Shahram Gʻiyosov ayiq bilan mashgʻulot oʻtkazgani uchun jarimaga tortildi
Oʻzbekistonlik taniqli bokschi Shahram Gʻiyosov dekabr oyi oxirida oʻz Instagram sahifasiga mashgʻulot zalida ayiq bilan jang qilgani aks etgan video joylashtirgandi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokama va e’tirozlarga sabab boʻlgandan soʻng video oʻchirilgandi.
Shundan soʻng “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati videoni ko‘rib hayratga tushgan fuqarolardan xabarlar olganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, videoda boshqa sportchilar ham borligi aytiladi. Ayiqning tirnog‘i yo‘q, deya aniqlik kiritishgan jamoatchilik vakillari.
Undan keyin bu holat qaysi sport zalida boʻlgani aniqlangan. “Buka Gym” o‘z sport zalida bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan jang qilgani aks etgan video uchun uzr so‘ragan.
“Biz zallarimizdagi har qanday hayvonlar bilan bunday tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamaymiz va ma’qullamaymiz. Biz buni klubimiz qoidalariga zid deb hisoblaymiz. Bu bizning loyihamiz, bizning mediamateriallarimiz emas edi va hech bir xodimimiz bu jarayonda ishtirok etmagan”, — deya ma’lum qildi kompaniya.
6-yanvar kuni Ekologiya vazirligi Shahram G‘iyosovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani va u bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 mln 125 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, holat Ekologiya vazirligi ekologik nazorat inspeksiyasi va IIV xodimlari tomonidan o‘rganilib, video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olingan. Shuningdek, ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilgan.
“O‘z navbatida Shahram G‘iyosov uzr so‘rab, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik Telegram kanalida bokschi bilan suhbat oʻtkazilgani tasvirlangan videoni ham joylashtirgan.