Barcha yoshdagilar uchun birdek yoqimli – LegoPard obzori

E’lon qilingan sana· 852
Barcha yoshdagilar uchun birdek yoqimli – LegoPard obzori

Lego oʻyinchoqlari koʻpchilikka juda yaxshi tanish, eng yaxshi “vaqt qotillari"dan biri. Yosh bolali ota-onalarga esa uning boʻlaklarini bosib olgandagi ogʻriq begona emas. Lego oʻyinchoqlari faqatgina kichkina detallardan iborat yoki nimadir shakl yasash uchun emas, u aqliy faoliyatni yaxshilash, fikrlashni oʻstirish uchun yaxshi vosita. Ushbu oʻyinchoqlar bilan tom ma’no xohlagan boshqa oʻyinchoqni yashash mumkin, toʻgʻri detallarni topsangiz boʻldi.

Toshkentda ilk marotaba Lego oʻyinchoqlari dunyosi ochildi. U yerda nafaqat oʻyinchoq sotib olish, balki soatlab lego oʻynab oʻtirish, jamoaviy yigʻilish va tugʻilgan kunlarni oʻtkazish mumkin. Afisha.uz poytaxtdagi bunday tematikadagi ilk markaz — “LegoPard"ga borib koʻrdi va u yerning obzorini tayyorladi.

Bugungi kunda katta yoshdagi odamlar lego donachalarini nafaqat bosib olishi, balki undan butun boshli konstruksiyalar yasashi mumkin. Bularning barchasi bir joyda — “LegoPard” markazi butunlay lego olamiga olib kirib ketadi. Kirishingiz bilan ikkiga ajratilgan oʻyin maydonchalari, ichkarida esa mashhur binolarning lego varianti, sotiladigan toʻplamlar, ota-onalar kutish joyi va hokazo.

Oʻyin zonalari

“LegoPard” ochilganiga koʻp boʻlgani yoʻq, shu uchun ham u yerda hali odam koʻp emas. Ammo borib koʻrishga arziydi. Nega? Chunki u yerda koʻpchiligimiz oʻrgangan oddiy birikmalar emas, balki butun boshli mexanizm yasash mumkin. Masalan, siz mashina yasamoqchi boʻlsangiz, u yerda turli variantlar bor va ularning barchasini haqiqiy yuradigan mashinachaga aylantirish mumkin. Masalan, ushbu LandRover mashinasi eshiklari va yukxonasi ochilib yopiladi va u turli bosimlarga chidamli. Bu mashina toʻliq lego donachalaridan yasalgan va mingdan ortiq detal ishlatilgan, hatto u yerda matorlarni ham koʻrishingiz mumkin.

Bu boshlanishi. Boshida yigitlarni qiziqtirishga harakat qilgandik, endi sarlavha maqolasidek joyiga oʻtamiz: muassasaga kirishingiz bilan ikki tarafda oʻyin zonalari boʻr, ularning birida 6 ta stol qoʻyilgan va turli oʻyinchoqlar qoʻyilgan. Ularning barchasi turli tematikada: yuqoridagidek mashina, vertolyot va samolyotlar, shaharcha, multqahramonlar, istirohat bogʻi va hokazo.

“LegoPard"da “qurilish” ishlarini ham qilish mumkin, masalan, quyidagi suratda koʻrsatilgan mashinalarning aylanma lentasi ishlaydi va unda boshqa donachalarni aylantirib olib kelib, yuk mashinasiga (albatta, legodan yasalgan) toʻkish mumkin, bu xuddi real hayotdagidek his beradi.

Quyida koʻrib turganingiz charxpalak ham deyarli haqiqiy — ishlaydi, aylanadi, eshiklari ochiladi va u yerga “odamchalar"ni chiqarish mumkin.

Endi esa bu rollerkosterga e’tibor bering, unda kichik lego odamchalar uchishi mumkin. Va bu poyezdlar hali boshlanishi.

Ushbu markazda koʻpchilikning yoshlikdagi orzusini qitiqlaydigan yana bir oʻyinchoq bor — pultda boshqariladigan poyezd. U ham legodan yasalgan boʻlib, lokomotivi yoki tarkibini oʻzgartirish mumkin. Oʻyin maksimal reallikka yaqin boʻlishi uchun relslar atrofiga perron ham oʻrnatilgan, u yerga toʻxtab, odamlarni olib ketishingiz mumkin.

Agar siz harakat tarkibi oʻzgartirib oʻynamoqchi boʻlsangiz, yuk tashish uchun maxsus vagonlar va yuk ortish konstruksiyasi ham bor. Bu oʻyin uchun ikkinchi maydonning katta qismi ajratilgan.

Umuman olganda, ikkinchi maydonchada asosan mashinachali oʻyinlar bor. Ular bilan drift qilishingiz, turli soha vakillari xizmat mashinalarini yasashingiz va oʻynashingiz mumkin. U yerda Garri Potter muxlislari uchun ham alohida zona bor.

Va bu hali hammasi emas. Odatda Lego toʻplamlari bilan faqat bir xil narsa yasash mumkin, ammo uning maxsus toʻplamida siz oʻzingiz istagan fotosuratni “chizishingiz” mumkin. Telefondagi ilovaga kerakli fotosuratni yuklab, uni yasash uchun koʻrsatmalar olib turishingiz mumkin. “LegoPard” xodimlari esa legolar yordamida Garri Potter suratini “chizishibdi”.

Lego muzeyi

“LegoPard"da yana bir maxsus boʻlim bor, u salkam muzey. U yerda siz turli dunyoga mashhur inshootlarning legodan yasalgan variantlarini koʻrishingiz mumkin. Ularning har birini yasash uchun mingtadan besh mingtagacha detal ketgan. Ammo ularni buzib, qaytadan yasash mumkin emas, shunchaki tomosha qilib, zavqlanish ruxsat berilgan.

Yuqoridagi uyni eslagan boʻlsangiz kerak, oʻsha mashhur Kevin yashagan va bir nechtasini adabini bergan uy. “Uyda yolgʻiz” filmidagi uyni yasashda nafaqat tashqi fasad, balki ichki detallar ham e’tiborga olingan. Uning eshiklari, oynalari va tomlari ochiladi, ichkarida esa oʻsha filmdagi sahnalarni eslatuvchi detallar bor.

Markazda Eyfel va Big Ben minoralari, Kolizey, “Toj mahal”, dunyo xaritasi va kichik shaharchani topishingiz mumkin. Ularning suratlar pastdagi fotogalereyada.

Maxsus takliflar va narxlar

“LegoPard” yosh bolalarning tugʻilgan kunini oʻtkazish uchun ajoyib joy va ularda aynan shunday tarif ham bor. Bu yerda 4 yoshdan boshlab tugʻilgan kunlar oʻtkazish mumkin.

Bir vaqtning oʻzida maydonga 30 kishi sigʻadi va tugʻilgan kunlarni ham shuncha kishi uchun band qilish mumkin. Aytgancha, guruhli tashriflar nafaqat tugʻilgan kun, balki jamoaviy muhitni yaxshilash uchun hamkasblar, jamoadoshlar va doʻstlar bilan ham kelish mumkin. Muhimi, qalb yosh boʻlsa, boʻldi.

Tugʻilgan kun oʻtkazish narxi:

  • 10 kishi uchun 2 soat — 1,5 mln soʻm;
  • 10 kishi uchun 3 soat — 2 mln soʻm.
  • 10 dan ortiq kishi uchun har biriga alohida toʻlov.

Shuningdek, ularning hamkorlari boʻlgan kafedan ovqat buyurtma qilish yoki oʻzingiz bilan olib kelishingiz ham mumkin.

Bir martalik tashriflar narxi:

  • Oʻyin maydonchasi 1 soati — 100 ming soʻm;
  • Oʻyin maydonchasida bir kun — 300 ming soʻm;
  • Oyiga 4 marta borish uchun — 1 mln soʻm.

Muhim eslatma: “LegoPard"ga mustaqil tashrif buyuruvchilar minimum 4 yoshda boʻlishi kerak. 5 yoshgacha boʻlgan bolalar esa ota-onalari hamrohligida oʻynashi shart.

“LegoPard” oʻyin markazi haqida yaxshiroq tasavvurga ega boʻlish uchun quyidagi galereyani tomosha qiling.

Mirjalol Qosimov
Muallif va fotosuratchi
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling