"Afrikadan O’zbekistonga butunlay ko’chib kelaman”. “Suyunchi"dagi Nazira bilan eksklyuziv intervyu
Taniqli o‘zbek rejissyori Melis Abzalov tomonidan 1982-yilda suratga olingan “Suyunchi” filmini haligacha ko‘pchilik sevib tomosha qiladi. Kartinada rol o‘ynagan aktyorlarning keyingi taqdiri esa har bir tomoshabinga qiziq bo‘lishi shubhasiz. Uzoq yildan buyon oilasi bilan markaziy Afrikadagi Zambiya Respublikasida yashab kelayotgan Nazira roli ijrochisi Shahnoza Shamsiyeva (Hamroyeva) Afisha.uz studiyasi mehmoni bo‘ldi.
Shahnoza opa, Afisha.uz studiyasida ko’rishib turganimizdan xursandmiz. Toshkentga xush kelibsiz!
— Taklif uchun rahmat. 3-iyundan beri O’zbekistondaman. Onam Haj ziyoratiga ketgandi, ularni kutib olish uchun uchib keldim. Avgust oyi ohirlarida Zambiyaga yana qaytib ketaman.
“Suyunchi” filmidan keyin kinolarda ko’rinmadingiz. Tomoshabinlar keyingi taqdiringizga juda qiziqadi. Chet elda yashashingizni hamma ham bilmaydi. Oilaviy xorijga ketishingizga nima sabab bo’lgan?
— 1997-yilda turmush o’rtog’im bilan Zambiyaga ishlagani ketganmiz. U paytlarda sovet ittifoqi endi parchalanib, hamma o’zi bilan o’zi bo’lib yurgan davr edi. Maoshlar kam edi. O’shandan beri ishlab yuribmiz. Boshida juda qiynalganmiz. Lekin sabr bilan harakat qilib 26 yildan buyon ishlayapmiz. Xo’jayinim ikkimiz ham davlat shifoxonasida faoliyat yuritamiz.
“Suyunchi” filmidagi Nazira roliga qanday tasdiqlangansiz? Kinoga kirib kelishingizga bobongiz taniqli aktyor Razzoq Hamroyevning obro’si qanchali rol o’ynagan?
— Ukam Ulug’bek Hamroyevning bir kinodagi gonorarini olish uchun uydagilar meni “O'zbekfilm"ga jo’natgan. U vaqtda ukamda pasport yo’q edi, ota-onam esa juda band edi. U yerda Melis Abzalov meni ko’rib, tikilib qolgan. “Menga buncha qaradi bu kishi” deb ensamni qotirganman. Keyin “ana, topdim” degan gapni aytgan. Bilsam, u Nazira roliga mos nomzod qidirayotgan ekan. Ensamni qotirganim ma’qul kelgan ekan.
Uyga borib dadamga bu haqda aytsam, rozi bo’lmadi. Unda tibbiyot yo’nalishi bo’yicha institutda birinchi bosqich talaba edim. Oradan biroz vaqt o’tib, Melis Abzalov va ijodiy jamoa uyimizga kelib, dadamni bir amallab ko’ndirishgan. O’shanda dadam “Mayli, otam Razzoq Hamroyevning xotirasi uchun ruxsat beraman”, degan.
Nazirani necha yoshda ijro etgansiz?
— 17 yoshda. Film syomkalari Toshkent viloyatidagi Sijjak qishlog’ida bo’lib o’tgan. Ko’p sahnalar O’zbekfilmning o’sha yerdagi dachasida, ayrim sahnalar aholi uylarida suratga olingan. Zaynab Sadriyeva bilan bitta xonada birga yashaganmiz.
Qaysi sahnalarni ijro etib qiynalgansiz va qaysilari zavq bag’ishlagan?
Deyarli qiyinchilik bo’lmagan, hammasi qiziqarli kechgan. Qoshimga o’smani chaplab, yuzimga oqizdirib qo’yish yoqmagan. Chiroyli o’sma qo’yaverganman. Keyin rahmatli Melis aka istaganidek o’sma qo’yishga majbur bo’lganman.
Sovchilar oldiga men ko’tarib chiqqan choynak ichida hech narsa bo’lmagan. Choynakning o’zi kattaligi uchun ichiga narsa quysak, yana ham o’g’ir bo’lib ketadi deyishgan. Nazarimda, choynakka suv quyish kerak edi. Chunki uni stolga qo’yganimda bo’m-bo'sh ekanligi sezilib qolgan.
Qachondir O’zbekistonga butunlay qaytib kelish rejangiz bormi?
— Oldin yosh bo’lganim uchun Zambiyada qolish istagi kuchli edi. Yoshim o’tgan sari Vatan va yaqinlar sog’inchi qiynarkan. 3−4 yil ichida Toshkentga butunlay qaytib kelish rejam bor.
Oila a’zolaringiz haqida ham gapirib bersangiz?
— Uch nafar farzandim bor. Katta o’g’lim oilasi bilan Londonda yashaydi. Banklardan birida vitse-prezident. Kelinim uyda farzandlar tarbiyasi bilan band. Qizim va oilasi men bilan Zambiyada istiqomat qiladi. Kuyovim toshkentlik yigit, ikkisini kichik biznesi bor. Kichik o’g’lim musulmon hind qiziga uylangan. Ular ham Zambiyada yashaydi va ishlashadi. Yetti nafar nevaramiz bor. O’zim kichkinagina klinika ham ochib, yuritaman. Shunday qilib, rizqimizni terib yuribmiz.
Suhbat uchun rahmat!
To’liq intervyuni va barcha savollarga javoblarni Afisha.uz`ning YouTubedagi sahifasida tomosha qiling.