Ahmadboy va boshqa moliyaviy piramidachilar prototip qilib olingan serial premyerasidan reportaj
Poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida 19-sentyabr kuni “Piramida” nomli milliy teleserial premyerasi bo’lib o’tdi. “Mening yurtim” telekanalida namoyish etiladigan kriminal-detektiv janridagi serial moliyaviy firibgarliklarning ayanchli oqibatlari haqida hikoya qiladi. O‘zbekistondagi eng shov-shuvli moliyaviy piramida asoschisi Ahmadboy- Ahmadjon Tursunboyev va bir qancha piramidachilar faoliyati serialga prototip qilib olingan. Afisha.uz muxbirlari serial taqdimotidan reportaj tayyorladi.
Serial rejissyori Zuhriddin Rustamov moliyaviy piramida global muammoga aylanib, O’zbekistonda ham firibgarlik qurbonlari ortib borayotgani sababli ushbu mavzuni ekranga ko’chirishga qaror qilganini ta’kidladi.
“Barchaga ma’lumki, hozirgi paytda butun dunyoda moliyaviy piramida: turli firibgarliklar, odamlarni chuv tushirish holatlari ko’p kuzatilmoqda. Mazkur serialni suratga olishimizdan maqsad — aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, ogohlikka chaqirish va firibgarlik qurboni bo’lmasliklari uchun ko’zlarini ochishga chaqirish”, — deydi Zuhriddin Rustamov.
Serialda Baxtiyor rolini ijro etgan aktyor Asror Hamidovning aytishicha, serialning 20-qismigacha O‘zbekistondagi eng shov-shuvli moliyaviy piramida asoschisi Ahmadboy- Ahmadjon Tursunboyev faoliyati prototip qilib olingan.
“Bu serialdan har kim o’ziga kerakli xulosani oladi. Agar esingizda bo’lsa, Ahmadboyga ko’pchilik pullarini berib, aldanib qolgan. Serialda shu holatlarni yoritib berganmiz. Ahmadboyga pul berganlar ham serialni ko’rib, o’sha paytlarni eslab, afsuslanadi. 20-qismgacha Ahmadboy haqida ketadi. Undan keyingi qismlarda Ahmadboy chiqib ketadi, boshqa yo’nalishlardan ketiladi. Serialda men Ahmadboyning qo’riqchilaridan birini o’ynaganman. Qahramonim ham unga pul berib, chuv tushadi. Keyin reja tuzadi. Qolganini serial davomida bilib olasizlar (kuladi)”, — deydi Asror Hamidov.
Ham rol ijro etgan, ham prodyuserlik qilgan Umid Soatovning so’zlariga ko’ra, to’rt oy davomida suratga olingan serialda 50 dan ortiq aktyor va aktrisa rol o’ynagan.
“Ahmadboy va bir qator piramida asoschilari serialga protorip qilib olingan. Chunki ko’pchilik bu narsadan kuygan. Ulardan keyin ham kichik-kichik piramidalar paydo bo’ldi. Odamlar hali ham ishonyapti, qurbon bo’lyapti. Shu bois ham ushbu serialni ishlab chiqdik”, — deydi Umid Soatov.
Ssenariy muallifi Islom Hamroyevning qayd etishicha, serial faqat Ahmadboy haqida emas, balki fuqarolarni chuv tushirayotgan firibgarlar haqida.
“Moliyaviy piramidalar urchib boryapti. Bu faqat bir kishi: Ahmadboy bilan chegaralanib qolgani yo’q. Undan keyin ham qancha-qancha moliyaviy piramidachilar chiqdi. Bu umumlashma obraz. Bu hujjatli emas, badiiy film. Serialni ko’rganlardan kimdir Ahmadboy deydi, kimdir Rahmatboy deydi, o’zicha talqin qiladi. Ko’p odamlar bu serialda o’zini ko’radi: aldaganlar ham, aldanganlar ham”, — deydi Islom Hamroyev.