«Baron-2»dan Ra’no Shodiyevagacha: “Oltin Humo” taqdirlash marosimidan foto va videoreportaj
2022-yil davomida faol ijod qilgan o`zbek kinosining o`nlab vakillari «Oltin Humo» mukofoti bilan taqdirlandi. 28-dekabr kuni bo`lib o`tgan taqdirlash marosimidan Afisha.uz muxbirlari reportaj tayyorladi.
Kinochilar uyida o`tkazilgan marosimga mehmon sifatida taklif qilingan o`zbek kinoyulduzlari an’anaga ko`ra, alvon rangli gilamdan o`tdi. Tadbirni bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.
Ta’kidlanishicha, bu galgi taqdirlash marosimida 2021-yilning 1-yanvaridan 2022-yilning 1-oktyabriga qadar premyerasi bo`lib o`tgan jami 85 ta badiiy va hujjatli film 17 ta yo`nalishda g`oliblik uchun kurashdi.
Kinotaqdimot saralash komissiyasi tomonidan 16 ta nominatsiya g`olibligiga 5 nafardan nomzod saralab olingan. G`oliblar maxsus platformada va ijtimoiy tarmoqlarda ovoz berish yo`li bilan aniqlangan.
«O`zbek kinematografiyasiga qo`shgan hissasi uchun» nominatsiyasida quyidagi san’at arboblari taqdirlandi:
- O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov;
- O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov;
- San’atshunoslik fanlari doktori Jo`ra Teshaboev;
- «Qoraqalpoqkino» agentligi direktori Bektileo` Nizamatdinov;
- «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasi direktori Baxtiyar Madiyarov.
Shuningdek, «Oltin Humo» milliy kino taqdimoti quyidagi nominatsiyalar bo`yicha o`z egalariga topshirildi:
- Eng yaxshi hujjatli film: «Matonat», rejissyor Shuhrat Mahmudov;
- Eng yaxshi animatsion film: «Buyuk ipak yo`li bo`ylab sayohat», rejissyor Abdulatif Haydarov;
- Eng yaxshi kompyuter grafikasi: «Abdulla Qodiriy» filmi uchun Davlat Arabshoev;
- Eng yaxshi ovoz rejissyori: «Muhabbat bahori» filmi uchun Abduqahhor Karimov;
- Eng yaxshi montaj ishi: «101-reys» filmi uchun Xurshid Alixo`jaev;
- Eng yaxshi grim rassomi: «Muqimiy» filmi uchun Galina Ivanova;
- Eng yaxshi libos bo`yicha rassom ishi: «Muqimiy» filmi uchun Anastasiya Sushuk;
- Eng yaxshi rassom ishi: «Muqimiy» filmi uchun Alisher Umrzoqov;
- Eng yaxshi kino bastakori: «Tutqunlik» filmi uchun Dmitriy Yanov-Yanovskiy;
- Eng yaxshi operatorlik ishi: «Hayrat» filmi uchun Azizbek Arziqulov;
- Eng yaxshi ssenariy: «Hayrat» filmi uchun Zulfiqor Musoqov;
- Eng yaxshi rejissyorlik ishi: «Hayrat» filmi uchun Zulfiqor Musoqov;
- Eng yaxshi ayol roli: «Ayol qismati» filmidagi roli uchun Ra’no Shodieva;
- Eng yaxshi erkak roli: «101-reys» filmidagi roli uchun Hoshim Arslonov;
- Yilning eng yaxshi filmi: «Ayol qismati» filmi uchun Dilmurod Masaidov.
- Tomoshabin mehrini qozongan film: «Baron 2. Sog`inch» filmi uchun Rustam Sa’diyev.
Har bir nominastiya g`oliblariga stauetka va 25 million so`m miqdorida pul mukofoti topshirildi.
O`zbekiston san’at arbobi Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» filmi uchta nominasiyada g`olib, deb topildi. Rejissyorning ta’kidlashicha, u tadbirda bunday e’tirof bo`lishini kutmagan.
«Ochig`ini aytsam, buni umuman kutmagandim. Tanish-bilish qilib yuborishadi, degan fikrda edim. Lekin ketma-ket uchta nominasiyaga loyiq ko`rildik va bundan albatta, xursandmiz, boshimiz osmonga yetdi. Ammo bu hakamlar hay’atining ovoz berish natijasi xolos. Shuning uchun ololmaganlar bizdan xafa bo`lmasin. Bu mufokotga film arziydimi yoki yo`qmi, buni bir necha yildan keyin vaqt ko`rsatadi. Agar tomoshabinlarni dilida qolsa, demak, bu e’tirofga arziydi», — dedi u.
Uning qo`shimcha qilishicha, ayni paytda Nyu-Yorkda «Osmondagi bolalar-3» filmining oxirgi sahnalari suratga olinmoqda. «Agar to`sqinliklar bo`lmasa, Navro`z bayramiga film taqdimotini qilamiz», — dedi Zulfiqor Musoqov.
Batafsil reportajimizni YouTube sahifamiz orqali tomosha qiling.