Aqlni charxlash uchun oʻqish tavsiya etiladigan 5 ta kitob
Tanamiz, qornimiz ozuqa talab qilganida — biz taom tanovul qilamiz. Ammo miyamiz ham “oziq-ovqat"ga muhtoj. Miyamiz uchun ozuqa vazifasini, albatta, kitoblar yoki qiziqarli maqolalar oʻtaydi. Ba’zan badiiy kitoblar oʻqishni tusab qolamiz. Ammo shunday vaqtlar boʻladiki, oʻzimizda ilmiy-ommabop, aqlni charxlaydigan kitoblarga nisbatan “tashnalik"ni his qilamiz. Demak, miyamiz och, unda “ovqat” berish kerak.
Ushbu maqolada biz sizga fikrlashni rivojlantirish, tez fikrlash, toʻgʻri qarorlar qabul qilish, yangi gʻoyalar oʻylab topishga yordam beradigan kitoblarni tavsiya qilamiz.
“Thinking, Fast and Slow”, Daniel Kahneman
Rus tilida: “Думай медленно, решай быстро”, Даниэль Канеман
Bizning harakatlarimiz va yutuqlarimiz fikrlarimiz bilan belgilanadi. Ammo biz fikrlash qobiliyatimizni doim ham nazorat qila olamizmi? Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kaneman nega biz ba’zan mantiqsiz harakatlar qilishimiz va qanday qilib notoʻgʻri qarorlar qabul qilishimizni tushuntiradi. Bizda ikkita fikrlash tizimi mavjud: “tezkor” va “sekin”. Muammoni hal qilayotganimizda yoki doʻkonda mahsulot tanlayotganimizda “sekin” fikrlash faollashadi. Odatda bunday vaziyatlarda bizga xuddi biz ushbu jarayonlarni boshqarayotgandek tuyuladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bizning ong ostimizda oʻz-oʻzidan ishlaydigan “tezkor” fikrlash tizimi doimiy ravishda ishlab turadi va u avtomatik ishlaydi, ongsiz ravishda…
“Teach Yourself To Think”, Edward De Bono
Rus tilida: Эдвард де Боно “Научите себя думать”
Edvard De Bono oʻzining ushbu kitobida oʻquvchilarga bor-yoʻg'i 5 ta elementdan iborat juda oddiy texnikadan foydalangan holda fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni taklif etiladi. Aslida bu muallifning istalgan kitobini olib oʻqishingiz mumkin: uning bu yoʻnalishda juda koʻp kitoblari mavjud. U asosan fikrlash qobiliyati, kreativlik, gʻoyalar oʻylab topishni rivojlantirish kabi sohalarni oʻrgangan va uning ushbu kitobi ham shunday asarlardan.
“Raqamlar uchun yaralgan idrok”, Barbara Oukli
Ingliz tilida: “A Mind for Numbers”, Barbara Oakley
Rus tilida: “Думай как математик”, Барбара Оакли
Vanihoyat… Ushbu kitobni oʻzbek tilida ham topish mumkin. Shuning uchun ham bu kitobning aynan oʻzbek tilidagi nomini keltirdik.
Miyangiz gʻaroyib qobiliyatlarga ega, afsuski, undan samarali foydalanish uchun qoʻllanma yoʻq. Bu qoʻllanmani ushbu kitobdan topishingiz mumkin. Tajribangiz bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, ushbu kitobdagi bilimlar orqali koʻnikmalaringizni rivojlantirishning yangicha va ajoyib usullarni topasiz. Ular, ayniqsa, matematika va tabiiy fanlarni oʻzlashtirishda qoʻl keladi.
“Train Your Brain”, Ryuta Kawashima
Rus tilida: “Тренируем мозг”, Рюта Кавашима
Ushbu kitob professor va miya tomografiyasi boʻyicha yetakchi yapon mutaxassisining ilmiy izlanishlariga asoslangan aql-zakovatni rivojlantirishning oddiy tizimi haqida.
Agar siz oʻzingizni koʻp narsalarni unutib qoʻyadigan, aytaylik, kimningdir ismini yoki gapirayotganda biror soʻzni eslay olmayotgandek his qilayotgan boʻlsangiz, “Train Your Brain” aynan siz oʻqishingiz kerak boʻlgan kitob. Sport bilan shugʻullanish koʻpincha mushaklarning tez zaiflashishini oldini olib, insonning jismoniy tomondan kuchsizlanishi va qarishini biroz boʻlsa-da sekinlashtiradi. Miya haqida ham shunday deyish mumkin. Agar undan foydalanmasangiz, rivojlantirishga urinmasangiz, uning funksiyalari pasayib boraveradi. Ammo uni faol tarzda, “tonusda ushlab turish” uchun nima qilish kerak? Buni ushbu kitobdan bilib olish mumkin.
“Mindset: The New Psychology of Success”, Kerol Duek
Rus tilida: “Гибкое сознание”, Кэрол Дуэк
Oʻnlab yillar davomida muvaffaqiyat va yutuqlarga oid sohani oʻrganib kelayotgan dunyoga mashhur psixolog Kerol Duek ichki “ustanovka"larning shaxsga ta’sirini aniqladi va ilmiy jihatdan isbotladi. Ushbu kitobda siz nimalar odamlarni muvaffaqiyatsizlikka uchratishini, shuningdek, qanday “ustanovkalar” muvaffaqiyatga olib kelishi haqida bilib olasiz. Muhimi, kerakli “ustanovkalarni” oʻzingizga ham, boshqalarga ham birdek singdirish mumkin.
Kitob nafaqat ota-onalar, oʻqituvchilar va murabbiylar uchun, balki rahbarlik qilish yoki shaxsiy oʻsishni maqsad qilgan har bir kishi uchun qiziqarli boʻladi.