Ixcham ijodiy kecha: Ohista Jamshid va "Dalahast" guruhi konsertidan reportaj

21-fevral kuni “Art House Hamsa” teatrida xonanda Ohista Jamshid va “Dalahast” guruhi konserti bo‘lib o‘tdi.
Dastur davomida san’atkor 2023-yilda e’lon qilingan “Yo‘l yurarman” albomidagi barcha 12 ta qo‘shiqni ijro qildi.
Shuningdek, konsertda Ohista Jamshid shoira Mehrinoz Abbosova qalamiga mansub “Musavvir” she’ri asosida ishlangan qo‘shiqni premyera qildi.
“Ohista opa hozir taqdim etiladigan yangi qo‘shiq muallifi ham oramizda o‘tiribdi deganlarida kim ekan bu shoir deya havas qilgandim”, — deya ta’kidladi adiba.
Shundan so‘ng Anif taxallusi ostida ijod qiluvchi shoira Nodirabegim Ibrohimovaning yangi “Oqdan qizilga” to‘plamiga kirgan ikkita she’ri asosida ishlangan qo‘shiqlar ham premyera qilindi.
Konsertga 100 dan ortiq tomoshabin keldi. Xonanda dastur davomida muxlislar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning ko‘pchiligini nomma-nom tanishini isbotladi.
“Hozir premera qilingan qo‘shiqlar hali juda ham yangi. Hatto studiyada yozib ham olinmagan. Yana bir nechta taronalar to‘plansa, bitta albom shaklida muxlislarga taqdim etmoqchimiz”, — deydi Ohista Jamshid.
San’atkor “Afisha.uz” muxbiri bilan suhbatda jamoasi bilan birgalikda har oy konsertlar tashkil qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Buning uchun tashkiliy ishlar boshlab yuborilgani qo‘shimcha qilindi.
Muallif: Humoyun Mahkamov