«Osmondagi bolalar 3» filmini tasvirga olish ishlari yakunlandi, premyera bahorga rejalashtirilmoqda

E’lon qilingan sana· 499
«Osmondagi bolalar 3» filmini tasvirga olish ishlari yakunlandi, premyera bahorga rejalashtirilmoqda

Koʻplab teletomoshabinlarning qalbidan chuqur joy olgan «Osmondagi bolalar» badiiy filmining uchinchi qismi ham suratga olinayotgani haqida xabar berilgan edi. Filmning AQShdagi tasvirga olish ishlari oʻtgan yilning 29-dekabrida oʻz nihoyasiga yetdi. Endilikda ijodiy guruh montaj va ovozlashtirish ishlariga kirishadi, deb xabar bermoqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

Ushbu filmning birinchi va ikkinchi qismlari tomoshabinlarga tomonidan juda iliq kutib olingan va ko’p yillardan buyon sevib tomosha qilingan edi. Filmning uchinchi qismida qahramonlarning voyaga yetgan davrlaridagi voqealar haqida soʻz boradi.

Film postanovkachi rejissyori Zulfiqor Musoqov, ikkinchi rejissyor Muattar Mirredjabova, postanovkachi operator Azizbek Arziqulov, postanovkachi rassom Mariya Soshina, liboslar boʻyicha rassom Irina Litvinenko, kartina direktori Shuhrat Hamidullayev.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Afisha.uz tomonidan «Osmondagi bolalar 3» filmining suratga olish jarayonidan maxsus reportaj tayyorlangan edi. Film ijodkorlari ko‘p ma’lumotlarni oshkor etishni xohlamagan. Ammo Zulfiqor Musoqov intervyularining birida filmining yangi talqini haqida gapirarkan, qadrdon qahramonlar: Xurshid, Javohir, Hamdam va Baxtiyorlarning otalik maqomiga erishgani hamda farzandlari bilan munosabatlari aks etishini aytgandi.

«Qahramonlar oʻsha-oʻsha. Aktyorlarga taklifimni aytganimda, ular bajonidil rozi boʻldi. Filmda Xurshid koʻzga koʻringan jarroh, Hamdam taniqli ssenarist, Javohir sport murabbiyi boʻlib yetishadi. Baxtiyor esa otasining izidan borib, biznes bilan shugʻullanadi», — degan edi rejissor.

Filmda Javohir rolini o‘ynagan Aziz Sultonov «Osmondagi bolalar-3» olinishi haqida eshitganida, shokka tushganini ta’kidlagandi.

«Filmning davomi suratga olinishini eshitganimizda, rosti, „shokda“ edik. Chunki buni umuman kutmagandik. Kinoning ikkinchi qismi 2003-yilda olingan bo‘lsa, oradan ancha yil o‘tib ketdi. Shu sababli men uchinchi qismi olinishiga umid ham qilmagan edim. Rejissor ushbu yangilikni aytganida, 20 yildan keyin yana nimalar haqida hikoya qilish mumkinligi qiziq edi», — degan edi u.

Zulfiqor Musoqov «Oltin Humo» milliy kinotaqdimotida tahririyatimizga bergan intervyusida film premyerasi qachonga rejalashtirilayotgani haqida aytib o’tgan edi.

«Agar to’sqinliklar bo’lmasa, Navro’z bayramiga film taqdimotini qilamiz», — degan edi rejissyor.

Batafsil reportaj bizning YouTube sahifamizda: