“Odamlarning qo‘shiq eshitish va uni „hazm“ qilishga toqati yo‘q” – Yulduz Usmonova bilan intervyu

E’lon qilingan sana· 12 868
“Odamlarning qo‘shiq eshitish va uni „hazm“ qilishga toqati yo‘q” – Yulduz Usmonova bilan intervyu

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 8−27-fevral kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Yigirma kunlik dasturini jonli ijroda namoyish qilayotgan o‘zbek estradasi primadonnasi konsert arafasida OAV vakillarning savollariga javob berdi.

Afisha.uz muxbiri ham intervyu davomida Yulduz Usmonovaga bir qancha savollar berib, ularga izoh oldi. Intervyuning toʻliq shakli Afisha.uz YouTube kanaliga joylandi, quyida undan ba’zi qismlarini matn shaklida keltiramiz.

“Odamlarni qo‘shiq eshitish va uni „hazm“ qilishga toqati yo‘q”

Bu yilgi konsertim nostalgiya emas, 90 foiz qo‘shiqlar yangi. Qolgani yil davomida muxlislar uchun taqdim etilgan taronalarni tashkil etadi. O‘ylaymanki, mazkur konsertim ham 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha muxlislarini albatta, topadi. Chunki repertuarga ham zamonaviy, ham milliy qo‘shiqlarni kiritib, hamma muxlislarga teng e’tibor qaratganmiz.

Har safar akademik konsert o‘tkazishni istayman, shunga odatlanganman va shu sababli taronalarni asosan, o‘zim yozaman. Bu yil O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov she’rlaridan ayrimlarini ijro etdim. Uning ijodida kuyga tushadigan she’rlar juda ko‘pligiga yana bir marta amin bo‘ldim.

To‘g‘ri, shoirlarning yaxshisi kam hozir. Lekin tinglovchilar, ayniqsa, yoshlarning qo‘shiqlarni “hazm” qilishini ham o‘ylashimiz kerak. Ikkita og‘ir qo‘shiqni ketma-ket ijro etsangiz, uchinchisiga uxlab qoladi. Og‘ir qo‘shiqlarning so‘zlari ham ko‘pincha og‘ir bo‘ladi, bu esa tinglovchini charchatib qo‘yadi. Hozir zamon shunaqa tezlashdiki, odamlarni qo‘shiq eshitishga va uni “hazm” qilishga toqati yetmaydi. O‘zi hayot shundoq ham oson emas, uchta og‘ir tarona bilan charchatib qo‘yamiz, bu ham aslida yelkaga yuk. Shuning uchun yengil qo‘shiqlar ham kerak, konsert dasturi aralash bo‘lishi lozim. Xalqimiz raqsni, o‘yinni juda yaxshi ko‘radi. O‘yinbop taronalar ham repertuarda doim bo‘lishi kerak.

Puliga chipta olib konsertga kirgan muxlislarni yoshi ham, dunyoqarashi ham har xil bo‘ladi. Kattalar yoshlarga ko‘nadi, yoshlar esa kattalarga ko‘nadi (kuladi).

“Raqqosalarga e’tibor kam, imtiyozlar yo‘q”

Yulduz Usmonova suhbat davomida raqqosalarga ham toʻxtalib oʻtdi. Xonandaning aytishicha, ular davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak.

“Raqqosalarimiz bilan to‘ylar, tadbirlarimiz juda chiroyli o‘tadi. Lekin ularga e’tibor kam, imtiyozlar yo‘q. Shu bois hammasi o‘zini to‘yga urib yubordi. Raqqosalar nafaqaga chiqquncha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Davlatni o‘zi o‘qitganidan keyin o‘zi ishlatishi kerak-da.

Xalqimiz raqsni yaxshi ko‘radi. Raqs doim birinchi planda turadi. Raqqosalarni yuqoriroq darajaga qo‘yishimiz kerak. Ularga e’tiborni kuchaytirishimiz, moddiy tomonlama qo‘llovni ham yaxshilashimiz zarur. Raqqosalarning o‘zlari ham konsertlar qo‘yishi, biz borib, tomosha qilishimiz lozim", deydi Yulduz Usmonova.

“Hech kim Halima bo‘lolmaydi, hammaning o‘z o‘rni bor”

Xonanda marhuma Halima Ibragimovani ham eslab, insonlarni borida qadrlashga chaqirdi.

“Halima [Ibragimova] men uchun o‘lmagandek yashayapti. Lekin hammamiz o‘limga tayyor turishimiz kerak, barchamiz issiq jonmiz. Ertagami yoki bir yildan keyin men ham oralaringizda bo‘lmay qolishim mumkin. Bu hayot, Inna lillahi va inna ilayhi rojiun: Undan keldik, unga ketamiz. Eng xursand bo‘ladigan joyi: Halima o‘tgani bilan uning o‘rni bor. Inson bo‘lib kim nima qoldirdi? Har kim har narsa dedi, lekin hamma Halimani xotirlayapti. Kecha ustidan yozganlar bugun mehribonchilik qilyapti. O‘shani ko‘rib, kulgim qistaydi. Shuning uchun insonga tirikligida mehribonchilik qilish kerak, o‘lganidan keyin unga hech narsa kerak emas. Mendan so‘rasangiz, u men uchun o‘lmagan. Hech kim Halima bo‘lolmaydi, hech kim Yulduz bo‘lolmaydi, hammaning o‘z o‘rni bor.

Kecha Halimani yomon ko‘rganlar, ustidan gapirganlar bugun esa mehribon. Men shunga xayron qolaman. Axir tirikligida uni yomonlab, ustidan yozib, televideniyedan chiqib ketishiga sababchi sizlar emasmidilaringiz? O‘ladigan paytida televideniyega chiqmay o‘lib ketdi, armon bilan o‘tib ketdi. Borligida qiymatini bilmay, orqasidan mehribonchilik qilmanglar.

Mana Obid [Asomov] o‘rtog‘im, ne-ne aktyorlar o‘tib ketdi. Vaqti-soati kelib men ham tark etaman dunyoni, lekin Allohning yoniga qanday borishim haqida o‘ylayman. Men marhum do‘stlarimning ortidan duo qilmasam, qanday do‘st bo‘ldim, deb o‘ylayman. Qayerda bo‘lsam, o‘tib ketgan yaqinlarim haqiga duo qilishlarini, eslashlarini so‘rayman. Eng muhimi, yaqin insonlarni borida qadrlash kerak baribir", — deya ta’kidlaydi Usmonova.

“Meni bir paytlar „ovcharka“, deb tanitishgan”

Tanimagan odamga loy otmaslik kerak, odamni olasi ichida bo‘ladi. Lekin tanigan odamning yoniga kelib, mish-mishlarga o‘zidan izoh so‘rash kerak. Men haqimda nimalar deyishmaydi?! Meni bir paytlar “ovcharka”, deb tanitishgan. “Unga yaqinlashib bo‘lmaydi, kayfiyati yo‘q”, deyishardi. Sababi shuki, o‘rtada turganlar menga odamlarni yaqinlashtirmay, o‘zi o‘rtada turib, pulini ham olardi, tanishini ham tiqishtirardi, menga odam yaqinlashmasa bo‘ldi edi. Vaqt o‘tib, buning yolg‘onligini odamlar bilyapti. Sizga ham sal haqiqatsizlik qilsa yoki keraksiz g‘iybat bo‘lsa, ovozingizni o‘chiring, bunga meni aralashtirmang, deysiz. To‘g‘rimi? Shunday javob bersangiz, shubhasiz ko‘pchilikka yoqmaysiz. O‘rtada yurgan hamma odam ham rostgo‘y, tartibli, degani emas. Qo‘liga mikrofon olgan odam ham halol degani emas. Odamni olasi ichida bo‘ladi.

“Qizim mendan xabar olmasligi mumkin, lekin muxlislarim xabar oladi”

Birovdan qo‘rqadigan, uyaladigan joyim yo‘q, men shunaqaman, borim shu. Ha, men Halima o‘tganidan keyin ham, akam o‘lganida ham to‘yga bordim. Chunki odamlar menga ishonib dasturxon yozib qo‘ygan, mehmon chaqirib qo‘ygan. Xizmat qilish mening vazifam. Men shuni bo‘ynimga olib, shu kasbni tanlaganman. Men charchadim, mazam yo‘q, deya olmayman. Biz eski maktabning san’atkorlarimiz.

Turmush o‘rtog‘im “bor, chiqib xizmatingni qil”, desa deydiki, to‘yga bormaysan, demaydi. Agar shunday deydigan bo‘lsa, o‘sha kuni oila ham tugaydi. U mening ishimni bo‘yniga olgani, muxlisimni qabul qilgani uchun biz bir oilamiz. Mening oilam — muxlislarim. Qizim mendan xabar olmasligi mumkin, lekin muxlislarim mendan xabar oladi. Hayot va san’at shunday ekan-da, yoshligimizda ustozim Gavharxonim Rahimovanikiga ko‘p borardik, “Hecham nevaralari kelmaydiya?”, deb xayron bo‘lardim. Chunki ular oyda, yilda bir mehmon bo‘lib kelardi. Biz esa har kuni yonida edik. Hozir o‘ylab ko‘rsam, ularning muxlislari biz bo‘lgan ekanmiz. Shogirdlar o‘z farzandingdek bo‘lib qolarkan.

“Hasadgo‘ylarga rahmat aytaman”

Toshkentga kelgan ilk yillarim gapimni topib gapira olmasdim. U paytdagi Yulduz umuman boshqacha edi: yuvosh va atrofga qo‘rqib qarardi. Hasadgo‘ylarga ham, dushmanlarga ham rahmat aytaman. Ular bo‘lmaganida Yulduz Usmonova porlab, yonib chiqa olmasdi. Lekin buni hamma men kabi qabul qilsa, boshqa gap…

Oddiygina bir misol, yaqinda bir konsert banneri haqida gapirib, “Eshitdingizmi, rasmingizni kichkina qilib, pastga qo‘yib, falonchini rasmini katta qilib qo‘yishibdi”, deyishdi. “Menga baribir, rasmimni qo‘yishmasa ham mayli, gonorarimni berishsa bo‘ldi”, dedim. Ko‘pchilik rasmni katta qilib qo‘ysam, men uning ustiga chiqdim, deb o‘ylaydi. Bu rasm. Hayotda ro‘paramga kel, sen oyoqni tagida qolasan. Hammaning o‘z o‘rni bor. Sen ro‘paramga kelsang, joyingni ko‘rsataman. Lekin sen rasm bilan olishadigan bo‘lsang, nima foydasi bor? Men bilaman, o‘zimning hamkasblarim orasida rasmimni qo‘yib, unga bolta otib, nina tiqib o‘tiradiganlar bor. Uyimga kelib qanchasi aytib ketadi. Men Allohga shukur qilaman, ular rasm bilan olishyapti. Agar mard bo‘lib kelsa, ularga joyini ko‘rsatib qo‘yaman.

Meni yuvosh bo‘ldi, hojiona bo‘ldi, deyishadi. Men hojiona bo‘lib o‘zimni ushlagandirman, lekin joyi kelsa haliyam kuch-quvvatim yetadi, gapimniyam gapiraman, kerak bo‘lsa qo‘lim bilan joyiga ham o‘tqizaman, kallasini ham yorib qo‘yaman. Chunki yaxshi gapga quloq solmagan odam kaltak bilan odam bo‘ladi-da. Har kim joyini bilishi kerak. Men nima qilaman muxlis talashib? Muxlis mendan qo‘rqqanidan kelayotgani yo‘q-ku konsertga, ijodim uchun kelyapti. Aslida hasadgo‘ylar ham menga katta muxlis. Ular meni ko‘rmasa uxlolmaydi.

“Musiqiy loyihalar orqali ishsizlikni ko‘paytiryapmiz”

Musiqiy televizion loyihalarga hakamlik qilishga juda ko‘p takliflar bo‘ldi. Men rad qilganimdan keyin boshqa san’atkorlarga taklif bilan chiqishdi. X-faktor va boshqa xalqaro loyihalarga qaranglar, hammasi eng zo‘rlarini olib chiqadi, lekin ular ichida xalqqa chiqib xizmat qilgani bormi? O‘shandek Amerikada ham Céline Dion, Whitney Houston va to‘rt-besh nafari bor xolos. Turkiyada ham barmoq bilan sanarli. Nega qolganlari yo‘q? Xudo yuqtirgan ham bo‘lishi kerakmi? Men nima qilaman ularni umidvor qilib?

Bir marta mikrofon ushlab, sahnaga chiqqan odam ertaga pomidor ham sota olmaydi, ketmon ham chopolmaydi. O‘sha bechoralarni taqdiri buzilyapti. Ish bilan ta’minlay olmasang, sahnaga olib chiqma, mikrofon berma. Mikrofon — bu kasallik, ertaga mahallani yulduzi bo‘lganidan keyin narigi mahallaga ham o‘tib, mashhur bo‘lishim kerak, deydi. Keyin arosat qo‘shiqchi bo‘lib yuraveradi. Ishsizlikni ko‘paytiryapmiz. Bu hakamlar ertaga oyligini olib, ketadi. Ishtirokchilar tanqidni ham esdan chiqaradi. Meni esa bunga sababchi bo‘lgim yo‘q.

Intervyuning toʻliq shaklini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling