Respublika bolalar kutubxonasi rekonstruksiyadan so'ng: u qanday joy va nima uchun u yerga borish kerak?

E’lon qilingan sana· 4 578
Respublika bolalar kutubxonasi rekonstruksiyadan so'ng: u qanday joy va nima uchun u yerga borish kerak?

2023-yilning 31-avgust kuni uzoq tarixga ega joy — Respublika bolalar kutubxonasining ochilishi bo‘lib o‘tdi. U yerda uch yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kitob olamiga kirish, kattalarga esa o‘zining loyihalarini ustida ishlash va shahar shovqinidan dam olish imkoni bor.

Tarixidan boshlaymiz: bu bino 19-asr oxirida qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar mulki hisoblangan, keyinchalik esa Toshkent shahar Dumasi bo‘lgan.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, ushbu saroyga bo‘lajak Toshkent shahri arxitektori Ivan Markevich loyihasiga asosan yangi bino qo‘shilgan. Bir necha o‘n yillar o‘tgach, Alisher Navoiy nomidagi Yoshlar kutubxonasi bo‘limi Vadyayevlar xonadoniga ko‘chirilgan. Keyinchalik esa bu joy to‘liq Respublika bolalar kutubxonasiga berildi, buni toshkentliklar yaxshi eslaydi.

Bu yerda 2020-yilda San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg’armasi tashabbusi bilan restavratsiya ishlari boshlangan. Qayta loyihalash uchun Lyubov Leontyeva boshchiligidagi Rossiyaning Ludi Architects arxitektorlik byurosi jalb qilingan.

Bu yerda sizga g‘alati qaraydigan qattiqqo‘l kutubxonachini uchratmaysiz. Kutubxona muhiti yoqimli o‘qish, o‘zingiz uchun yangi narsalarni qidirish uchun to‘liq mos keladi, chunki kutubxona javonlarida 20 000 dan ortiq kitob bor. Bundan tashqari, javonlarda kitoblarning nafaqat turli tillardagisi, balki ko‘zi ojizlar va ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlarga moslangan variantini ham topish mumkin.

Bu O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan ilk shunday loyiha hisoblanadi. Bolalar va yoshlarni jalb qilish maqsadida barcha kutubxona maydonlari xalqaro standartlarga javob beradigan ko‘p funksiyali tarzda qilingan.

Unda kovorking maydonlari, raqamli kontent bilan ishlash studiyasi, o‘qish joylari, musiqa va kompyuter sinflari, mini-tipografiya, ovoz yozish studiyasi mavjud. Tez orada pensionerlar uchun kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha mahorat darslarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Interyer yoqimli ranglarda qilingan. “Garri Potter” sahnalarini eslatuvchi spiral zinapoyalar, ma’ruzalarni tinglashga mo‘ljallangan modullar, video va audio kontent bilan individual ishlash kabinalari, yumshoq pufaklar, divanlar va stollar uni to‘ldirib turadi.

Orqa hovlida ochiq havoda uchrashuvlar va mahorat darslari, kino tomoshalari va musiqiy kechalar o‘tkaziladi.

Tashrif buyuruvchilar mini ovqatlanish xonalarida qorin to‘qlashi mumkin, shaxsiy buyumlarini esa saqlash tizimida qoldirishi mumkin bo‘ladi.

“Bu shahrimiz hayotidagi alohida voqelik. Biz bolalar va yoshlarda ijodiy va intellektual salohiyatni oshirishga kerak bo‘ladigan barcha narsani o‘z ichiga olgan jamoat joyi yaratib, binoning tarixiy atmosferasini saqlab qolishga maksimal darajada harakat qildik”, — deydi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg’arma vakili Gayane Umarova.

Asl surma eshiklar o‘rnatilgan kovorking zonasida sayr qilib yurib, antiq kaminga ko‘zingiz tushadi. Ommaviy chiqishlar uchun mo‘ljallangan zalning interyerini 19-asr oxiridagi ustunlar ko‘rinishidagi xazinalar to‘ldirib turadi. Qayta qurish paytida ular tasodifan devorlardan birining g‘ishtlari orqasida topilgan.

Bundan tashqari, XX asrning 60-yillariga oid go‘zal devor panellar ham topildi. Panelni ehtiyotkorlik bilan tiklash va saqlash uchun Turkiyaning Mesa kompaniyasi restavratorlari taklif qilingan.

“Byuromiz ushbu loyihaga maksimal bilim kiritdi, madaniy muassasa negizida ushbu jamoat maydonini yaratish uchun ilg‘or tajriba va eng zamonaviy ekspertiza imkoniyatidan foydalangan. Biz shahar aholisi tomonidan qiziqish bildirilishi va ijobiy izohlarni kutamiz. Bunday tipologiya kutubxonalar va madaniyat markazlari negizida boshqa jamoat joylarini rivojlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin”, — dedi Lyubov Leontyeva, rekonstruksiya loyihasi muallifi, Ludi Architects arxitektura byurosi rahbari.

Kutubxona kitob fondi 1965-yildan boshlab shakllanib, hozirga kelib 200 ming jildga yaqinni tashkil etdi. Restavratsiya ishlari davomida unga yana 21 000 ta kitob qo’shildi, ammo hozir foydalanish uchun faqat bir qismi mavjud — eng noyob namunalar tashrif buyuruvchilar kirishi mumkin bo‘lmagan yerto‘lada saqlanadi.

Kutubxona kartasi kitoblarni uyga olib ketish va kutubxonaning jihozlar kabi maxsus imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi ID-kartalarga almashtiriladi.

Respublika bolalar kutubxonasi Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47-uyda, “Bibigon” kafesi ro‘parasida joylashgan. U har kuni soat 10:00dan 21:00gacha ochiq. Kitob berish kutubxona yopilishidan 30 daqiqa oldin to‘xtatiladi. Kirish, shuningdek, barcha mahorat darslarida qatnashish bepul.

Ирина Перова
Muallif
Ирина Перова
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin