"Uch jism masalasi": kitobi yaxshimi yoki seriali?

E’lon qilingan sana· 1 017
"Uch jism masalasi": kitobi yaxshimi yoki seriali?

Mart oyi oxirida Netflix tomonidan taqdim etilgan “Uch jism masalasi” serialining birinchi mavsumi birpasda omma e’tiborini qozondi. Ilmiy-fantastika ishqibozlari esa ushbu premyerani anchadan beri kutishayotgan edi. Ushbu maqolada aynan shu serial haqida soʻz boradi va ilmiy-fantastika muxlislarining “kitobi yaxshimi yoki seriali?” mazmunidagi savollariga javob berishga harakat qilamiz.

Serial “Taxtlar oʻyini” serialini suratga olgan kinoijdkorlar tomonidan yaratilgan. Shu ma’lumotning oʻzi ham sizning bu serialga boʻlgan qiziqishingizni oshirishi aniq (hatto kitobi haqida eshitmagan boʻlsangiz ham).

Lyu Sitzinning “Uch jism masalasi” kitobi haqida

Netflix tomonidan taqdim etilgan ushbu serial xitoylik fantast yozuvchi Lyu Sitzinning “Yerning oʻtmishi haqidagi xotiralar” nomli trilogiyaning birinchi kitobi — “Uch jism masalasi” asosida ishlangan. Ha, bu kitob hozircha oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan. Oʻzi negadir oʻzbek tilidagi kitoblar bozorida ilmiy-fantastika juda kam.

Xoʻsh, asar nima haqida? “Uch jism masalasi"da atrofida uchta quyoshga ega Trisolyaris deb nomlanuvchi sayyora haqida gap boradi. Bunday tizim sababli sayyora orbitasi barqaror emas, shuning uchun ham, u sayyorada juda koʻp halokatlar yuz beradi va har safar sivilizatsiyani noldan boshlab qurishga toʻgʻri keladi. Ushbu sayyorada istiqomat qiluvchilar, santi deb nomlanuvchi xalq, oʻziga yangi sayyora qidira boshlaydi… Sizningcha, ular qaysi sayyorani moʻljalga olishadi? Ha, Yer. Faqat ularning Yergacha yetib kelishi uchun kamida 400 yil kerak boʻladi. Va insoniyat bu toʻqnashuvga tayyorgarlik koʻrishi kerak. (Spoyler qilib, qargʻishingizga duchor boʻlmaslik uchun syujet haqida boshqa tafsilotlarni aytmaymiz). Ha, ushbu asarda eski mavzu yangicha va ishonarli koʻrinishda jonlanadi.

Aslida “uch jism masalasi” fanda mavjud boʻlgan real masala hisoblanadi. Va hozirgacha ushbu masalaning yechimi topilmagan. Albatta, kitobini oʻqiyotganingizda juda koʻp ilmiy nazariyalar va tushunchalarga duch kelasiz. Qaysidir tomondan bu holat kitobni tushunarsizroq qilsa, yana qaysidir tomondan uni ilmiy-fantastikani sevuvchilar uchun juda qiziqarli qiladi.

Kitobi yaxshimi yoki seriali?

Ushbu savolga qisqaroq javob beradigan boʻlsam: albatta, kitobi yaxshi. Yanada tushunarliroq boʻlishi uchun aytishim mumkinki, ilmiy-fantastik asarlar asosida suratga olingan filmlar va seriallar hech qachon kitobidan zoʻr boʻlmagan. Chunki ilmiy-fantastika, shunday janrki, unda juda koʻp tafsilotlar keltiriladi, bularning barchasini filmda qamrab olishning deyarli iloji yoʻq. Agar rejissyor filmda asardagi tafsilotlarni 100% qamrab olishga qaror qilsa, film unchalik ham qiziqarli chiqmasligi mumkin. Har holda bunday yondashuv bilan kitobini oʻqimagan yoki ushbu asar muxlisi boʻlmagan tomoshabinlarni jalb qilish qiyin boʻladi.

Ammo mashhur asarlar asosida suratga olingan seriallar va filmlarda juda koʻp tafsilotlar keltirilmasa-da, ular bahonasida juda koʻpchilik tomoshabinlari original asar bilan tanishib olishadi. Masalan men, garchi bu asar haqida oldin ham koʻp eshitgan boʻlsam-da, lekin hech uni oʻqishga xafsala qilmaganman. Ammo ushbu serialni koʻriboq, ushbu trilogiyani zudlik bilan oʻqishni boshladim.

Shuni ham hisobga olish kerakki, Netflix hozircha faqat bitta mavsumni ommaga taqdim etdi, davomi hali endi suratga olinadi, serial eng qiziq joyida tugab qolgan. Serialning salbiy tomoni ham shunda — asosiy voqealar hali oldinda va birinchi mavsum faqat trilogiyaning kirish qisminigina qamray olgan. Yuqorida serialidan koʻra kitobi yaxshiroq ekanligi va davomini ancha kutib qolishingiz mumkinligini aytgan boʻlsam-da, serialni koʻrishni tavsiya qilaman. Ushbu serialni tomosha qilish sizga “kitobini oʻqishim kerakmi yoki yoʻq?” degan masalada bir qarorga kelishga yordam beradi. Ya’ni serialni tomosha qilib, bu asar dunyosi sizga qiziq boʻlishi mumkinmi, yoki umuman, sizga bu turdagi kitoblar yoqmaydimi — oʻzingiz uchun hal qilib olasiz.

Xoʻsh, davomi suratga olinishini kutishga tayyormisiz? Shaxsan meni sabrim chidamaydi, shuning uchun trilogiyani toʻliq oʻqib chiqmoqchiman. Sizga ham shuni tavsiya qilaman.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov