"Hamisha yosh va navqiron" Eminem – 52 yoshda! U yaqinda bobo boʻladi

E’lon qilingan sana· 63
"Hamisha yosh va navqiron" Eminem – 52 yoshda! U yaqinda bobo boʻladi

Bugun, 17-oktyabr rep muxlislari uchun boshqacha, taqvimda “qizil” bilan belgilangan unutilmas kun. Chunki aynan bugun rep olamiga katta ta’sir oʻtkazgan ijodkor — Eminemning tugʻilgan kuni. Marshal bugun 52 yoshni qarshiladi.

Muxlislar uni “hamisha yosh va navqiron” deb tasavvur qiladi, u oʻz xitlarini yoshlik paytida yaratgan va tinglovchilarning xayolida u hali ham oʻsha yoshda — hech ham qarimaydi. Ammo haqiqat shuki — vaqt oʻtib bormoqda, u hatto Eminemni ham ayamaydi. Biz ham “kechagina”, Eminemning oʻtgan yilgi tugʻilgan kunida “Eminem 51 yoshda. Tirik afsonaning eng yaxshi 10 ta qo‘shig‘ini esga olamiz” nomli maqola e’lon qilgandik (uni pastroqda oʻqishingiz mumkin) va mana, birpasta oradan 1 yil oʻtdi.


Foto: Getty Images

Oʻtgan safar katta maqola e’lon qilingani uchun ham bu safar 1 yil ichida Eminem hayotida nimalar oʻzgarganini qisqacha yozmoqchimiz. Slim Shady yosh koʻringaniga qaramay endi u “quda-andali” odam. Uning bir necha qoʻshiqlarida tilga olingan qizi Heyli Jeyd 2024-yilning 18-mayida turmushga chiqdi. Bu orqali Eminem muxlislarni yana bir marta shokka tushirdi: “Mockingbird” endi ortiq yosh bola emas. Qizning toʻyidan kadrlarni koʻrgan boʻlsangiz kerak, yoshlar oʻtgan boʻlsada, ota-bolaning munosabati hecham oʻzgarmagan.

Eminem 2003-yilda Oskar mukofotini qoʻlga kiritganidan xabaringiz boʻlsa kerak. U taqdirlash marosimiga bormagan, oʻshanda u 8 yoshli qizi bilan uyda multfilm koʻrish uchun qolgan. Yakunda esa “Lose Yourself” treki Oskar yutadi, Eminem esa bundan shokka tushganini, qoʻshiq mukofot yutishiga ishonmay bormay qoʻyaqolganini aytadi.


Foto: x.com/Eminem_pro

Endi yosh oila yaqinda farzandli, Marshal esa bobo boʻladi. Yaqinda Heyli otasiga tugʻilajak farzadining jinsini ma’lum qildi, ular oʻgʻil farzand kutmoqda.

Bu yangilikdan keyin Marshal 3-oktyabr kuni qiziga atab yangi musiqiy klip e’lon qildi. “Temporary” deb nomlangan trek Skayler Grey bilan kuylangan va uning klipida Heyli Jeydning bolaligidagi videolar koʻrsatiladi. Eminem ham toʻgʻridan-toʻgʻri qizi haqida kuylaydi.


Yoʻq, Eminem bu yil faqatgina qizining toʻyi bilan odamlarning tiliga tushmadi. U 12-iyul kuni yangi albom e’lon qildi. “The Death of Slim Shady (Coup de Grace)” albomi repperning alter egosi hisoblangan Slim Shadyning qaytishi va oʻlimi haqidagi 19 trekni oʻz ichiga oladi.

“The Death of Slim Shady (Coup de Grace)” — repperning 12-albomi va 2020-yilda chiqqan “Music to Be Murdered By” qoʻshigʻidan keyingi birinchi LP’si (uzoq vaqtli plastinka).

Albomning nomi, ovozi va konsepsiyasi Eminemning alter egosi Slim Shadyga ishora qiladi, uning tasviridan repper yanada agressiv va qoʻrs mavzularda foydalangan. Albom Eminem va Dr.Dre tomonidan ishlab chiqarilgan.

Albomdagi eng koʻp e’tiborga tushgan treklardan biri “Houdini” boʻldi. Unda “eski” va “yangi” Slim Shady solishtiriladi.


Xullas, oʻtgan bir yil davomida Eminem barcha davrlarning eng yaxshi hip-hop ijrochisi ekanini yana bir bor isbotladi. U 52 yoshda ham formada. Uning karyerasi boshlangandan beri kuylagan eng yaxshi 10 qoʻshigʻini ajratish qiyin, ammo oʻtgan yili biz bunga harakat qilgandik, uni quyida koʻrishingiz mumkin.