Gollivudda yirik ish tashlash: aktyor va ssenaristlar nimani istamoqda?
Shu yilning may oyida Gollivud ssenaristlari ish tashlash e’lon qildi. Iyul oyiga kelib esa bu aksiyaga sohaning boshqa vakillari — aktyorlar ham qo‘shildi. Oqibatda pandemiyadan so‘ng endi-endi tiklanayotgan Gollivud yana bir og‘ir zarba qabul qilib olishi mumkin: ish tashlashning uchinchi oyligida premyeralar kechiktirilishni boshladi, kelishuvga esa erishilgani yo‘q. Buning hammasi qayerdan boshlangani, aktyor va ssenaristlar nima xohlayotgani — Afisha.uz'ning quyidagi maqolasida.
Aktyor va ssenaristlarning 63 yil ichidagi eng yirik ish tashlashi
Kino sohasi vakillarining birlashib, ish tashlash uyushtirgani oxirgi marta o‘tgan asrda, aniqrog‘i, 1960-yilda sodir bo‘lgan. Oradan 63 yil o‘tib, AQSHda ular yana bir marta yirik ish tashlash uyushtirmoqda.
Birinchi bo‘lib ssenaristlar boshladi. Amerika ssenaristlari Gildiyasi Kino va televideniya prodyusserlari Allyansi (uning ichiga The Walt Disney Company, Warner Bros., Paramount Pictures, Sony Pictures, Apple, Amazon, Netflix kabi yirik korporatsiyalar kiradi) bilan jamoaviy shartnoma shartlari bo‘yicha kelisha olmagandan keyin Gildiya ssenaristlarining katta qismi (97,85%) ish tashlash bo‘yicha ovoz berdi. 2-maydan esa protestlar boshlandi. Protestlar doirasida ko‘cha yurishlari (piketlar) va Allyans bilan bog‘liq loyihalarda ishlamaslik kuzatilyapti.
Oradan 1 yarim oy o‘tib, 14-iyul kuni Amerika aktyorlar Gildiyasi ham ish tashlash e’lon qilib, protestlarga qo‘shildi. Ularda ham xuddi shu muammo — Allyans bilan kelishuvga erishilmadi.
Bunga sabab nima?
Oldingilaridan farqli ravishda bu protest shakllanishiga ikkita sabab bor: striming servislarining (masalan, Netflix) juda tez suratlarda rivojlanishi va kino sanoatida sun’iy intellekt texnologiyalarining faol tarzda qo‘llanilishi.
Aktyor va ssenaristlarning asosiy daromad manbasi — bu qatnashgan ishning har bir namoyishi uchun kelishuv bo‘yicha beriladigan ulush. Oldingi shartnomalarda bu uchun ulush ajratilishi faqatgina televideniyadagi namoyishlarga tegishli edi. Striming xizmatlariga qiziqish keskin oshgani sababli televideniya namoyishlar bo‘yicha ancha ortda qolishni boshladi, ammo striming servislardagi namoyishlar uchun ulush ajratilishi oldingi shartnomalarda ko‘rsatilmagan. Shu sababli endi har bir individual ijodkor striming xizmati rahbariyati bilan o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishishi lozim. Gildiya e’lon qilgan Yangi kelishuv shartlariga ko‘ra unday bo‘lmasligi kerak. Natijada Amerikada bir xil formatda ishlovchilar (masalan, mualliflik shoulari) ana’naviy telekanallardan ko‘proq, stiriming servislaridan esa kamroq daromad oladigan bo‘lib qoldi. Pul bo‘yicha kelishuvlar amalga oshmagandan keyin ish tashlashlar boshlanib ketdi.
Albatta, gap katta summalar haqida ketyapti. Ssenaristlar Gildiyasi uning a’zolari (11 500 kishi) yiliga 429 million dollar olishini xohlayapti, ammo Kino va televideniya prodyusserlari Allyansi esa 86 million to‘lashga tayyor.
Sun’iy intellektning nima aloqasi bor?
Oxirgi yillarda kino va televideniya sanoatida sun’iy intellekt faol tarzda qo‘llanmoqda. Bu soha vakillari esa texnologiyalar sababli ishsiz qolishdan qo‘rqmoqda.
Birinchi navbatda sun’iy intellekt mustaqil tarzda ssenariy yozishidan qo‘rqishmoqda. Shu sababli bu texnologiyani ayrim funksiyalarini o‘chirish yoki ma’lumot qidirish bilangina cheklashni talab qilishmoqda.
Ikkinchidan, aktyorlar havotirga tushgan. Chunki dipfeyk (deepfake) texnologiyasi bilan bir insonning tashqi ko‘rinishini boshqa bir suratga joylashtirish imkonini beradi. Ya’ni aktyorlarning birgina surati bilan butun boshli kino yoki serial yaratish mumkin. Bu aktyorlarning daromadini bir necha barobarga qisqartiradi va hatto ularning roziligisiz ham amalga oshirilishi mumkin. Aktyorlar aynan mana shunga qarshi chiqishmoqda.
Ssenaristlar nimaga erishmoqchi?
Ssenaristlar gildiyasining talablari ro‘yxatida uchta punkt alohida belgilangan:
- Mualliflik haqi. Namoyish uchun sotilgan mahsulotining har bir DVD nusxasi uchun stavkani 0,3 foizdan 0,6 foizga oshirish so‘ramoqda;
- “Yangi media” orqali tarqatilgan kontent uchun gonorar. Ish tashlagan ssenaristlar Internet orqali tarqatilgan kontent, IPTV kanallari, smartfonlarni yuklab olish, striming, kabel va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi va boshqa onlayn tarqatish usullari uchun pul to‘lanishini xohlamoqda;
- Minimal bazaviy shartnomani kengaytirish. Ssenariy mualliflari realiti-shou va animatsion loyihalarga ssenariylar uchun gonorarni shartnomaga kiritishni talab qilmoqda.
Premyerarlar kechiktirilishi
Protestlar deyarli 4 oydan beri davom etyapti, Gildiya va Allyans hali beri kelishgani yo‘q. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Allyans oktabr oyigacha muzokaralar stoliga o‘tirmoqchi emas. Bu esa 2023-yilning 4-kvartaliga rejalashtirilgan premyeralarni kechiktiradi.
Iyunda suratga olish ishlari boshlanishi kerak bo‘lgan Marvel loyihalari to‘xtab turibdi, HBO ssenaristlari esa ba’zi seriallarning yangi mavsumi ustida ishlashni to‘xtatishgan.
Kechikishi mumkin bo‘lgan loyihalar: “Avatar 3”, “Dedpul 3”, “Gladiator 2”, “Mandalorlik”, “Uzuklar hukmdori” seriali va yana boshqa yirik hamda kutilayotgan premyeralar kutilganidan kechroq chiqishi mumkin.