Toshkent xalqaro kinofestivaliga start berildi
29-sentyabr kuni poytaxtdagi Kinochilar uyi (Panorama)da “Ipak yo’li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosim boshida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning festival qatnashchilariga yo’llagan tabrigini O’zbekiston prezidenti adminstratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov o’qib eshittirdi.
Shundan so’ng “Taksi” filmidagi Emilen obrazi bilan tanilgan fransiyalik aktyor Frederik Difental sahnaga o’zbekona milliy do’ppi va kiyimda kirib keldi hamda “Andijon polkasi"ga raqs tushdi, zaldagilarni festival bilan tabrikladi.
Marosimni taniqli boshlovchilar Laziza Nazimxanova (o'zbek tilida), Nigora Karimboyeva (rus tilida) va Ilhom Abdurahmonov (ingliz tilida) olib bordi.
Marosimda Milliy filmlar tanlovi g’oliblari aniqlanib, ularga festival statuetkasi topshirildi. Xususan:
“Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasiga marhum aktyor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Hoshim Arslonov “101-reys” filmidagi roli uchun munosib deb topildi. Sovrinni aktyorning o‘g‘li Bobur Arslonov qabul qilib oldi.
“Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ra’no Shodiyevaga “Ayol qismati” filmidagi roli uchun nasib etdi.
“Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasi bo’yicha O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Ali Hamrayev “Samarqandda qovun tarovati” filmi bilan g’olib bo’ldi.
“Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo’yicha O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi Qamara Kamalovaning “Kim deyay seni” filmi sovrindor bo’ldi.
Shuningdek, tanlov hakamlar hay’atining maxsus sovrini bilan rejissyorlar — Muzaffar Erkinov “Abdulla Oripov” filmi, Zulfiqor Musoqov “Hayrat” filmi, Hasan Alijonov “Hayot afsunlari” badiiy filmi uchun taqdirlandi.
Marosim davomida taniqli turk xonandasi Ayla Chelik o’zining “Bagdat” va boshqa bir qancha mashhur qo’shiqlarini ijro etdi.