Bobur Yoʻldoshev, Dildora Rustamova, Hamza Umarov: oʻzbek mediasidagi mashhur qarindoshlar (3-qism)

So‘nggisi, ammo oxirgi emas: san’at va sahna yo‘lida nafaqat ijod, balki qondoshlik rishtalari ham kesishgan o‘zbek mediasidagi mashhurlar haqida jamlanmamizning uchinchi qismiga yetib keldik. Afisha.uz sizni o‘zbek mediasidagi qarindosh mashhurlar ro‘yxati bilan tanishtiradi.
Oybek Xolmedov va Ulug‘bek Xolmedov
“Baland poshnali tufligiz bormi?” satrlarini eshitmagan odamning o‘zi kam bo‘lsa kerak. “Ko‘zlarim yo‘lingda” filmi bosh qahramoni Ozod roli ijrochisi va “Mirzo” teatri asoschisi Mirzabek Xolmedov esa nafaqat sevimli kulgu ustasi, balki aktyor, rejissor va qo‘shiqlar ijrochisi sifatida ham tanilgan.
Mirzabek Xolmedovning to‘rt farzandi bor: Oybek, Ulug‘bek, Otabek va Durdona. Ulardan Oybek va Ulug‘bek otasining san’at yo‘lini davom ettirmoqda. Oybek Xolmedov bugungi kunda aktyor, xonanda, bastakor va prodyuser sifatida ijod qiladi. Uning “Yolg‘on edi”, “Go‘zalimsan”, “Masqaraboz” va “Ne deyman” kabi qo‘shiqlari keng ommalashgan. Ulug‘bek Xolmedov esa qiziqchi, aktyor va boshlovchi sifatida tanilgan bo‘lib, ko‘plab loyihalarda ishtirok etgan va “Qiziqchi 2025” tanlovida g‘olib chiqqan.
Dildora Bekjonova va Diyor Bekjonov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Aleksandr Bekjonov va Mehri Bekjonova nafaqat hamkasb, balki hayot yo‘lida ham hamroh bo‘lgan mahoratli aktyorlardir. Ularning ikki farzandi bor: Dildora va Diyor Bekjonovlar.
Katta farzand Dildora Bekjonova jurnalist va dublyaj aktrisasi sifatida faoliyat yuritadi. Ko‘pchilik uni tashqi qiyofasidan tanimasligi mumkin, ammo mashhur filmlar va seriallardagi ovozi orqali albatta eshitgan. U turk seriallari “Choliqushi"dagi Ferida, “Sevgi istirobi"dagi Nihon, shuningdek, “Muz yurak” multfilmidagi qahramonlarga ovoz bergan. Diyor Bekjonov esa ota-onasining izidan borib, aktyor va teleboshlovchi sifatida tanilgan. U “Aristokratlar” hamda “Aktyor” shoularida ishtirok etib, keng muxlislar e’tiborini qozongan.
Botir Muhammadxo‘jayev va O‘tkir Muhammadxo‘jayev
Xarizmasi va mahorati bir-biridan qolishmaydigan san’atkor aka-ukalar safida Botir va O‘tkir Muhammadxo‘jayevlar ham bor. Oilalarida san’atkorlar bo‘lmaganiga qaramay, Botir Muhammadxo‘jayev sahnaga aktyorlik va hajviy ijrolar bilan kirib kelgan va ssenariynavist sifatida ham oʻz oʻrniga ega. U “Tog‘lik kuyov”, “Sevginator” va boshqa filmlardagi rollari orqali tanilgan.
O‘tkir Muhammadxo‘jayev akasidan 5 yosh kichik bo‘lib, san’at sohasini tanlashda akasining izidan bordi. Aka-uka birgalikda ko‘plab loyihalarda ishtirok etgan. Ularning “Obid A” va “Obid shou” kabi hajviy ko‘rsatuvlardagi chiqishlari katta yoshli tomoshabinlarning yodida hanuz saqlanib qolgan.
Mavluda Asalxoʻjayeva va Jahongir Xoʻjayev
Mavluda va Guli Asalxo‘jayeva — o‘zbek estradasining yorqin vakillari. Opa-singillarning mashhurligi nafaqat o‘z ijodlari, balki qarindoshlari orqali ham davom etmoqda. Guli Asalxo‘jayevaning o‘g‘li Jahongir Xo‘jayev shou-biznes olamida “Sariq bola” laqabi bilan tanilgan. U “Real xit”, “Aktyor”, “Aristokratlar” kabi loyihalarda boshlovchi va prodyuser sifatida faoliyat yuritgan. Ayniqsa, “Real xit” teleko‘rsatuvi o‘z vaqtida katta tomoshabin auditoriyasini jalb qilgan bo‘lib, aynan shu loyiha Jahongir Xo‘jayevga keng mashhurlik olib kelgan. Ko‘rsatuv davomida tomoshabinlarning “Kimga ovoz berasiz?” degan savolga “Katta xolangizga” deya javob qaytarishi ham koʻrsatuvga qiziqishni oshirigan.
Alijon Isoqov va Vohidjon Isoqov
Oʻz muxlislariga ega boʻlgan isteʼdodli xonanda Alijon Isoqov oʻzining samimiy ijrosi va sahnadagi haroratli chiqishlari bilan tanilgan. U estrada yoʻnalishidagi qoʻshiqlari bilan xalq qalbidan oʻrin olgan boʻlsa-da, shaxsiy hayoti haqida deyarli maʼlumot bermagan. Yosh xonandalardan biri — Vohidjon Isoqov Alijon Isoqovning jiyani boʻlib, qisqa vaqt ichida oʻziga xos uslubiga ega qoʻshiqchilardan biri sifatida tanilgan. Uning “Salom sevgi”, “Borolmadim”, “Qaydan izlay” kabi qoʻshiqlari mavjud. Alijon va Vohidjon Isoqovlar ijodda ham hamkorlik qilib, birgalikda konsert dasturi taqdim etishan.
Bahordir Yoʻldoshev va Bobur Yoʻldoshev
O‘zbek teatr san’ati bu rejissyorsiz to‘liq bo‘lmagan bo‘lardi. O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti va san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev teatr san’atiga unutilmas asarlar taqdim etgan rejissyor sifatida e’tirof etiladi. U “Kelinlar qo‘zg‘aloni”, “Yulduzli tunlar”, “Maysaraning ishi”, “Qora kamar” kabi spektakllarni sahnalashtirgan. 7-sentabr — Bahodir Yo‘ldoshevning tug‘ilgan kuni bo‘lib, 80 yilligi munosabati bilan “Sahna — mening hayotim” nomli adabiy-ma'rifiy xotira kechasi hamda “Bahodir Yo‘ldoshev: teatr odam” hujjatli filmi premyerasi o‘tkazildi.
Uning o‘g‘li — aktyor va rejissyor Bobur Yo‘ldoshev ham ota-onasi, Bahodir Yo‘ldoshev va aktrisa Rima Ahmedovaning ijodiy yo‘lini davom ettirdi. Aktyor sifatida “Sevinch”, “Togʻa”, Kechikkan hayot", “Vatan” kabi film va boshqa spektakllarda yuzga yaqin rollarni ijro etgan. Hozirda u “Diydor” teatr-studiyasiga rahbarlik qilib, rejissyor sifatida faoliyat yuritmoqda.
Valijon Shamshiyev va Mushtariybonu Shamshiyeva
“Mirzo” teatri vakili, soʻz ustasi, aktyor hamda karate jang san’atidan qora belbogʻ sohibi Valijon Shamshiyev tomoshabinlarga turli obraz va rollar orqali tanish. U san’at sohasida koʻp farzandli ijodkorlardan biri boʻlib, 12 nafar farzandning otasi sanaladi.
Shamshiyevning katta farzandlaridan biri — Erkin Komilovning nabirasi Mushtariybonu ham san’at sohasiga qadam qoʻygan. U turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda “Layli va Majnun” guruhiga asos solgan. Ushbu duet oʻziga xos musiqiy yoʻnalishga ega boʻlib, “Daydi yurak”, “Bevafo”, “Ona qizim”, “Sevgi” kabi qoʻshiqlari mavjud.
Dildora Rustamova va Otabek Rustamov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, teleboshlovchi, jurnalist va dublyaj aktrisasi Dildora Rustamova Buxoro viloyatida aktyor Nasriddin Rustamov va aktrisa Gulnora Rustamovalar oilasida dunyoga kelgan. U oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, bir singlisi va ukasi bor.
Ukasi Otabek Rustamov esa “Shod” guruhi a’zosi bo‘lib, ota-onasi va opasi singari san’at yo‘lini tanlagan. Dildora Rustamova suxandonlik faoliyatidan tashqari filmda ham rol ijro etgan. U “Mehrobdan jayon” serialida Ra’no obrazi gavdalantirgan. Aktyorlik ota kasb bo‘lgani bois Otabek Rustamov ham xonandalik bilan birga bir nechta filmlarda rol ijro etgan. U “Qaysarlar”, “Yor-yor qani” kabi kartinalarda ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyon qilgan
Hamza Umarov va Shuhrat Umarov
Oʻzbek kino san’ati tarixida zabardast iste’dodi va sermahsul ijodi bilan alohida oʻrin egallagan san’atkorlardan biri — Hamza Umarovdir. U nafaqat aktyor, balki rejissyor va mohir dublyaj ustasi sifatida ham elga tanilgan. Umarov yuzdan ortiq filmda turfa xarakterlarni yaratib, oʻzbek kinosining oltin fondiga kiradigan unutilmas obrazlar qoldirgan. Uning ijodiy faoliyati “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”, “Qalbingga quloq sol” kabi filmlar orqali xalq qalbidan chuqur joy olgan.
Hamza Umarovning yolgʻiz farzandi — aktyor Shuhrat Umarov ham san’at yoʻlidan ketib, otasi an’analarini davom ettirmoqda. U “Snayper”, “Toshkent94”, “Ziddiyat” kabi filmlar va seriallarda ishtirok etib, zamonaviy oʻzbek kinosida oʻz oʻrnini topdi.
Hilol Nasimov va Fotih Nasimov
Taniqli aktyor, rejissyor va ssenarist Hilol Nasimov oʻzbek kino ixlosmandlari orasida yorqin ijodkor sifatida tanilgan. U “Tubanlik”, “Aldangan ayol”, “Nomus”, “Yodgor” kabi koʻplab filmlarda nafaqat aktyor sifatida ishtirok etgan, balki rejissyorlik mahoratini ham namoyon qilgan.
Hilol Nasimovning hamkasbi va oʻgʻli — Fotih Nasimov ham otasi izidan borib, yoshligidan kino san’atiga qadam qoʻygan. U ilk rollarini otasi filmlarida ijro etib, bugun mustaqil aktyor va rejissyor sifatida faoliyat yuritmoqda. Fotih Nasimov “Ilhaq”, “Meros”, “Gumrohlar”, “Tubanlik” kabi filmlarda rollar ijro etgan