Hafta artisti: Rayhon
Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. O‘ylaymizki, siz unda yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Rayhon Gʻaniyeva.
Rayhon Gʻaniyeva
Rayhon Gʻaniyeva 1978-yilning 16-sentyabrida Toshkent shahrida tugʻilgan. Uning san'atga qiziqishi oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan, Rayhon ijodkorlar oilasida ulgʻaygan. Uning onasi Tamara Shokirova Oʻzbekistondagi taniqli aktrisalardan biri boʻlgan, oʻz vaqtida u Oʻzbek SSRda xizmat koʻrsatgan artist unvonini ham qoʻlga kiritgan. Otasi Otabek Gʻaniyev ham koʻzga koʻringan aktyor boʻlgan.
Yosh Rayhon onasi bilan
Xonandaning katta bobosi Nabi Gʻaniyev ham oʻz davrining eng mashhur aktyor va rejissyorlaridan biri boʻlgan. Uning rejissyorligida “Nasriddin Buxoroda” (1943), “Tohir va Zuhra” (1945), “Nasriddinning sarguzashtlari” (1946) va “Farg‘ona qizi” (1948) kabi nodir filmlar suratga olingan. Nabi Gʻaniyev farzandlari san'atkor boʻlishini istamagan, oʻrtadagi bitta avlod uzilishidan keyin uning nabirasi Otabek Gʻaniyev bobosining kasbini davom ettirdi, uning qizi Rayhon ham mana nechi yildirki, san'at sohasida faoliyat yuritmoqda.
U bolalik chogʻlarida musiqa maktabiga qatnab, pianino chalishni oʻrgangan. Ammo u oʻqishni bu sohada davom ettirmadi, Rayhon O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Professional ijodga birinchi qadamlari esa 1999-yilga toʻgʻri keladi. Uning dastlabki xitga aylangan qoʻshigʻi 2000-yilda suratgan olingan "Tohir va Zuhra" filmi uchun ishlangan "Azoblaysan" treki edi.
Rayhon shundan soʻng ketma-ket qoʻshiqlar e'lon qila boshladi va tez mashhurlikka erishdi. U 2002-yilda ikki-uch yil ichida yaratgan qoʻshiqlaridan iborat yakkaxon konsert dasturini ham taqdim etishga ulgurgan. Oʻsha yilning oʻzida "Nihol" mukofoti sovrindoriga ham aylangan.
Ketma-ket yaratilgan hit qo‘shiqlar “Yilning eng yaxshi ayol xonandasi”, “Yil qo‘shig‘i”, “Yilning eng yaxshi albomi” mukofotlarini qo‘lga kiritishiga sabab bo‘ladi.
Rayhon Gʻaniyeva keyingi 10 yillikda ham faol ijod qildi, eng yashnagan payti mana shu davrga toʻgʻri keldi. Bir nechta xit qoʻshiqlarni u aynan 2002-2012-yillar oraligʻida chiqardi. Ammo bu Rayhon undan keyin ijod qilmay qoʻydi, degani emas, u shundan keyin ham oʻziga yarasha xit va muhlislari kutgan qoʻshiqlar va konsertlarni taqdim etib keldi.
Rayhonning koʻpgina muxlislari yaxshi eslasa kerak, xonandaning ilk xitga aylangan qoʻshigʻi bu "Baxtli boʻlaman" edi.
Rayhonning "Baxtli boʻlaman" albomi yuqori baholandi va qoʻshiqchi 2003-yil "Yilning eng yaxshi albomi" nominatsiyasida "Tarona" mukofoti bilan taqdirlandi.
Ijodkor oʻzini kinoda ham sinab koʻrgan. U ikki yoshligidayoq filmda rol ijro etgan. Oʻshanda "Ленинградцы, дети мои..." filmida Xadicha rolini oʻynagan Rayhonning onasi Tamara Shokirova oʻz qizi bilan suratga tushadi.
Shundan soʻng u 2000-yilda "Tohir va Zuhra" musiqiy filmida rol ijro etgan. 2007-yilda esa "Kechir" nomli filmda Samira obrazini gavdalantirgan, u oʻshanda filmning ssenariysini ham oʻzi yozgandi. Mazkur kartina muxlislar tomonidan iliq kutib olinadi.
Xonanda bu filmdan soʻng bor e'tiborini musiqaga qaratishga qaror qiladi. Va tom ma'noda e'tiborga molik qoʻshiqlar yaratishga muvaffaq boʻladi. Keling, ularni birma-bir eslab oʻtamiz.
Qoʻshiqlari
"Hech ayrilma"
"Faqat muhabbat"
"Qaytolmayman"
"Aytolmayman"
"Xoʻp mayli"
"Yodingdami"
"Baka bang"
"Izlaysan"
"Sen ketding"
"Seni deb"
"Sogʻindim"
"Doimo"
"Orzungga ishon"
"Yalola"
"Bombey"
"Men bu men" (ft Manzura)
"Tabassum qil"
"Baxtli kunlar"
"Yurak uradi"
"Seni deya"
"Unutaman"
"Aldangan yurak"
"Soʻnaman"
"Parvoz etay"
"Koʻnikmadim" (ft Lola)
"Javob ber"
"Tabib"
"Xalos et"
"Namaste"
"Bor yoki yoʻq" (ft Munisa Rizayeva)
"Aldamagin" (ft "Bojalar")
"Hamma jam"
"Tomchi"
"Yurak" ("Tomchi 2")
"Mayli manda"
"Ayt, nega?"
"Alda"