Qiyin, og‘riqli va adolatsiz: “Продукты 24” filmiga taqriz

E’lon qilingan sana· 599
Qiyin, og‘riqli va adolatsiz: “Продукты 24” filmiga taqriz

16-sentyabr kuni Asia Cinema kinoteatrida Mixail Borodinning “Продукты 24” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Kartina 2022-yilda 72-Berlin kinofestivalida Panorama dasturining eng nufuzli premyeralaridan biriga aylangan va Yevropa badiiy filmlar konfederatsiyasining mukofotiga sazovor bo‘lgandi.

Film namoyishidan so‘ng kino ijodkorlari bilan savol-javob bo‘lib o‘tdi. Munozarani Berlin kinofestivalining Forum dasturi rahbari, kino eksperti va madaniy loyihalar kuratori Barbara Vurm olib bordi.

Film syujeti “Golyanovo qullari” — Moskva chekkasida qullikda saqlangan muhojirlarning haqiqiy hikoyasiga asoslangan. Bosh qahramon — majburlab turmushga berilgan, Moskvadagi do‘konda tunu-kun ishlaydigan o‘zbekistonlik Muhabbat. Ko‘ngillilarning yordami bilan u qullikdan qutqarilib, O‘zbekistonga qaytariladi, ammo Muhabbatni bu yerda ham majburiy mehnat kutardi.

Xo‘sh, film og‘ir bo‘lgani sababli men uni odatdagidan batafsilroq tahlil qilaman. Shunda tushunarliroq bo‘ladi. Hozirdan ogohlantirib qo‘yay, agar sizning ko‘nglingiz zo‘ravonlik sahnalarini ko‘tarmasa, filmni tomosha qilishni tavsiya qilmayman. Yaxshisi taqrizni o‘qing, xolos. Hatto rejissyor ham premyera boshlanishidan oldin bizga qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Kartina o‘ta yorqin taasurot qoldirdi. Birinchidan, shavqatsizliklar tufayli: og‘ir tan jarohati yetkazishdan hayotdagi adolatsizlikka qadar. Bir sahnada do‘konda ishlaydigan eng yosh qizni o‘lasi qilib do‘pposlab, yuzini bejab tashlaydi, boshqasida esa uni nihoyatda realga yaqin tarzda oyog‘iga mix qoqishadi.

Ikkinchidan, tor joy. Filmning birinchi yarmi kichik joylarda bo‘lib o‘tadi: do‘konning o‘zida va orqa xonalarida. Ba’zida klaustrofobiyani his qilib, Muhabbat o‘zini qamoqdagidek his qilishini biz ham tuyushimiz mumkin. Yaxshiyamki, filmning ikkinchi qismida tomoshabinlar sal erkin nafas olishi mumkin — jarayonlar kengroq joylarga ko‘chadi.

Uchinchidan, statiklik. Kamera aksar hollarda harakatsiz yoki juda sekin harakat qiladi. Ba’zi tomoshabinlar uchun filmga bunday yondashuv haqiqiy qiynoqdek bo‘lishi mumkin, lekin ba’zida bu kayfiyatni yetkazish uchun kerak.

To‘rtinchidan, yorug‘lik. Kinoning birinchi qismida deyarli hech narsa ko‘rinmaydi. Agar “ikkinchidan"ni eslasak, fikrimcha, prinsip bunday bo‘lgan: Muhabbat qullikda bo‘lganda ekrandan qorong‘ulik va bo’g‘iq devorlar ko‘rinadi, u qullikdan qochganda esa quyosh va boshqa ranglar ko‘rinadi.

Beshinchidan, ramziylik. Filmda bunday narsalar uchramaydi, lekin baribir, qo‘rqinchli realizmga qaramay, unda bosh qahramonning orzularida namoyon bo‘ladigan fantasmagoriya elementlari mavjud. Tomoshabinlar bilan “savol-javob” tarzda o‘tkazilgan suhbatda Mixail bu tushlar aynan nimani anglatishini hammamiz tushunganimizga ishora qilib, bu bo‘yicha aniq javob bermadi.

Va nihoyat, oltinchidan, bog‘liqlik. Filmning boshi va oxiri bor, lekin sahnalar juda uzun va syujet ma’lumotlari bo‘laklarga bo‘lingan. Lekin sodir bo‘layotgan voqealarning konteksti juda aniq. Men juda yaxshi misol keltirgan bo‘lardim, lekin bu jiddiy spoyler bo‘lib qoladi.

Aktyorlar-chi? Hammasi yaxshi, lekin ularning ikkitasini alohida ko‘rsatmoqchiman. Filmda bosh rolni rossiyalik aktrisa Zuxara Sanzibay ijro etgan, taqrizning sababchisi bo‘lgan kartina u uchun jiddiy debyut bo‘ldi. Zuxara kamgap, qo‘rqqan va ma’nan siniq Muhabbat obrazini juda yaxshi gavdalantirgan. “Продукты” do‘koni egasi Janna rolini ijro etgan Lyudmila Vasilyeva ham katta kinoda debyutant hisoblanadi. U iloji boricha yoqimsiz insonni chiqarib berishni yaxshi uddalagan. Aktrisalarga ta’zimdaman.

Filmda tasvirlangan dahshatli voqealar qurbonlaridan biri premyera namoyishida ishtirok etdi. Uning ismi Bakiya Qosimova bo‘lib, u Moskva tumanidagi Golyanovo rayonida joylashgan “Продукты” do‘konida o‘n yilga yaqin qullikda yashagan. Janna yangi tug‘ilgan qizini olib ketadi va uni ko‘rishga deyarli ruxsat bermaydi. Qochib ketganidan keyin Bakiya qizini ko‘rmaydi. Bakiyaga chin dildan qizini tirik va sog‘-salomat topishini tilayman.

Rejissyor tushuntirganidek, bosh qahramon faqatgina Bakiya timsoli emas, balki Muhabbat boshqa qullik qurbonlarining umumiy obrazidir.

Ushbu filmning jamiyatimiz uchun ahamiyatini, hatto Internet-kino xizmatlaridagi o‘rtacha reytinglarga qaramay, kamaytirib bo‘lmaydi. “Продукты 24” dahshatli adolatsizlik va tizimli ijtimoiy diskriminatsiyani o‘zida mujassam etgan. Eng yomoni shundaki, bu dahshatli do’kon hali ham mavjud va Bakiya tegishli organlarga bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, Janna qilgan barcha qilmishlari uchun hech qachon jazolanmagan va bu ishlarni qilishda davom etmoqda. Tizim nafaqat Rossiyada, balki butunlay chirigan va buni oldini olish uchun nimadir qilish kerak.

Ammo Bakiyaning “Filmda ko‘rsatilgan narsalar aslida sodir bo‘lgan voqeaning kichik bir qismi, xolos” degan so‘zlaridan keyin yanada dahshatga tushasiz.

Filmning keyingi namoyishi 23-sentyabr kuni Asia Cinema kinoteatrida o‘tkaziladi.

Roman Knishev
Muallif
Roman Knishev