Yangi dunyo tartibi o'zi qanday? — "Sivilizatsiyalar to'qnashuvi va yangi dunyo tartibi" kitobiga taqriz
Yaqinda Samuel Hantingtonning “Sivilizatsiyalar to’qnashuvi va yangi dunyo tartibi” kitobi o’zbek tiliga tarjima qilindi. Siyosatga, tarixga, umuman biz yashayotgan olam qanday strukturalarga ega ekanligi bilan qiziqadiganlar uchun “must-read” asar. Bugun siz bilan ushbu kitob va undan nimalarni o’rganish mumkinligi haqida gaplashamiz.
Samuel Hantington, “Sivilizatsiyalar to’qnashuvi va yangi dunyo tartibi”
Ba’zan badiiy asarlardan keyin shunday badiiy bo’lmagan yoki ilmiy, tarixiy asarlar o’qigimiz kelib qoladi. Men ham bu kitobni bir necha badiiy asarlar mutolaasidan keyin o’qishni boshladim. Samuel Hantingtonning ushbu kitobi ilk bor 1996-yilda nashr etilgan. Agar siz Sun Szining “Urush san’ati”, Makiavellining “Hukmdor” nomli traktati yoki Jared Daymondning “Qurol, mikroblar va po’lat” kitobini sevib o’qigan bo’lsangiz, demak bunisini ham albatta o’qishingiz kerak. Yoki teskarisi, mana shu kitob sizga yoqqan bo’lsa, demak, yuqorida nomlari tilga olingan adabiyotlar ham sizga manzur kelishi mumkin. Eh, sal qolsa esimdan chiqardi, Daron Ajemog’lu va Jeyms Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” nomli kitobining muxlislariga ham Hantingtonning bu kitobi yoqadi deb o’ylayman.
Siyosat haqida fikr yuritmaydigan yoki suhbatlashishni yoqtirmaydigan odamlar unchalik ham ko’p emas. Deyarli hamma qandaydir miqdorda siyosatga qiziqadi. Ammo ko’pchilik biz yashayotgan olam qanday tuzilgani haqida tasavvurga ega emas. Ushbu tarixiy-falsafiy traktat sovuq urushdan keyingi dunyoning qanday tuzilishga ega ekanligi haqida so’zlaydi. Muallif 8 ta sivilizatsiyani o’z ichiga olgan ko’p qutbli dunyo g’oyasini asoslab beradi. 8 ta sivilizatsiya deganda G’arb, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Islom, Pravoslav, Lotin Amerikasi va Afrika sivilizatsiyalari haqida so’z boradi.
Sivilizatsiyalar va kelajak
Hantingtonning yozishicha, kelajakdagi urushlar davlatlar orasida emas balki sivilizatsiyalar o’rtasida bo’ladi. U sivilizatsiyalar to’qnashuvi yuzaga kelishiga bir nechta omillarni ko’rsatadi. Avvalambor, sivilizatsiyalar o’rtasidagi farqlar, xilma-xillikka qarasak. Ular orasidagi farqlar juda oddiy: sivilizatsiyalar bir-biridan tarix, til, madaniyat, urf-odatlar va eng muhimi, diniy jihatdan farqlanadi. Bu tub farqlar asrlar davomida shakllangan va turli sivilizatsiyalarning poydevoriga aylangan.
Shuningdek, dunyo zichlashib bormoqda, ya’ni aholi soni ko’paymoqda. Natijada butun dunyo bo’ylab “sivilizatsiya ongini” yuzaga keltiradigan va sivilizatsiyalar ichidagi jamoalar o’rtasidagi farqlarni yuzaga chiqaradigan o’zaro ta’sirlar ham ko’payadi. Hantington musulmonlar va musulmon bo’lmagan xalqlar o’rtasidagi ziddiyatlarni misol qilib ko’rsatadi. Uning ta’kidlashicha, islom sivilizatsiyasi aholining keskin oshishi jarayonini boshdan kechirmoqda, bu islomiy davlatlar chegaralarida ham, uning ichida ham beqarorlikni kuchaytirmoqda, fundamentalistik harakatlar tobora ommalashib bormoqda.
Kitobda turli sivilizatsiyalar va mamlakatlarga xarakteristika berilgan, ularning xususiyatlari haqida ma’lumotlar bor. Masalan, Hantington Rossiya, Yaponiya va Hindiston kabi mamlakatlarga “u yoqdan bu yoqqa” yo’nalishda tomon tanlaydigan sivilizatsiyalar deya ta’rif bergan. Ya’ni, aytmoqchiki, bu sivilizatsiyalar bir tomonda turishmaydi, agar ikki qarama-qarshi tomon bo’lsa, goh u tarafda, goh bu tarafda bo’lishadi.
Albatta, Hantingtonning g’oyalari qattiq tanqid qilingan va tanqid qilib kelinadi. Chunki, muallif go’yoki sivilizatsiyalar o’rtasidagi xilma-xillikni qoralagandek, buni xavf degan g’oyani o’rtaga tashlayotgandek tuyuladi. Ayrim siyosatshunoslar uning g’oyalarini hattoki “G'arbning o’z harakatlarini oqlashga urinishi” deb ham atashgan.
Bu kitobni mamlakatlar va sivilizatsiyalar haqida chuqurroq bilimga ega bo’lish hamda kelajakda voqealar qanday ehtimoliy ssenariylar asosida rivojlanishi mumkinligi haqida fikr yuritish va bu borada o’z qarashlarimizga ega bo’lishimiz uchun ham o’qib ko’rishimiz kerak deb o’ylayman. Ehtimol, siyosatga, tarixga qiziqmaydigan va boshqa mavzularda kitoblar o’qishni yoqtiradigan kitobxonlar uchun bu kitob yoqmas. Ammo siz tarixga (va qaysidir ma’noda, kelajakka) qiziqsangiz, yangi dunyo tartibir qanday ekanligini bilmoqchi bo’lsangiz, demak ushbu kitob siz uchun.