“Oppenhaymer”dan keyingi fizik reaksiya: film yadrosini bo‘lib chiqamiz

E’lon qilingan sana· 1 847
“Oppenhaymer”dan keyingi fizik reaksiya: film yadrosini bo‘lib chiqamiz

Kristofer Nolan intervyulardan birida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tvitlarini o‘qiydi va ularga munosabat bildiradi. Tvitda “Mening hayotim Kristofer Nolan filmlariga o‘xshaydi. Men nima bo‘layotganini tushunolmayman” deb yozilgan edi. Nolan esa bunga munosabat bildirarkan, “Filmlarimni tushunish shart emas, ularni his etish lozim”, deb ta’kidlagandi. “Oppenhaymer” filmi bilan ham dastlabki 40 daqiqa – 1 soatlar chamasi xuddi shunday fizik reaksiya sodir bo‘ladi.

Rejissorning avvalgi filmlari — “Muqaddima” (Inception), “Interstellar”, “Aqida” (“Tenet” filmining o‘zbekcha tarjimasi ko‘proq shu talqinda yaqin mazmunni bermoqda), “Memento” kabilarda ham tomoshabin dastlab nima bo‘layotganini, qahramonlarning muloqotidagi mozaika parchalarining mazmunini to‘la anglay olmaydi, jumboqning yechimi, to‘liq kartinani hosil qilib olish uchun esa filmning so‘ngigacha ekrandan ko‘zini uzmaydi, vujudi quloqqa aylanadi — har bir kadr, har bir ohang, har bir aktyor va aktrisaga e’tibor bilan o‘tiradi.

Eng muhimi — mozaikani yig‘ib olgan tomoshabinda shundan so‘ng ham savollar tugamaydi, rejissor uni qo‘shimcha ma’lumotlar izidan boshqa filmi qahramoni Kuper kabi izlanishlarga safarbar etadi, ilm-fanni, tarixni o‘rganishga yo‘llaydi.

Premyerasi O‘zbekiston kinoteatrlarida 20-iyuldan boshlangan filmga qiziqish yuqoriligidan (yurtimizda filmlar namoyishiga kinoshinavandalar tomonidan, asosan, yo aktyor-aktrisalar jamoasi,yoki mavzu, yoxud film atrofidagi hayp sababli talab yuqori bo‘ladi) faqat tungi seansda tomosha qilishga imkon bo‘ldi. Film naq 3 soat — 180 daqiqa davom etadi, bu rejissorning eng uzoq vaqtli filmidir. Nolanning boshqa kinoasarlari bilan tanish tomoshabin uchun bu odatiy hol, chunki zamonamizning buyuk rejissorlaridan biri filmlarining o‘rtacha davomiyligi 2,5 soatdan ko‘proqni tashkil etadi.

Britaniyalik rejissor uchun “Oppenhaymer” tarixiy, Ikkinchi jahon urushi haqidagi ilk film emas, u 2017-yilda “Dyunkerk” filmini taqdim etgandi. Bu galgi film esa Nolanni ko‘proq biograf, yozuvchi Uolter Ayzekson dastxatiga yaqinlashtirgandek go‘yo, rejissor ssenariynavis sifatida ham alohida ishlagani seziladi.

Film nima haqida? (syujet)

Yuqorida ta’kidlanganidek, Nolan filmlarini mozaika parchalaridan yaraladigan muazzam pannoga qiyoslasa bo‘ladi. Mozaikani to‘la yig‘ib olish uchun esa tomoshabinga ishora film avvalidanoq beriladi, buni rejissorning mumtoz manbalarga e’tirofi sifatida ham qabul qilish mumkin — tarixiy “Oppenhaymer” filmining hissiy-mazmuniy poydevori antik va hind mifologiyasidan olingan qahramon va iqtibos ustiga quriladi:

“Prometey Xudolardan olovni o‘g‘irladi va odamlarga berdi, so‘ng u toabad qoyalarga zanjirlandi” (Prometheus stole fire from the Gods and gave it to humans and he was chained to a rock for eternity).

Yunon mifologiyasi qahramonlaridan biri, “Olov xudosi”, titan Prometey Zevsdan otashni o‘g‘irlab, uni oddiy odamlar bilan bo‘lishadi va bu ishi uchun azoblarga duchor bo‘ladi, zanjirlangan Prometeyni jazolash uchun uning bag‘rini tilishga Kavkaz burguti (“Oppenhaymer” filmida ham shunday “burgut” mavjud) yuboriladi, afsonalarga ko‘ra, Prometeyni bunday azoblardan Gerakl (film syujetida ham o‘ziga xos “Gerakl” bor), burgutni yoy bilan urib tushirib, xalos etadi.

Fizik-teoritik olim haqida Kai Byord va Martin Shervinlarning 2005-yilda nashr etilgan “Amerikalik Prometey: J. Robert Oppenhaymerning g‘alaba va fojiasi” (American Prometheus: The Triumph and Tragedy of J. Robert Oppenheimer) biografik asari film uchun ilhom manbasi bo‘lib xizmat qilgan. 25 yil ichida yozilgan kitob 2006-yilda Pulitser mukofotiga ham munosib ko‘rilgan.

Qiziqarli jihati, Prometey so‘zining asosi — sanskritchadan प्रमन्थ — pramatha so‘zi “mash'al” ma’nosini bildiradi va ikkinchi iqtibos qadim sanskrit tilida bitilgan “Bhagavad Gītā"dan (“Yaratgan qo‘shig‘i”) olingan, uni amerikalik olimning o‘zi ham hayoti davomida ko‘p bor takrorlagan.

“Men endi Ajalga, tirik jon, olamlar vayronkoriga aylandim” (“Now I am become Death, the destroyer of worlds”).

Amerikalik olim 1933-yilda sanskrit tilini o‘rganib, “Bhagavad Gītā"ni o‘qib chiqqan, bu asar uning butun umrlik hayot falsafasini shakllantirgan asosiy kitoblardan hisoblanadi. 1945-yildagi ilk yadroviy sinovlar portlashlaridan birida Oppenhaymer aynan yuqoridagi iqtibosni takrorlaganligi aytiladi. Film davomida esa ushbu iqtibos ikki marta jarang sochadi.

Film Robert Oppenhaymerning (ijro: Killian Myorfi) atom bombasini yaratishida xayrixohlik qilgan, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng AQSh yadroviy siyosatiga mas’ul amaldor Lyuis Shtraussga (ijro: kenja Robert Dauni) senatorlar tomonidan savollar berilishi, uning olim bilan tanishuvi xotiralari hikoyasidan boshlanadi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi, “Sovuq urush"ning ilk yillarida vodorod bombasi yaratilishi va mamlakatining yadroviy siyosatidan norozi olim Oppenhaymer siyosiy qarashlaridan kelib chiqqan so‘roqlar avj olgan davr.

Parallel so‘roqlarda esa FQB (Federal Qidiruv Byurosi), xavfsizlik xizmatlari xodimlaridan tashkil topgan yopiq komissiya esa Robert Oppenhaymer va uning yaqinlaridan (oila a’zolari va do‘stlaridan) xotiralari, mafkuraviy masalalarda savol-javob o‘tkazmoqda.

Filmdagi davlat amaldorlari va reallikda tomoshabin uchun haqiqat ikki qahramon tilidan hikoya qilinadi:

  • Oppenhaymer Buyuk Britaniya, Niderlandiyadagi ilmiy davra bilan bog‘liq xotiralari, AQSh kommunistik partiyasi vakillari bilan yaqin munosabatlari (olimning ukasi va ma’shuqasi ushbu partiya a’zolari hisoblangan), “Manhetten ishi” (Los-Alamos, Nyu-Mexiko hududida amerikaliklar tomonidan yadro bombalarining yaratilishi, tajriba va sinovlar shu nom bilan ataladi) loyihasida Lesli Grovs (ijro: Mett Deymon) bilan birga olimlar jamoasini yig‘gani, keyinchalik esa Yaponiyaning bombalanishi unga qanday ta’sir etgani, prezident Garri Trumen hamda Albert Eynshteyn bilan dialogi haqida so‘zlasa;
  • Shtrauss tilidan Oppenhaymerning faoliyati, kommunist davralarga yaqinligi, uning Ispaniyadagi kommunistlarni moliyalashtirishi, olimning o‘zi ham ehtimoliy kommunist, ehtimoliy vatan xoini ekanligiga sha’ma qiluvchi xotiralar, ko‘rsatmalar taqdim etiladi.

Yadroviy jamoa (kast)

Rejissorning dastxati uning o‘z filmlarida ko‘proq avvalgi muvvafaqiyatli loyihalaridagi aktyor va aktrisalarni jalb etishida, ularni tanitib, keyinchalik esa ularga haqiqiy shon-sharaf olib kelishida ko‘rinadi. “Oppenhaymer” bilan ham shunday bo‘ldi. Nolan film kasting direktori Jon Papsidera bilan “Qora Ritsar”, “Memento”, “Muqaddima” va “Interstellar” filmlarida hamkorlik qilgan.

O‘zbekistonlik tomoshabinlarga ayniqsa “Peaky Blinders” serialidagi Tomas Shelbi qahramoni orqali tanilgan Killian Myorfiga Nolan filmlarida ilk bor bosh rol, kelib chiqishi yahudiy, biz shaxs sifatida rivojlanish davriga qarab, dastlab siyosatga umuman befarq, noziktabiat, keyinchalik siyosiy jarayonlarda ham o‘z fikrlarini dadil bildira boshlaganini ko‘radigan Robert Oppenhaymer roli topshirilgan.

Ko‘pchilik uni o‘z ismi bilan emas, qahramoni Toni Stark nomi bilan taniydigan taniqli aktyor kenja Robert Dauni AQSh Atom energiyasi komissiyasi raisi, siyosatchi va biznesmen Lyuis Shtraussni gavdalantirgan.

1942-yildan Los-Alamosdagi poligon shaharchada atom bombalari yaratilishi jarayoniga bosh-qosh bo‘lgan, tipik va klassik amerikalik harbiy, buyruqlarni so‘zsiz bajaruvchi, uning buyruqlari so‘zsiz bajariluvchi Lesli Grovs rolini Mett Deymon ijro etgan.

Premyeraga oz muddat qolganda turmush o‘rtog‘i Jon Krasinski va “Oppenhaymer” filmi bosh rol ijrochilari bilan Nyu-York shahri osmono‘par binolari fonida surat joylab, millionlab kinoishqibozlar mehrini to‘lqinlatirgan Emili Blant Oppenhaymerning ayoli, olima Ketrin “Kitti” Oppenhaymer rolini ijro etgan.

Filmda, shuningdek:

  • Geri Oldmen — Harri Trumen,
  • Rami Malek — Devid Hill,
  • Dilan Arnold — Frenk Oppenhaymer,
  • Josh Hartnett — Ernest Lourens,
  • Keysi Afflek — Borish Pash va muhim rollardan biri Albert Eynshteyn rolini Tom Konti ijro etgan.

Hollivud sanoati haqida yozuvchi ko‘plab manbalarga ko‘ra, filmga 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflangan. Aktyorlar jamoasi vakillariga to‘langan gonorarlar o‘zaro shartnomalarda hozircha sir saqlanmoqda.

Aktyorlar jamoasiga qo‘shimcha sifatida, pardoz, libos ustalari va dekoratorlar jamoasining mahoratini ham alohida e’tirof etish zarur. Pardoz ustalarining mahorati ayniqsa, Albert Eynshteyn, Lyuis Shtrauss, Robert Oppenhaymer qahramonlarida yaqqol ko‘zga tashlangan. Liboslar va sahna bezaklari, eng kichik detallarigacha 1930-yillardan 1950-yillar o‘rtalarigacha davr muhitini yuksak darajada shakllantirib bergan.

Operator ishi va musiqa

Vaqt jadallashgani sayin, zamonaviy kinofilmlar muvaffaqiyatining sezilarli qismini aynan operator ishi, kadrlarning go‘zalligi va vaziyatlarga mos tanlangan musiqa (ekshn va fantastik filmlarda qo‘shiqlar) hal qilmoqda.

Kristofer Nolan “Oppenhaymer” kastingida o‘zining ko‘p yillik hamkori Papsidera bilan ishlagan bo‘lsa, kadrlar va ohanglarni o‘z sohasida so‘nggi yillarning sifat kafolati siymolari — Hoyte van Hoytema va Lyudvig Goranssonga ishongan.

Van Hoytema (“Interstellar”, “Dyunkerk”, “Aqida” (Tenet)) va Goransson (“Aqida” (Tenet)) Nolan bilan birgalikda filmlarda ishlagan bo‘lsa-da, har ikkisining e’tirofga loyiq boshqa ishlari ham talaygina — asli gollandiyalik operator rejissorlar Sem Mendes bilan “Spektr” (2015-yil), Jordan Pil bilan “Yo‘q” (2022-yil) kartinalarida ishlagan.

Nolan va Hoytema oq-qora kadrlarni 70 millimetrli IMAX tasmasida tasvirga tushirish uchun Kodak bilan birgalikda maxsus kamerani yaratishga buyurtma berishgan. Kinoasarda IMAXning barcha imkoniyatlaridan maksimal foydalanilgan va kinoteatrlar uchun tasma g‘altagi vazni 272 kilogramm, uzunligi esa 17 kilometrga yetadi.

Islandiyalik bastakor Lyudvig Goransson “Oppenhaymer"gacha bir necha mashhur filmlar — “Qora Pantera”, “Qora Pantera: Vakanda Toabad”, “Krid”, “Krid II” uchun musiqiy albomlar yozgan.

Goransson “Oppenhaymer” filmi uchun jami 24 musiqali (1 soat 34 daqiqa) albom bastaladi. Premyera kunida taqdim etilgan albomni Spotify’dan tinglab ko‘rish mumkin. Albomdagi “Amerikalik Prometey” musiqasi filmning bosh mavzusi va kulminatsiyalari uchun tanlangan.

O‘ta shaxsiy taassurotlar va xulosa

Oq-qora kadrlar VS rangli kadrlarning qarama-qarshiligidan ham qahramonlarning ichki dunyosi, jarayon tempi, davrning dokumental muhiti o‘ta nozik ko‘rsatib berilgani, musiqaning kadrlarga mos ekanligiga tan bermay iloj yo‘q. Men uchun AQSh yoki boshqa rivojlangan davlatlar kinematografiyasida e’tirof etadigan jihatlardan biri — bu tarixiy osori-atiqalar, hujjatlar, manbalarning original shaklida saqlangani, ijodkorlarning undan o‘ta mohirona, mas’uliyat ila foydalana olishlaridir.

Taqrizning kirish qismida yozilganidek, Kristofer Nolan — tomoshabinni jumboqlar va savollar bilan qoldiruvchi, so‘ng esa topilgan javoblarning eyforiyasidan sarmast etuvchi dastxatga ega rejissor sanaladi.

Film markazidagi qahramon — Robert Oppenhaymerning hayotdagi missiyasining o‘ziyoq kinodan tashqariga olib chiqib ketadi, yangi savollarni keltirib chiqaraveradi. Siz dunyoning o‘zini bir onda yo‘q qilib yuboruvchi kashfiyotlarning pulti kimlarda ekanligidan xavotirga tushasiz. Siyosatchilarning qirg‘inbarot qurollar poygasida kimo‘zarga o‘ynashi, oddiy odamlarning taqdiri siyosiy o‘yinlarda, makr-hiylalarda hal bo‘lib ketishidan tushkunlikka tushasiz.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri kulminatsiyaga to‘xtalar ekanman, undagi 5 daqiqa men hali butun umrim davomida sezmagan daxshatli sezgini ochdi — Oppenhaymerning olqishlarga ko‘milishi, bundan o‘zining ham bir on shavqqa to‘lishi, keyin esa oyoqlari ostida xayolan yadro bombasidan kuyib kul bo‘lgan qoragina jussaning maydalanib ketishi… bu tomoshabinni ham xuddi Hiroshima va Nagasakiga tashlangan bombalarda aybdorlik hissini, bir Oppenhaymer emas, butun bashariyatning vijdon og‘rig‘i yukini-da o‘zida his etishiga majbur qiladi.

Texnik tomonlama aytish mumkinki, “Oppenhaymer” filmida rejissor va ijodiy jamoa o‘z ishini mukammal uddalagan, aynan o‘sha 5 daqiqadan keyingi achchiq yutinish uni moral jihatidan, tarixiy kontekst jihatidan Spilbergning “Shindler ro‘yxati” filmidagi achchiq ko‘zyoshlarni ham keltira oladi.

Bu filmni hamma, ayniqsa mafkura, siyosat va hukmronlik xizmatidagilar, kuch ishlatish yagona chora ekanligidan hayiqmaydiganlar qayta-qayta ko‘rishi shart.

Mirzo Zominiy
Muallif
Mirzo Zominiy