"Osh boʻlsin": "qullik asorati" tamgʻasini olgan nahorgi oshning foydalari va zararlari qanday?
Oʻzbekistonda osh taomi bilan bogʻliq boʻlgan har xil urf-odatlar bor. Ularning eng mashhuri nahorgi osh boʻlib, unda odamlar tong saharlab osh yeyish uchun yigʻiladi. Soʻnggi vaqtlarda ushbu urf-odatni tanqid qiladiganlar ham koʻpaydi. Bunga sabab qilib, tongda uygʻonishning qiyinligi va saharda osh yeyish sogʻliq uchun ham zararligi sabab qilib keltirildi.
Afisha.uz esa nahorgi osh haqida ba’zi fikrlarni yigʻishga qaror qildi. Shuningdek, gastroentrolog Shahnoza Sharipova bilan bogʻlanib nahorgi oshning sogʻliqqa ta’siri qanday ekanini soʻradi.
Hammasi nimadan boshlandi?
Ushbu mavzuda har xil fikrlar doimo boʻlgan. Biroq “33 savol” loyihasida ishtirok etgan sobiq deputat Rasul Kusherbayevning fikrlari koʻplab munozaralarga sabab boʻldi. U oʻz fikrida nahorgi oshni “qullik asorati” deb atadi.
“Nahorgi osh berishni qullik asoratining bir koʻrinishi deb bilaman. Chunki ilgari davrda qullarga, feodal zamonlarda oddiy xizmatchilarga dam olish kuni ham berilmagan. Ular shu huquqdan ham mahrum boʻlgan.
Oʻzining yaxshi kunida ham bir kun dam olishi boʻlmagan, faqat mehnatdan iborat, mehnat obyekti sifatida qaralgan. Toʻyi kunida ham shunaqa sharoit berilmagan. Ertalab turib, ovqatini yesin-da, ishga chiqsin. Ya’ni bu huquqsizlikning, sharoitsizlikning ortidan kelib chiqqan holat boʻlgan", — dedi Rasul Kusherbayev.
Bundan tashqari, u intervyuda nahorgi oshning sogʻliq uchun ham zararligini ta’kidlagan.
X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻidagi fikrlar
Sobiq deputatning ushbu soʻzlari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻida turli xil fikrlarga sabab boʻldi (sirasini aytganda X foydalanuvchilari osh haqidagi istalgan fikrni jiddiy qabul qilishi va bu boʻyicha bahslashishi mumkin).
“Nahorgi oshlar ko‘p kechki qimmat to‘y bazmlar o‘rniga yaxshi variant bo‘lib kelyapti, ba’zilarga. Oshni „qullar“, „feodalizm“ asorati deyish bu tarixni bilmaslik va hali ham bolshevik prizmasida yurayotganini anglatadi”, — deya fikr bildirdi foydalanuvchilardan biri.
Albatta, bu mavzuda hazil qilganlar ham boʻldi.
“Samolyotlar ertalab nahorga uchishi — qullik davri alomati”, — deya yozdi yana bir foydalanuvchi.
Osh uchun eng qulay payt nahor payti ekani ham ta’kidlandi.
“Xullas osh uchun eng qulay payt — nahor payti. Hech kim ishda bo‘lmaydi, birov bezovta qilmaydi telefon qilib, yoshlar mashinasida ota-bobolarini olib boradi, hamma uyidan boradi, uchrashish, chaqchaqlashish uchun qulay. “Обед"da bunday ishlar ilojsiz, kamida 2 soat vaqt ketadi, xalq ishda bo‘ladi”, — deya yozdi foydalanuvchilardan biri.
Boshqa fikrlar
Ushbu mavzuda boshqalarning ham fikrlarini oʻrganishga qaror qildik. Jumladan, Gazeta.uz sayti direktori Davlat Umarov nahorgi osh amaliy jihatdan ahamiyatini yoʻqotib, an’ana sifatida saqlanib qolganini ta’kidladi.
“Men oʻzim sotsiologik tadqiqot oʻtkazganim yoʻqkuya, lekin nahor oshi tushunchasining bizda paydo boʻlishi bir necha asrlar oldin bizning xalqimizning, ajdodlarimizning turmush tarzi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin degan farazim bor. Ya’ni, tasavvur qiling, bir necha asrlar oldin, aholining katta qismi dalada mehnat qilib roʻzgʻor yuritgan paytlarda, dehqonlar tong sahardan nonushta qilib, chiqib ketishgan va tushlik paytidan keyin, ya’ni bizning iqlim sharoitimizdan kelib chiqib jazirama tushgach dam olishga ketishgan.
Ya’ni tong sahardan boshlab tushlikkacha payt — dala ishchilari eng faol mehnat qiladigan payt boʻlgan. Bunday turmush tarzi boʻlib turgan bir paytda, aholining katta qismini qandaydir tadbirga chaqirishga eng qulay imkoniyatlardan biri — aynan shu tong saharda, dalaga chiqishdan oldingi payt boʻlishi mumkin. Oshni yeb, mehnat qilishga chiqib ketishgan.
Hozirda odamlarning turmush tarzi, albatta oʻzgargan, aholining yarmi shaharlarda, umuman oʻzgacha rejimda yashaydi. Shundan kelib chiqib hozirda nahorgi osh qadriyatining inson salomatligiga zararlari boʻlish ehtimoli bordir.
Aytmoqchi boʻlganim, biror bir qadriyatni yoki voqelikni darrov qoralashga oʻtishdan oldin, odamlarni nimadadir ayblashni boshlashdan oldin, bu voqelik nega kelib chiqqanini, nega qadriyat yoki an’anaga aylanganini oʻrganib koʻrish kerak.
Ma’lum bir narsalar vaqt oʻtib amaliy jihatdan ahamiyatini yoʻqotib, faqatgina qadriyat, an’ana sifatida saqlanib qoladi. Nahorgi oshda ham shunday boʻlgan boʻlishi mumkin. Albatta, bularning barchasi bir faraz, yaxshigina bir sotsiologik tadqiqot kerak buni oʻrganish uchun".
Marketolog, oʻzbek kreativchilik san’ati namoyandasi, bloger Mirzo Zominiy esa nahor payti suziladigan osh boʻyicha hammaning oʻz subyektiv fikri borligi haqida fikr bildirdi.
“Blogerimizning nahorgi osh haqida nisbatan fikrlariga X’da koʻzim tushib qolgandi. Shu payt tushlikka yaqinlashganidanmi yoki qornim ochganidan, koʻngil osh tusagandi. Menimcha, nahor payti suziladigan osh haqida hammaning oʻz subyektiv fikri bor. Yaqinlar bilan koʻrishish, suhbatlashish, birga jam boʻlish noyoblashib ketayotgan paytda nahorgi osh — soʻnggi haloskorlardan deb hisoblayman. Ertalabdan kayfiyat yaxshi boʻladi, dil yoziladi va qorin ham, koʻngil ham toʻq boʻladi. Menimcha, X’da yoki ijtimoiy tarmoqlarda koʻp oʻtirgandan koʻp osh yegan yaxshiroq, albatta. Yana bilmadim. Oshdan oling, sovimasin”.
Mutaxassis nima deydi?
Afisha.uz bu mavzuda mutaxassis boʻlgan gastroentrolog, nutritsolog Shahnoza Sharipova bilan bogʻlandi hamda uning nahorgi osh haqidagi maslahatlarini oldi.
Har qanday oziq-ovqat mahsuloti kabi palovda ham uning tarkibi, tayyorlash usuli va organizmning individual xususiyatlariga bog‘liq bo‘lgan salomatlik uchun ijobiy va salbiy jihatlariga ega.
Palov — bu ertalabki ovqat uchun og‘ir taom. Ertalab katta porsiyadagi ovqatni tanovul qilish oshqozonni, ayniqsa oshqozon-ichak tizimi kasalliklari (gastrit, oshqozon yarasi, pankreatit va boshqalar) bo‘lgan odamlarni zoʻriqtirishi mumkin. Palovning bir porsiyasida 500−700 kaloriya bo‘lishi mumkin. Nonushtadan keyin odam kam harakatli hayot kechirsa, bu ortiqcha vazn to‘planishiga olib keladi. Katta porsiyalar va kaloriyalarning ko‘pligi organizmni ortiqcha zo‘riqtirishi va tetiklikning kamayishi hamda bo‘shashishga olib keladi.
Ammo, ijobiy tomonlarini ham koʻrib chiqish mumkin.
Palov tarkibida guruch, go‘sht va yog‘ mavjud bo‘lib, ular uglevodlar, oqsillar va yog‘lar manbai hisoblanadi hamda organizmni energiya bilan ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, faol hayot kechiradigan yoki jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan odamlar uchun foydali.
Tarkibiy qismlarni va ular organizm uchun qanchalik foydali ekanligini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Go‘sht — oqsil va temir manbai bo‘lib, mushak massasi va qon ishlab chiqarish uchun muhim. Ammo 35 yoshdan oshgan odamlar qizil go‘shtni (mol va qo‘y go‘shtini) tez-tez iste’mol qilishi sog‘liqqa zarar yetkazadi. Palovdagi sabzi tarkibida ko‘rish va immunitet uchun foydali karotinoidlar mavjud. Agar palov dumba yoki zigʻir yogʻida tayyorlangan bo‘lsa, bular organizmda yallig‘lanish reaksiyasini kuchaytiradigan o‘simlik yog‘iga qaraganda foydaliroqdir.
Bundan tashqari, yog‘ — bu zararli, vazn yo‘qotish uchun kamroq yog‘ iste’mol qilish kerak, deb hisoblanadi. Ammo aynan dumbani o‘rtacha miqdorda iste’mol qilish mumkin. Hayvon va o‘simlik yog‘lari sog‘lom inson ratsionining zaruriy tarkibiy qismidir.
Guruchga kelsak, bu mahsulot adsorbent hisoblanadi, ya’ni u mutlaqo hamma narsani o‘ziga singdiradi. Sholi tarkibida og‘ir metallar bo‘lmasligi uchun uning kelib chiqishini aniqlash kerak. Aytgancha, oq guruchdan ko‘ra, devzira salomatlik uchun foydali hisoblanadi.
Marosimlarda palovni koʻpchilik boʻlib iste’mol qilish ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi, ijobiy hissiy kayfiyatni yaratadi. Shu sababdan nahorgi oshni iste’mol qilganda sog‘liqqa zarar yetkazmaslik bo‘yicha maslahatlar berish mumkin: agar siz nahorgi oshga tez-tez borib turmasangiz, bu sizning sog‘lig‘ingizga ta’sir qilmaydi.
Lekin bunday marosimlarga doimiy tarzda boradigan boʻlsangiz, ushbu qoidalarga rioya qilish foydali boʻladi:
- nahorda oshqozonni ortiqcha zoʻriqtirmasdan energiya olish uchun palovning kichik porsiyasi yetarli boʻladi;
- nahorgi oshdan keyin ortiqcha kaloriyalar yig‘ilib qolmasligi uchun kunlik jismoniy zo‘riqishni oshirish foydali;
- palov vaqtida ko‘p miqdorda suyuqlik ichmagan ma’qul. Bu ovqatni hazm qilishni qiyinlashtiradi. 250 ml issiq choy yetarli (bu taxminan 1 piyola choy).
Xulosa qiladigan boʻlsak, agar nahorgi oshni me’yorida va qolgan ratsion bilan muvozanatda iste’mol qilinsa, u foydali energiya manbai bo‘lishi mumkin. Biroq oshqozon, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari yoki ortiqcha vaznga ega bo‘lgan odamlar tez-tez iste’mol qilishdan qochishlari yoki retseptni o‘z ehtiyojlariga moslashtirishlari kerak.
Nahorgi osh o‘zbek milliy an’analari va mehmondo‘stlik madaniyatining yorqin ifodasi hisoblanadi. U nafaqat mazali taom, balki oilaviy birlik va jamoat tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim marosimdir. Uni ijobiy yoki salbiy deya hisoblash har bir odamning shaxsiy ishi boʻlib, bu fikrga qoʻshiladiganlar ham, qoʻshilmaydiganlar ham koʻplab topilishi mumkin.
Shu sababdan Afisha.uz ushbu maqolada turli xildagi fikrlarni yigʻishga harakat qildi. Bundan tashqari, mutaxassisning fikrlari ham sizning keyingi qarorlaringizda yordam beradi, degan umiddamiz.