“Avvaliga barcha kattalar bola edi, ko‘pchiligi buni eslay olmaydi” — "Kichkina shahzoda" asariga taqriz

E’lon qilingan sana· 1 074
“Avvaliga barcha kattalar bola edi, ko‘pchiligi buni eslay olmaydi” — "Kichkina shahzoda" asariga taqriz

Afisha.uz`dagi kitoblar haqidagi maqolalar ruknida bolalikka qaytishga qaror qildik va bugun fransuz yozuvchisi Antuan de Sent Ekzyuperining "Kichkina shahzoda" asari haqida gaplashamiz.

“Kichkina shahzoda” — ko’plab oddiy narsalar haqida fikr yuritishga undaydigan, yolg’izlik, do’stlik va muhabbat haqidagi shedevr. Asarda nafaqat yuqoridagi tushunchalar, balki yo’qotishlar, inson tabiati haqida ham fikrlarga to’qnash kelasiz. “Kichkina shahzoda"ni bolalar adabiyoti toifasiga qo’shishadi, ammo bu asar shunday xarakterga egaki, kattalar ham o’qib, undan nimadir olishlari mumkin. Asardagi falsafani tushunish uchun ba’zida vaqt ham kerak bo’ladi, shuning uchun ham uni ancha yillardan keyin ham qayta ochib o’qish va bolalikka sho’ng’ish mumkin. Balki uning barcha yoshdagilarga mos kelishi uning eng ko’p sotilgan kitoblardan biriga aylanishiga sabab bo’lgandir.

Uchuvchi va bolakay

Yozuvchi Antuan de Sent Ekzyuperi uchuvchi bo’lib xizmat qilgan. Asar ham uchuvchining Sahroi Kabirga favqulodda qo’nishga majbur bo’lgani bilan boshlanadi. U yerda uchuvchi g‘ayrioddiy va sirli bolakayni — boshqa sayyoradan kelgan Kichkina shahzodani uchratadi. Kichkina shahzoda uchuvchiga Yerdagi sayohatlari, o‘z sayyorasidagi hayoti, u yerdagi vulqonlar, o‘z sayyorasida qoldirib kelgan ajoyib atirgul haqida so‘zlab beradi.

Kichkina shahzoda o‘zining kichik sayyorasida kuniga o‘nlab marta ko‘rish mumkin bo‘lgan Quyosh botishini tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Kichkina shahzoda o‘zini bu yerda baxtsiz his etib, koinotning boshqa joylarini o‘rganish uchun uchib ketgandi. Boshqa bir qancha sayyoralarni ko’zdan kechirib, ko‘plab g‘alati katta yoshlilar bilan uchrashadi: o‘zini yulduzlarni boshqaruvchisi deb o‘ylaydigan qirol, boshqalar uni maqtashini istaydigan shuhratparast kishi, doimiy ravishda yulduz sanaydigan ishbilarmon, ko‘p yulduzlarga egalik qilaman deb o‘ylaydigan va undan-da ko‘prog‘ini sotib olishni xohlaydigan, sayohat haqida hikoyalar yozadigan, ammo hech qayerga bormaydigan geografni ko’radi. Kichkina shahzoda aynan geografning maslahati bilan Yerga tashrif buyuradi.

Yuqorida yozilgan jumlalar spoyler bo’lishi mumkinmi? Aslo yo’q. Chunki asarning “qaymog'i” bu — Kichkina shahzodaning fikrlari. Bir qarashda oddiy, ammo o’zingiz oldin o’ylab ko’rmagan fikrlarga duch kelasiz. Kichkina shahzoda esa — haq. Asar sizga ayrim narsalarga boshqa burchakdan, o’zgacha nazar bilan qarashni o’rgatadi. Aytishadiku, “bolajonlar tilida faqat haqiqat yangraydi”. “Kichkina shahzoda” asarida aynan shuning guvohi bo’lasiz.

Kitobdan iqtiboslar:

  • “Avvaliga barcha kattalar bola edi, ko‘pchiligi buni eslay olmaydi”".
  • “Kimniki qo‘lga o‘rgatgan bo‘lsang, uning taqdiriga hamisha javobgarsan”.
  • “Sen tanada emas, harakatlaringda yashaysan. Sen — bu sening harakatlaring. Boshqa sen yo‘q”.
  • “O‘zingizni to‘g‘ri baholay olsangiz, unda haqiqatan donosiz”.
  • “Kattalar raqamlarni yaxshi ko‘radi. Yangi do‘stingiz borligini aytsangiz, ular hech qachon eng muhim narsani so‘ramaydi. Hech qachon „Ovozi qanday? Qanday o‘yinlarni o‘ynashni yaxshi ko‘radi? Kapalak tutadimi?“ deb so‘rashmaydi. Ular „U necha yoshda? Nechta aka-ukasi bor? Vazni qancha? Otasi qancha pul topadi?“ deb so‘rashadi. Shundan keyin ular bu odamni bilamiz deb o‘ylaydi”.
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov