester Yunayted"dan ketishga majbur bo’lgani, «Real Madrid» safida o’zini qanday his qilgani haqida gapirib beradi. «Real Madrid"dagi faoliyati haqida gapirar ekan, u Ronaldo (Krishtianu emas, «fenomen» Ronaldo), Zidan, Figu, Roberto Karlos, Iker Kasilyas, Raul, Guti kabi yulduzlar bilan o’zini qanday his qilgani, bu qanday hayrat ekanligini tushuntiradi. Siz esa uni tinglab, buni his qilishga harakat qilasiz.

Bekxemning AQShga ko’chishi va keyingi hayotining ushbu mamlakat bilan bog’lanishi haqida ham biroz so’z boradi. Bundan tashqari, mini-serial davomida Devidning Viktoriyaga bo’lgan muhabbati haqida ko’p tushuntiriladi. Ularning shaxsiy hayotiga qancha rahna solishga urinishmasin, ularni ajrata olishmaydi. Umuman, ushbu mini-serialni barcha futbol ixlosmandlariga va «luxury» («laksheri») hayot kechiradigan insonlarning bunga qanday erishgani haqida qiziqadigan har bir insonga tavsiya qilaman. Bekorga emas, kinotanqidchilar ham filmni yuqori baholashmoqda.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov