Oʻzbekistonda ishlangan "Pomidor Doʻppi" multseriali Xitoyda ham namoyish etiladi

E’lon qilingan sana· 476
Oʻzbekistonda ishlangan "Pomidor Doʻppi" multseriali Xitoyda ham namoyish etiladi

Bu xitoylik tomoshabinlarga taqdim etilgan birinchi o‘zbek multfilmi.

Bolalar uchun “Pomidor Doʻppi” multserialining birinchi mavsumi bir vaqtning o‘zida Xitoyning 45 ta media-platformasida chiqarildi. Bu xitoylik tomoshabinlarga taqdim etilgan birinchi o‘zbek multfilmi hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, dastlab serial tarjima qilingan, moslashtirilgan, soʻng, hududda namoyish etish uchun ruxsat olingan.

Studiya asoschisi va serial rejissyori Pavel Kim shunday deydi: “Xitoy animatsiya bozori juda kuchli raqobatga ega. Bu yerda mahalliy kontentga ustunlik beriladi, chet el kontenti esa cheklanib, qattiq saralanadi. Odatda, Xitoy bozoriga faqat yirik studiyalarning dunyoga mashhur blokbasterlari kirib boradi. Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekistonda yaratilgan serialimiz Xitoy bolalar auditoriyasiga yetib borgani va jahon xitlari qatorida namoyish etilayotgani bizni juda xursand qiladi. Bu esa animatsiyamizning yuqori xalqaro salohiyatini tasdiqlaydi”.

Multserial O‘zbekistonda “DIP Animation” studiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Doʻppi — do‘ppi kiygan quvnoq pomidor, u turli kulgili vaziyatlarga tushadi. Qahramonni ishlab chiqishda studiya bolalar va kattalar auditoriyasi uchun tushunarli bo‘lgan milliy qahramonni yaratish vazifasini oʻz oldiga qoʻygan.

Loyihaning birinchi seriyalari 2018-yilda Milliy TV telekanali va YouTube’da namoyish etilgan. Bugungi kunda “Doʻppi” YouTube’da 6 million tomoshabin auditoriyasiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi eng taniqli qahramon hisoblanadi.

Bugungi kunda multfilm MDHdagi 50 dan ortiq onlayn platformalarda, jumladan, Kinopoisk, IVI, START, KION, Megogo, iTV kabi yirik platformalarda namoyish etilmoqda. Quvnoq pomidor haqidagi multserialni “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi bortida ham tomosha qilish mumkin.