"Kishi haqida hukm chiqarishdan oldin uning fikri, baxtsizligi, hayajoniga sherik bo'lish kerak" — Balzakning "Dahriyning ibodati" novellasiga taqriz
Bugun XIX asr Fransiya adabiyotiga yuzlanamiz va Onore de Balzakning “Dahriyning ibodati” nomli novellasi haqida gaplashamiz.
Ochig’i, bu asar haqida birinchi bor eshitganimda, nomi o’ziga tortgan, lekin kattaroq asar, bitta kitobdan iborat deb o’ylaganman. Bilsam, bu kattaligi 25 betga ham yetmaydigan novella ekan. Nega uni kattaroq asar deb o’ylaganimning ham sababi bor. Oldin bu asar haqida ko’plab taqrizlar o’qigandim, mazmunini, nima haqida ekanligini tushungach, shunday xulosaga kelganman. Lekin ko’rib turibsizki, kichik bir novellalarda ham ba’zida bir talay ma’no yotadi. Bu albatta yozuvchining mahoratiga bog’liq. Bizning adabiyotimizda kichik hikoyalari bilan hammani hayratda qoldirgan Abdulla Qahhor bor. Ruslarda esa Chexov bu ishni qoyilmaqom darajada bajargan. Fransuzlarda esa Balzakning adabiyoti alohida o’rin tutadi. Balzakning nega Balzak ekanligini tushunish uchun, avvalo, uning asarlarini o’qib ko’rish shart ekan. Sarlavhadagi iqtibos Balzakning ushbu novellasidan olinmagan bo’lsa-da, uning nima demoqchiligini yaxshiroq tasvirlab bera oladi.
Balzak va ijod
Balzak juda sermahsul yozuvchi bo’lgan. Uning “Insoniy komediya” turkumiga kiruvchi asar va hikoyalari soni 90 ga yetadi. Va “Dahriyning ibodati” novellasi ham aynan shu turkumga kiradi.
Balzak yashagan davrda (1799−1850-yillar) Fransiyada juda ko’p va keskin o’zgarishlar yuz bergan. Misol uchun uning o’zi Birinchi Fransuz Respublikasida tug’ilgan bo’lsa, uning umri davomida Fransiya Napoleonning hukmronligi (Birinchi Imperiya), Restavratsiya davri, Iyul monarxiyasi va Ikkinchi Fransuz Respublikasining yuzaga kelishi kabi bir qancha davrlarni boshdan kechirgan. Ehtimol, bu uning asarlaridagi rang-baranglikka ham ta’sir qilgandir. Balzak o’z xatlarida ta’kidlashicha, “Dahriyning ibodati” novellasi bir kecha yozilgan.
“Dahriyning ibodati”
Balzakning inson fikri, ichki kechinmalari, psixologiyasi, shuningdek, insoniylikni qanchalik yaxshi tushunishini, tasvirlay olishini anglash uchun uning bitta hikoyasini o’qib ko’rishning o’zi yetarli bo’ladi. Keyin qanday qilib boshqa asarlarini o’qishni boshlaganingizni o’zingiz sezmay qolasiz.
Avvalombor, Balzak bu hikoyasi uchun juda ajoyib, paradoksal nom tanlagan. Dahriy, ya’ni ateist inson, qanday qilib ibodat qilishi mumkin? Ammo buni o’qiyotganingizdagina tushuna olishingiz mumkin. Asar qahramoni, olim Deplen xudoga ishonmaydi, ammo u iqtidorli xirurg, ilm-fanda ancha nom taratgan. Biroq asarda e’tiboringizni ko’proq Deplen emas, Burjua ismli shaxs tortadi.
Diqqat! Agar ushbu novellani hali o’qimagan bo’lsangiz va o’qishni reja qilayotgan bo’lsangiz, maqolaning keyingi abzatslari siz uchun spoyler bo’lishi mumkin. Keyin nolib o’tirmang.
U Deplenning qo’shnisi edi va o’z orzusini amalga oshirish uchun butun umr mehnat qilib keladi. Ammo Deplen talabalik davrida juda nochor ahvolda edi. Aslida Burjua ham ko’p narsaga ega emasdi va u ham o’z kunini zo’rg’a ko’rardi. Ammo u o’zi yiqqan pullarini Deplenning o’qishiga sarflaydi, uning oyoqqa turishiga yordam beradi, unga g’amxo’rlik ko’rsatadi. Qizig’i, Burjua dindor inson edi. Bundan ham qiziq tomoni esa, u Deplenning dahriy ekanligini bilsa-da, hech qachon uni dinga e’tiqod qilishga da’vat qilmaydi, umuman bu haqda gapirmasdi. Ehtimol, Burjua o’z qadriyatlariga asosan, inson, avvalambor, yaxshi inson bo’lsa, uning nimaga ishonishi yoki ishonmasligini ahamiyatsiz deb hisoblagandir.
Deplen vaqti kelib, oyoqqa turib olgach, Burjuaning orzusini amalga oshiradi. Ammo kunlardan bir kuni Burjua vafot etadi, Deplen esa o’zini unga to’liq minnatdorchilik bildira olmagandek his qiladi. Oxir-oqibat, yiliga to’rt marotaba Burjua uchun ibodat qilishga qaror qiladi.
Novellaning syujetini qisqacha tasvirlab bergan bo’lsam-da, sizga baribir bu novellani o’qishni tavsiya etaman. O’zi unchalik katta emas, bir o’tirishda o’qib chiqa olasiz. Men esa Balzakning boshqa asarlari bilan tanishishda davom etaman.
Asardan iqtiboslar:
- “Muhtojlik tug’dirgan o’zimdagi g’azabni men mehnatga almashtirdim. O’z qadrimni oshirish va jamiyatda egallamoqchi boʻlgan o’rnimga munosib boʻlish maqsadida men imkoni boricha chuqur bilim olishga harakat qildim. Yegan nonimdan ko’ra yoqqan lampa yog’i ko’proq boʻlgan: tunlarni oqartirib mehnat qilgan paytimda ko’z o’ngimda yongan chiroq menga hamma narsadan koʻra qimmatga tushgan”.
- “Baxil va ahmoqlar hech qachon buyuk aql egalari faoliyatini harakatga keltiruvchi sabablarni tushunolmaydi. Buyuklarning mayda-chuyda kamchiliklarini ko‘rishlari bilanoq darhol shularga qarab aybnoma yopishtira boshlaydi”.
- “Kishi haqida hukm chiqarishdan oldin loaqal uning fikr-asrori, uning baxtsizligi, uning hayajoniga sherik bo‘lish kerak”.