Konsta — “Humo Fest”da qatnashmasligi, “Kulrang” albomi, oldingi va hozirgi ijodi haqida

E’lon qilingan sana· 4 827
Konsta — “Humo Fest”da qatnashmasligi, “Kulrang” albomi, oldingi va hozirgi ijodi haqida

Afisha.uz intervyularni davom ettiradi. Bizda navbatdagi mehmon — reper Konsta — Sharif Abdullayev. Biz u bilan bo‘lajak konserti (25-noyabr), chiptalar narxi atrofidagi tortishuvlar, dekabrda o‘tishi kutilayotgan “Humo Fest"da nega ishtirok etmasligi, ochilishi kutilayotgan leybl, Madaniyat vaziri o‘rinbosarining chiqishlari, “O‘zbekistonlik” loyihasi va uning saundtreki haqida gaplashdik.

Bundan tashqari, intervyu davomida Konstaning faoliyatidagi Timur Alixonov bilan kollablar, davlat tashkilotlari bilan hamkorligi hamda “Inson” va “Kulrang” albomlari haqida bilib olishingiz mumkin.


25-noyabrdagi konsertga tayyorgarliklar qanday ketyapti? Bu sizning ilk katta mashtabli konsertingiz, muxlislarni nimalar kutyapti?

— Klassik rep konsert. U narsani ham oldin qilmaganmiz. “Kulrang” albomining prezentatsiyasi, albomni butunlay eshitsak bo‘ladi. Undan tashqari, ko‘plab asosiy xitlarimiz bo‘ladi — 30 tadan ko‘proq trek. 100 foiz jonli qo‘shiqlar ham bo‘ladi, 100 foiz fonogramma ham bo‘ladi. O‘zi, rep konsertlarida musiqa o‘zi ketadi, reper ustidan baqir-chaqir qilib, konsertni olib boradi. Lekin 100 foiz adrenalin bo‘ladi, biz mehnat qilamiz.

Oxirgi kunlarda mana shu konsert bo‘yicha sizga savollar kelyapti bilet qimmatligi bo‘yicha, siz ularga javob beryapsiz stories`da, lekin mana shu javoblar muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ko‘proq Twitterda o‘qidim, ular ham sizni eshitadi, sizni muhlislariz, ular aytyaptiki, Konstani konsertiga bilet qimmat-qimmat emasligi mayli, lekin uni muhlislarga bo‘lgan munosabati bunday boʻlmasligi kerak deyishyapti. Siz nima deysiz bunga?

— Avvalambor, ijodkor qanaqa bo‘lishi haqida bular biror narsa desin, qani. Bu “yetti bukilgan”, “muhlisjonim meni” degan odam ijodkor, degan qonunni o‘qib olgan bo‘lsa, bu o‘zini muammosi. Ba’zi ijodkorlar bor, umuman gaplashmaydi, ba’zi ijodkorlar bor, adashib telefon qilib qolsangiz yoki ko‘chada ko‘rib qolsangiz, rasmga ham tushmaydi, o‘tib ketadi — u ijodkor, uni haqqi bor. U shunaqa odam. U seni gaplaringga qarab ish tutmaydi. U tendensiya yaratadi. Hech qachon san’at tinglovchini gapiga qarab yashamaydi (savolga to‘liq javob videoda).

Instagram’da nega aynan “insonlar” deb murojaat qilasiz?

— O‘zi biz Vosit — Morf bilan ko‘p hazillashamiz, insonlar deb murojaat qilamiz. Bu chiroyli so‘z. Meni “Inson” degan albomim bor. U albomning mazmuni men inson bo‘lishga intilgan oddiy bir shaxs sifatida aytgan, ya’ni inson — bu odamning eng yuqori evolyutsion formasi. “Insonlar” deb chaqirsam, kimgadir qo‘poldek tuyular ekan, mazza qildim shu gapdan. “Sherlar” yoki “bo‘rilar” deb chaqirsa xursand bo‘lsa kerak.

Insonlar — bu o‘z ishini topgan, o‘z yo‘lini topgan, hayotda o‘rnini topishga harakat qiladigan insonlar. Biz o‘zi inson bo‘lishga intilayotgan odamlarmiz.

“O‘zbekistonlik” loyihasi bilan ham hamkorlik qilyapsiz, saundtrek yozib berdingiz. Bu qanday boshlandi?

— Menga “O‘zbekistonlik” loyihasidan yozishganda “vauv” dedim. Meni ham qo‘shishibdi, men ham qo‘shilarkanman, dedim. Loyihani o‘ziga keladigan bo‘lsak, ikki qo‘llab “за"man. Har xil tanqid, yaxshi-yomoni bo‘ldi, lekin asli bo‘layotgan narsaning mohiyatini qahramonlari tushunadi, ichidagi odamlar tushunadi, filmni ko‘rganlar tushunadi.

Tanqid qilayotganlar, asosan filmni ko‘rmaganlar, filmni men qilsam bo‘lardi, degan odamlar, blogerlarni o‘rnida men ham bo‘lsa bo‘lardi, degan odamlar. Ya‘ni tomoshabin kinoni ko‘rib turib, tanqid qilsa, men u odamni tushunaman, lekin ko‘pincha o‘zim tomonga ham tanqidlar bo‘ldi: “biz bilmaymiz Konsta qancha olgan, lekin qanchaga qilgan ekan-a?!”, keyin ketdi shu bilan. Nima kerak bilmasangiz, do‘stim. Hamma narsa ham pul uchun qilinavermaydi.

“Odamlar nima deydi” trekidan keyin sizga davlat nazari tushdi, davlat loyihalarida qatnashishni boshladingiz, o‘zingizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

— Davlat tadbiri, u yoki bu deb ajratmayman, hammasiga bitta savol bor: “tadbirning maqsadi nima?”. Shunday vaziyatlar bo‘ladi, “mana shunaqa chiqing, zo‘r bo‘ladi, hammasi vauv”, men umuman bilmayman nima haqida u, lekin meni aytishadi. Men aytaman, do‘stlar, men buni tushunmayapman bu nima haqida, men bormayman, xafa bo‘lmaysizlar. Tushungan joyimda jonim bilan chiqaman. “Uzbekistan's Club” ham tushungan narsamda, men uni chiqqanidan tushunganman, men uni kuzatuvchisi bo‘lganman va menga yoqqan u narsa. Tadbirda qatnashish kerak bo‘lsa, qatnashaman. Men bu narsada boyiyotganim yo‘q. Men bu hamkorlikdan qandaydir o‘zimga dahshat narsa olayotganim yo‘q. Ha, boryapmiz. Lekin asosan, safarlarda ham o‘zimizni xarajatimizni o‘zimiz qilamiz. Homiylar bergan narsalar bor, undan tashqarisi o‘zimiz. Shunday ekan, u yerda ham biz pul uchun, boyib ketish uchun, qandaydir katta manfaatlar uchun yurganimiz yo‘q, loyiha yoqqani uchun yuribmiz.

Topga chiqadi deb kutgan, lekin chiqmagan yoki teskari effekt bergan treklar bormi?

— Teskari effekt — “U haqida” (Dilnoz Hakimova bilan). U trek kutgandan ko‘ra ko‘proq narsa berdi, ancha ko‘p narsa berdi. Men trekni mazza qilib yozdim, mazza qilib ijro qildim. Yozayotgan paytimiz aytdim: “Dilnoz, juda zo‘r chiqdi”. Ketdi, chiqardik. Kutganda ancha yuqori bo‘ldi natija.

Kutganmiz, lekin boshqacha natija bergan treklar bu doim o‘zim yaxshi ko‘rgan, ya’ni musiqiy “kayfi” ko‘p bo‘lgan narsalar, ijodiy natijalar. “Sonador”, “Do‘st” treklari bor, bular hammasi men uchun ijodiy yangilik. Men ulardan mazza qilaman, men o‘ylayman “hozir buni chiqaraman, hamma vauv deydi”, lekin bir haqiqatga sekin-sekin duch keldimki, odamlarga yangilik emas, eskilik kerak. Ya’ni o‘xshagan narsani qaytarishi kerak odamlarga. Mayli deymiz, ijodni o‘zimizni mazzamiz uchun qilamiz, tushungan odamlar uchun qilamiz. Baribir konsertlarda “yemagan” qo‘shiqlar ham zo‘r ketadi.

Kutiladi, lekin bu hech narsaga ta’sir qilmaydi. Ya‘ni bo‘ldi, endi bunaqa trek qilmayman yoki bo‘ldi endi faqat shunaqa trek qilaman, degan tushuncha paydo bo‘lmaydi. “Odnoklassniki"dagi 5 mingta klassim bilan ham o‘zimni zo‘r his qilganman zo‘r ketyapti ijod, deb. Hozir ham xuddi shunday hisoblayman.

Yangi albom qachon chiqadi? Konsta nega Koreyaga ketadi? “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi bo‘yicha trek chiqadimi? Madaniyat vazirligi bizga kerakmi? Birorta qo‘shig‘idan keyin qandaydir bosim bo‘lganmi? Shu va shu kabi savollarga javob topish hamda “O‘zbekistonlik” treki o‘zgartirilgani, Ukrainadagi urushga atab kuylangan qo‘shiq, “Kulrang” va “Inson” albomlari, “Oldingi” va “yangi” Konsta haqida bilish uchun YouTube kanalimizdagi to‘liq intervyuni tomosha qiling.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov