"One Direction" solisti Liam Peyn vafot etdi

E’lon qilingan sana· 206
"One Direction" solisti Liam Peyn vafot etdi

“One Direction” guruhining sobiq a’zosi Liam Peyn vafot etdi. Uni Buenos-Ayresda jonsiz holda topishgan, deb xabar bermoqda Reuters. Musiqachi 31 yoshda edi.

Liamning jasadi u istiqomat qilgan mehmonxona yaqinidan topildi. Peyn binoning uchinchi qavatidan yiqilib tushganidan so‘ng vafot etgan. Uning nima sababdan balandlikdan qulagani noma’lum.

Tez yordam xodimlarining aytishicha, musiqachi “tirik qolish ehtimoli past boʻlgan juda ogʻir tan jarohatlari olgan”. Peyn shifokorlar yetib kelishidan oldin jon bergan.

Politsiya voqea joyiga mehmonxona boshqaruvchisining chaqiruvi bo‘yicha yetib kelgan. U mehmonxona hududida tajovuzkor erkak borligini va u giyohvand modda yoki alkogol ta’sirida bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Liam Peyn 1993-yil 29-avgustda Buyuk Britaniyada tug‘ilgan. U 16 yoshida “The X Factor” teleko‘rsatuvida qatnashgan, shundan so‘ng “One Direction” yigitlar guruhining a’zosiga aylangan. Guruh tarkibiga Zeyn Malik, Garri Staylz, Nayl Xoran va Lui Tomlinson ham kirgan.

Peyn 2017-yilda o‘zining birinchi yakka “Strip That Down” qo‘shig‘ini, 2019-yilda esa 17 ta qo‘shiqdan iborat birinchi yakka “Ip1” albomini chiqargan. Musiqachidan yetti yashar o‘g‘li qoldi.