“Massa shetta”: reper bilan katta intervyu
Massa — o′zbek rep sanoatida alohida ajralib turadigan ijodkorlardan biri. Uning qo‘shiqlari matni, kliplardagi “erkinlik”, o‘z musiqiy uslubi ko‘pchilikning e’tiborini tortib keladi. Afisha.uz reper bilan uning tadbirkorlik faoliyati, qoʻshiq va kliplarini qanday yaratishi, ma’naviyat tushunchasiga munosabati, “Dumba” klipi, koʻcha she’riyati va boshqa bir qancha mavzularda suhbatlashdi.
“Massa” — abbreviatura. Buni to‘lig‘i qanaqa, qayerdan kelgan?
— Mehnat asosida sanoqsiz soqqani aylantirish. Hayotimni o‘ylab chiqib, shunaqa taxallus topmoqchi edimki, ma’nosi ham chuqur bo‘lsin deganman. Biz endi soqqa aylantiramiz, har doim harakatdamiz, mana shu narsa o‘ylab topilgan.
Massa o‘zini ko‘proq kim deb biladi: tadbirkor yoki reper?
— Tadbirkor, shoir, prodyusser, bastakor. Yoshlikdan ko‘proq tadbirkor edim, chunki yoshlikdan bilgandim: san’atdan pul topib bo‘lmaydi. Shuning uchun oldin tadbirkor bo‘lganman, keyin san’atkor.
Instagram’da “O‘lov” degan so‘zni ko‘p ishlatasiz. Bu qayerdan paydo bo‘lgan?
— O‘zi bunaqa narsa bor, artist brend ustida ishlashni bilishi kerak. Har bir artistni brendingi bo‘ladi. Reperlar ashulalarida ham bu narsaga ahamiyat berishi kerak. Ko‘pchilik artistlarga ham shuni maslahat beraman. Masalan, bir yildan keyin “o‘lov"ni o‘rniga boshqa so‘zim bo‘ladi. Bu xuddi brending. O‘zingizni “fishkangiz” bo‘ladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda musiqa bilan nechi pul topish mumkin?
— O‘zingizga bog‘liq. Albatta, agar to‘ybop ashula qilsangiz, yaxshi “otsa”, bilasiz, to‘ydan yaxshi pul keladi. Strimlardan, YouTube’dan hech qanaqa pul kelmaydi. Kelmaydi deganda, oyiga 100 dollarlar hisoblanmaydida. To‘yga yoki qanaqadir tadbirlarga chiqib, yaxshi artist bo‘lib ketib, reklamadan pul topmasa, bilmadim, aniq bilmayman bu narsani.
Siz uchun qaysi biri muhim: musiqami yoki matn?
— Bizda matn muhim. Musiqa, bit juda kerak — matnni yoritib beradigan narsa. Lekin repda baribir matn, so‘z muhim. Lekin musiqa yozishda musiqaga e’tibor beraman. Matnga musiqa yozsangiz, ichingizdagini chiqarish qiyin. Miyamdagi narsaga matn yozib, keyin shu narsaga bitmeyker bilan o‘tirsak, chiqarib berolmay qolishim mumkin. Hamma templari tushyapti, instrumentlari zo‘r, lekin “fishkasi” bo‘lmay qolishi mumkin.
Qator ijodkorlar bilan kuylangan “Freestyle” qanday paydo bo‘ldi, kimni g‘oyasi edi?
— Meni ideyam bo‘lgan, lekin ko‘p edi avval artistlar. Men tushundimki, ko‘tarolmay qolaman, o‘zi 6 kishi bilan ishlash qiyin. Boshida 3 ta edi, 4 ta qildik, keyin 5-sini qo‘shdik, 6-si qo‘shildi, keyin 8−9 ta bo‘lib ketyotgandi, keyin qarasam, har bittasi 1 minutdan aytsa ham 8−9 daqiqa bo‘lib ketyapti — juda katta proyekt bo‘lib ketyotgandi. Shuning uchun uni 2 va 3-qismlari chiqadi albatta. Har bittasida 5−6 ta yangi ijodkor bilan.
Afisha.uz muharriri intervyuga tayyorlanish jarayonida Massa yozgan she’rlarini shoir Xurshid Abdurashidga baholatib olgan edi, suhbat davomida shoir uni qanday baholagani, Massa unga qanaqa munosabat bildirganini ko‘rishingiz mumkin. Shuningdek, Shuhrat Allayorov (Massa) ham Xurshid Abdurashidning she‘rlarini o‘qib, baho berdi.
Bundan tashqari, video davomida, Massaning tatuirovkalari, “Dumba” treki qanday paydo bo‘lgani, u kimga atalgani, Massaning “O‘zbek konsert” tashkiloti bilan munosabatlari, nega tiktoker-vaynerlar bilan duet qilishi haqida bilib olishingiz hamda Massaning ba’zi treklari tahlilini ko‘rishingiz mumkin.