Ozoda Nursaidova klip suratga olish jarayonida roʻy bergan fojiaga izoh berdi

Xonanda Ozoda Nursaidova klipini suratga olish jarayonida model Sabrina Jabborova mashina urib yuborishi oqibatida og‘ir jarohat oldi va nogironlik orttirdi. Bu haqda u oʻzining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Videoga biriktirilgan izohda yozilishicha, voqea 2024-yilning 7-noyabr kuni sodir boʻlgan. Oʻshanda Sabrina Jabborova Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” klipini olish jarayonida qatnashayotgan boʻlgan. Avtohalokat Mercedes G-Class (“Gelendvagen”) mashinasi rulidagi voyaga yetmagan 17 yoshli aktrisa S.M. boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida sodir bo‘lgan. Avtomobil aktrisani ikki marta urib yuborgan.
“Oldingi g‘ildirak butunlay uning ustidan o‘tgan, orqa g‘ildiragi esa qizning ustida aylanib o‘tgan. Voqea oqibatida Sabrinaning tos suyagi singan, singan suyaklar bachadon va siydik pufagiga zarar yetkazgan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Sabrina Jabborovaga bir soat ichida birinchi yordam ko‘rsatilmagan, oqibatda u 3 litr qon yo‘qotgan. Keyinchalik u 4-sonli shahar kasalxonasiga olib borilgan, u yerda shifokorlar tomonidan to‘qqiz soat davomida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
“Ammo chanoq-son bo‘g‘imida xatolik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, natijada chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib qolgan, Sabrina esa nogiron bo‘lib qolgan”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq jabrlanuvchi shifokorlar uning hayotini saqlab qolish maqsadida shoshilinch operatsiya paytida qon ketishini to‘xtatish uchun tos suyagini noto‘g‘ri mahkamlaganini ma’lum qilgan edi.
“Ular bu haqda menga darhol aytishmadi, faqat uch oydan keyin ahvolimni ma’lum qilishdi. Shu vaqt ichida suyaklarim noto‘g‘ri bitdi va endi chap oyog‘im 7 sm uzunroq. Buni to‘g‘rilash uchun yana tos suyagimni sindirib, qaytadan mahkamlab qo‘yishadi. Shifokorlarning aytishicha, bunday operatsiya 0,5−1 foiz hollarda uchraydi. Ko‘pincha bunday baxtsiz hodisalarda odamlar halok bo‘ladi, lekin men tirik qoldim”, — dedi u o‘tgan hafta.
Ta’kidlanishicha, tasvirga olish tashkilotchilari va boshqa aybdorlar jabrlanuvchiga tegishli yordam ko‘rsatmagan. To‘rt oy davomida ular faqat 500 AQSh dollaridan to‘lashgan, buni suratga olishning texnik qoidalarini buzganlik uchun jarima deb hisoblashgan. Jabrlanuvchining onasi Sabrinani oyoqqa turg‘izish uchun yordam so‘raganida, u faqat quruq va’dalar va tahdidlar eshitgan. Unga voqea materiallari internetda tarqatilsa, jabrlanuvchiga yordam berish butunlay to‘xtatilishi aytilgan.
Gazeta.uz Ozoda Nursaidovaning menejeri Dilmurod Sattorov bilan bogʻlanib, yuqoridagi holat boʻyicha izoh olgan. Uning nashrga ma’lum qilishicha, uning jamoasi “Dilbarim” klipini suratga olish jarayonida ishtirok etmagan.
“Biz rejissyor va uning jamoasidan klip suratga olishni buyurtma qildik. Voqeadan xabar topgach, Ozoda bilan birga darhol maydonga yetib bordik. Voqea joyida tez yordam shifokorlari yordam ko‘rsatayotgan ekan. Keyinroq „Tez yordam“ mashinasi keldi, men u bilan birga shifoxonaga bordim. U 3−4 soat davomida tekshirildi va operatsiya qilindi”, — degan u.
Sattorovning aytishicha, voqeaga 3 oy boʻlgan boʻlsa, Ozoda Nursaidova har oy xabar olib turgan. Bundan tashqari, klip ustida ishlagan ijodiy guruh ham uning holidan doimo xabar olib turgan.
“Shifokorlar qizga uch oy davomida bir joyda yotib, davolanishni tavsiya qilgan. Biroq oradan uch oy o‘tar-o‘tmas u yana bir loyihaning suratga olish jarayonida ishtirok etdi. Eshitishimcha, u suratga olish paytida yiqilib tushgan. Shifokorlar operatsiyani Hindistonda yoki Sankt-Peterburgda o‘tkazish kerakligini aytgan. Keyinchalik onasi bu borada bizga qo‘ng‘iroq qildi. Hozirda tergov harakatlari ketayotgani, sud qarori chiqqandan keyingina yakuniy qaror qabul qilish mumkinligi, kim aybdorligini aynan sud belgilashini tushuntirdik”, — deydi u.
Menejerning aytishicha, jabrlanuvchi qizning atrofidagilar unga yangi uy sotib olishni muhokama qilishgan, biroq Ozoda Nursaidova bunga rozi bo‘lmagan.
Ozoda Nursaidova 12-mart kuni oʻz Instagram sahifasiga salkam 10 daqiqali videomurojaat joyladi. Xonanda bunda yuqoridagi holatga izoh bergan. Nursaidovaning oʻzi ham klip suratga olish jarayonida uning jamoasi qatnashmaganini alohida qayd etib oʻtdi.
“Xonanda — buyurtmachi. Klip suratga oluvchi jamoa yigʻiladi, har biro damning oʻz vazifasi boʻladi. Suratga olinadi va san’atkorga beriladi. U yerga kelayotgan har bir ishtirokchi - xoh aktrisa boʻlsin, xoh „massovka“ yoki texnik guruh boʻlsin, ular - frilanser. Ularning xavfsizligi uchun men javob bermayman”, — deydi xonanda.
Ozoda Nursaidova bu insident haqida telefon orqali eshitgani va hayron boʻlganini ta’kidlagan. Klip ssenariysi boʻyicha hech kim mashina haydamasligi kerak boʻlgan. Uning ta’kidlashicha, voqeadan soʻng Sabrina Jabborovaga zudlik bilan tez yordam koʻrsatilgan.
“Ommaviy axborot vositalarida notoʻgʻri maʼlumotlar ketmoqda, masalan, yordam koʻrsatilmagan, tez yordam chaqirilmagan, qon yoʻqotilgan, deb. Aytilmoqchi boʻlganim, Sabrinaga birinchi yordam koʻrsatilgan, operatsiyasi oʻtkazilgan, qon quyish amalga oshirilgan va har qanday tibbiy yordam koʻrsatilgan. Shu kungacha ham yordam koʻrsatilmoqda”, — deydi u.
Bundan tashqari, Ozoda Nursaidova Instagram sahifasida stori joylagan. Unda yozilishicha, bu voqealar “har doimgidek konsertoldi provokatsiya”. Xonandaning iddaosicha, “buning ortida jamoatchilik fikrini oʻzgartirishga qodir, oqni qora, qorani oq, deb targʻib qila oladigan sehrgarlar turibdi”.
Ma’lumot uchun, Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” qoʻshigʻiga ishlangan klip 2024-yilning 12-dekabrida premyera qilingan. U hozirgacha 27,5 mlndan ortiq tomosha qilingan.