“Bolalikda hatto oʻylash taqiqlangan orzularimizni amalga oshirmoqchimiz”: "Q.zlar" shoubiznesga kirib kelishi haqida
Oʻzbek shou biznesida qizlardan iborat guruhlar boʻlgan, ammo rep yoʻnalishida esa hali bundayi deyarli uchramagan. 12-dekabr kuni aynan ilk shunday guruh oʻzining birinchi trekini premyera qildi. Guruh nomi ham oddiy va tushunarli — “Q.zlar”. Ularning dastlabki klipi bir haftada YouTube’da 70 mingdan ortiq koʻrildi. Afisha.uz qizlarning oʻzi va leybl prodyusseri bilan suhbatlashdi.
Bundan bir yil oldin Afisha.uz Konsta bilan katta intervyu uyushtirgandi. Reper oʻsha suhbatda yangi leybl ochilayotgani va jamoaga ijrochilar test qilinayotgani haqida gapirib bergandi. Oradan bir yil oʻtdi va “Q.zlar” guruhi tashkil qilinib, birinchi treki premyera qilindi. “Yuz Label"ning YouTube sahifasida bu qoʻshiqdan tashqari Axror Alixonovning “Uyda kutishadi” ashulasi joylangan. Ya’ni leyblda u ham bor (va Boriy).
“Yuz Label” ijodkorlari
Foto: Instagram / farkhodova.di
“Q.zlar” kim?
“Girl band” uch kishidan iborat: Amira, Shaxlo va Dinora. Ular Toshkent davlat Yuridik universiteti talabalari.
Chapda Amira, markazda Dinora, oʻngda Shaxlo
Foto: Instagram / farkhodova.di
Shaxlo va Dinora Navoiydan, ular musiqa maktabida oʻqigan va oʻrta maktabda tanishishgan.
Shaxlo
Foto: shaxsiy arxividan.
Amira esa Buxorodan. U 2021-yilda sportning badiiy gimnastika boʻyicha erishgan yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Hozirda ushbu sport turi boʻyicha sport ustasi hisoblanadi.
Ular avvaldan turli qoʻshiqlarga kaverlar qilib turgan. Ba’zi qoʻshiqlari Instagram sahifalarida mashhur boʻlgan.
“Oldin kaverlar chiqarganmiz, guruh boʻlib, birga ijod qilish fikri Shaxloda chiqqan. Chunki oʻqishdan tashqari qiziqishlarimiz musiqa va raqs boʻlgan. Boshida guruhda 7 kishi boʻlganmiz. Ammo vaqt oʻtib, eng koʻp harakat qilgan va guruhning kelajagini koʻrolgan mana shu uchchalamiz qolganmiz. U paytlarda qachondir oʻzimizning qoʻshiqlarimiz boʻlishi va leybl orqali debyut qilish hayolimizga ham kelmagandi”, — deydi Dinora.
Biz “Yuz Label” prodyusserlaridan biri Abdulbosit Hamidboyev (rep muxlislariga MORF taxallusi bilan tanish) bilan ham suhbatlashdik. Uning soʻzlariga koʻra, leybl tashkil qilinayotgan paytda qizlarning yuqoridagi kabi kaverlari uchrab qolgan va leyblning oʻzi qizlarga taklif bilan chiqqan.
MORF (Abdulbosit Hamidboyev)
Foto: Instagram / @morfin.keks
Intro
Qizlardan guruhining birinchi qoʻshigʻi “Intro” deb nomlandi. Bundan qizlar oʻzini bu sohaga kirib kelayotganini bildirib, qoʻshiq orqali oʻzlarini “tanishtirgan”. Bu qoʻshiqda ijrochilar birga kuylamaydi, ularning alohida-alohida treklari bor.
Foto: “Q.zlar” shaxsiy arxividan
Dastlab bu trek Konstaning 12-oktyabrdagi konsertida muxlislarga premyera qilingan, ammo platformalarda e’lon qilinmagandi. Bunining sababini MORF quyidagicha izohladi:
“Konsert vaqtida ularning kliplari hali tayyor emas edi, lekin konsert ular uchun birinchi oʻrinda yaxshi tajriba va oʻzlarini tanishtirish uchun yaxshi imkoniyat boʻlgani uchun biz uni qoʻldan boy bermaslikni tanladik”.
“Intro"ning soʻzlariga e’tibor berilsa, zamonaviy soʻzlar va oʻxshatishlarga boy. Men MORFning ijodini oldindan bilgan inson sifatida va soʻzlar, oʻxshatmalar terilishidan kelib chiqib, qoʻshiq matnini u yozgan deb oʻyladim. Va bu qisman toʻgʻri boʻlib chiqdi.
“Introning gʻoyalarini men qilganman, matnida esa Sharif akaning (Konsta) ham ishtiroki bor, ya’ni bu faqatgina mening ishim emas. Bu butun jamoa bilan qilingan ish, jamoada esa biz faqat ikki kishi emasmiz”, — deydi MORF.
Mening yuqoridagi fikrimga qisman qoʻshiqdagi mana bu qismlar ta’sir qilgandi: “…oʻzimga xoʻjayin, istarali chayon”; “…qornimdagi kapalaklardan qildim mastava”, “…vaznim 40, parhez — bu palov”. Snippetlar va qoʻshiq ostidagi izohlarni oʻqib chiqqanimda esa aynan ikkinchi oʻxshatish — “…qornimdagi kapalaklardan qildim mastava” gapi koʻpchilikka tushunarsiz boʻlayotgan ekan. Buni Dinoraning oʻzidan soʻradik.
“Bu metafora, rus tilida „бабочки в животе“ degan ibora bor, bu sevib qolish, sevgi ma’nosini bildiradi. Mening qatorlarim esa hech qanday sevgi-pevgi yoʻq ekani, men undan mastava qilganimni anglatadi”, — deya tushuntiradi Dinora.
Buning ortidan esa hazil aralash savol bilan yuzlandik: “Vaznim 40, parhez — bu palov” — sizda rostan ham shunaqami?
“Rostan, Dinoraning vazni 43, parhez esa hech qachon qilmaydi, faqa-a-t palov, somsa, mantilar…”, — deydi u.
Dinora
Foto: Shaxsiy arxividan
Shuningdek, Abdulbosit Hamidboyev qizlardagi obraz yaratilmagani, aksincha — ularning obraziga qarab ashula yozilganini alohida qayd etib oʻtdi. “Bizda ijodiy leybl, millionlar yoʻq. Shuning uchun biz odamlarni „yasamaymiz“, ular bilan ijod qilamiz”, — deya qoʻshimcha qiladi u.
Dinora esa obraz va still boʻyicha quyidagilarni aytib oʻtdi:
“Bu biz real hayotda qanday boʻlsak, xuddi shunday obraz. Biz aldamaymiz, oʻzimiz qanday bo‘lsak, shundayligimizcha ko‘rsatamiz. E’tibor qaratmoqchi bo‘lgan asosiy narsa — biz an’anaviy liboslarimizni unutmaymiz va obrazlarga o‘zbekcha detallarni qo‘shganmiz, buni klipda koʻrishingiz mumkin”.
Dinora
Foto: Instagram / farkhodova.di
“Bolalikda hatto oʻylash taqiqlangan orzularimizni amalga oshirmoqchimiz”
Yuqorida aytganimizdek, qizlar Yuridik universtiteti ta’lim olishadi. Ular nega bu sohada boʻla turib qoʻshiq aytishni tanlagani, kelajakda qaysi sohani tanlamoqchi ekanini soʻradik. Dinoraning soʻzlariga koʻra, ularning yuridik sohani ham birdek olib ketish niyatida.
“Birinchi navbatda, yuridik soha judayam qiziqarli va har taraflama rivojlangan. Bu sohada ketish niyatimiz bor, ammo hozir bolalikda hattoki oʻylash taqiqlangan orzularimizni amalga oshirmoqchimiz. Chunki biz shuni tushunib yetikki, orzu qilish, bunga ishonish va albatta harakatdan toʻxtamaslik kerak. Hali nafas olyapmizmi, demak hamma narsaning iloji bor”, — deydi Dinora.
Amira
Foto: Shaxsiy arxividan
Oʻz oʻrnida ularning prodyusseri MORF ijodiy yoʻnalish haqida toʻxtalib oʻtdi. Qizlar avvaldan shu yoʻnalishda ijod qilgan va birinchi treki ham aynan shunday boʻlgan, uning aytishicha, kelgusida ham hip-hop yoʻnalishida ketish-ketmasligi hali ma’lum emas.
“Qizlar bu yoʻnalishda ijod qilgani bu ikki tomonlik qarsak desa ham boʻladi. Ularni kaverlari shunga yaqin yoʻnalishda edi va biz ham Oʻzbekistonda bu yoʻnalishda qizlar boʻlmagani uchun birinchilardan boʻlish qiziq koʻrindi. Aynan shu yoʻnalishda qolishiga kelsak, biror narsa deyish qiyin. Oʻzgartirsak ham bu asta sekinlik bilan boʻladi va oʻylaymanki, kuzatuvchilar buni sezishmaydi ham”, — deydi Abdulbosit Hamidboyev.
MORFning soʻzlariga koʻra, “Q.zlar"ning keyingi treki boʻyicha gʻoyalar allaqachon tayyor va keyingi yil boshlariga ulardan yangi qoʻshiq kutish mumkin.