Liliya Shakirova — UFCdagi birinchi o'zbek ayoli
Sportdagi yo'li, stereotiplar va Habibga bo'lgan hurmat haqida.
Liliya Shakirova – O’zbekistonlik MMA jangchisi, u mamlakatimiz sharafini UFC aralash yakkakurashlar musobaqasida asosiy kardda himoya qilgan.
Men ko'chada mushtlashishni allaqachon to'xtatganman
Sportchi bilan mushtlashish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunib yetgach, men ko’chada urushishni to’xtatdim. Raqib qaysi sport turi bilan shug’ullanmasin, u baribir kuchliroq. Baʼzida shunday vaziyatlar bo’lganki, biz mojarodan qochib qutula olmaganmiz va o’zimizni himoya qilishimizga to’g’ri kelgan, lekin biz o’zimiz hech qachon birinchi bo’lib mojaro chiqarmaganmiz.
Men har kuni mushtlashishlar bo’lib turadigan joyda yashardim. Baʼzan, men shunchaki tashqariga chiqqanimda, qitiq patimga tegishardi. Yakkama-yakka jangda, albatta, ular meni yengisholmasdi, lekin ular uch-besh kishi bo’lardi, shuning uchun men kaltak yerdim. Men doim hamma yerim ko’kargan, lablarim yorilgan yurardim. Mening bunaqa yurishimdan charchagan onam meni sport seksiyalariga – taekvondo, karatega olib bordi, lekin u har doim menga boksga qatnashishni taqiqlardi, garchi bu mening orzuim bo’lsa ham. Onam miyam chayqalishidan qo’rqardi.
Xulq-atvorim va murakkab xarakterim sababli meni doim seksiyalardan haydashardi. Tushunmovchiliklar tufayli janjallar bo’lib o’tardi.
Onam meni tanishi, kurash bo’yicha murabbiy oldiga olib bordi. U meni olishni istamasdi, chunki u yigitlarni mashq qildirardi, men esa yolg’iz qiz edim. Hamma uchun qiz bolaning jang qilishi noodatiy holat edi. Jangda qiz bolaning bo’lishi har kim uchun g‘ayrioddiy edi. Bizda erkin uslub va kurash turi juda kech rivojlandi. Onam murabbiy bilan gaplashayotgan paytda, men gilamdagi yigitlarning oldiga yugurib kelib, kurash tushishni boshladim. Bolalar mening qiz bola ekanligimni bilishmasdi. Men 12 yoshda edim va sochim yigitlarniki singari kalta kesilgan edi. Murabbiy mening kurashayotganimni (o’sha paytda esa menda kurash mahorati yo‘q edi) va sportga bo‘lgan ishtiyoqimni ko‘rib, meni shogirdlikka oldi. Shunday qilib, mening karyeram erkin kurash bilan boshlandi.
Seksiyadagi olti kundan so’ng meni ilk musobaqaga olib chiqishdi. Men yigitlar orasida qatnashdim, chunki bu kabi musobaqalar qizlar orasida umuman o’tkazilmasdi. Ikkinchi o’rinni egalladim. Birinchi o’rinni besh yillik tajribaga ega jamoadoshim qo’lga kiritdi. Yengilganim meni davom ettirishga undardi. Ikki yildan so’ng meni Toshkentda bo’lib o’tgan Osiyo chempionatiga qo‘yishdi, yana ikkinchi bo‘ldim. Keyin kattalar o’rtasida jahon chempionati boshlandi. O‘sha paytda men atigi 15 yoshda edim va katta qiyinchilik bilan tanlovga qabul qilindim. Men Bokuga bordim. O‘shanda men ilk bor katta arenani ko‘rdim.
Sportda o‘g‘il bola yoki qiz bola degan tushuncha yo‘q
Sport zaliga kirganda, hamma teng, siz yoki sportchisiz yoki yo‘q. Hamma bir xil mehnat qiladi. Joningiz og‘riyaptimi – sabr qiling. Og‘irmi – sabr qiling. Yigitlarga ham jismoniy va ruhiy yuklama oson emas. Zalda siz tinmay mehnat qilasiz, jinsingizni farqi yo‘q. Bu yerda hech kimga oson bo‘lmaydi. Hamma ham ortga o‘girilib ketishi mumkin, ammo bardosh berib, chidash xarakterga bog‘liq.
Uzoq vaqt davomida erkin kurash bo‘yicha jangga chiqdim. Olimpiya o‘yinlariga borishni o‘z oldimga maqsad qildim. Ammo 2012 yilda sog‘ligim sababli Olimpiadadan chetlatildim – final jangida tirsagim chiqib ketdi. Qayta tiklanish olti oydan bir yilgacha cho‘zilishi mumkin edi, olimpiada esa ikki oydan keyin o‘tkazilishi kerak edi. O‘shanda litsenziya menga yutqizgan qizga berildi. Bir yil mashq qilmadim, qayta tiklanishim uchun davolandim.
2015 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik jarayonida men mushtlashganim uchun chetlashtirildim. Meni atayin janjallashishga, qo‘l ko‘tarishga majbur qilishdi. Boshqa bir qizning o‘yinlarda ishtiroki ko‘zda tutilgan edi. Men tushunaman, bu mening aybim, eʼtibor qilmasligim kerak edi, lekin xarakterim o‘zini ko‘rsatdi. Natijada, musobaqaga hech kim yuborilmadi, chunki men bu yerda g‘olib chiqdim. Lisenziyani olish juda qiyin – nima bo‘lgan taqdirda ham birinchi o‘rinni olgan borishi kerak. Jangda olgan jarohatlarimdan keyin men yana bir yilni qayta tiklanish uchun sarfladim.
Men boksga o‘tdim
Men Respublika chempionatida ishtirok etdim va qolgan chempionatlarga tayyorgarlik ko‘rishim kerak edi. Menga boks mening yo‘lim emasligini takrorlashardi, bosh murabbiy Rahmatjon Rahmatullayev esa meni chet el olimpiadalariga tayyorlashini aytdi.
MMAga o'tish
Energiyamni to'liq sarflash uchun mashg’ulotlar yetarli emas edi, menga bellashuvlar kerak edi. Boks bo’yicha eng yaqin musobaqa esa faqat keyingi yil. Bir do'stim menga qo'ng'iroq qilib, MMA chempionati uchun qiz bola topishni iltimos qildi. Men o'zim ishtirokim etishimni taklif qildim va u rozi bo'ldi – raqib ham to’polonchi. Mashg’ulotlarsiz va MMA bo'yicha bilimlarsiz men 2017 yilda Xitoyga bordim va ikkinchi raundda g'alaba qozondim.
Qafas ichida bo'lish hissiyoti menga yoqdi. O'sha paytda men buning nima ekanligini tushunmasdim. Bu tizim qanday ishlashi qiziq edi. O'zbekistonda ushbu sport turi taqiqlangan edi. Bir oydan keyin men yana jang qildim, bu menga yana ham yoqdi va bir oydan so’ng men yana chiqish qildim. Uch oy ichida men uchta jang o'tkazdim.
Men turli tashkilotlarga bellashuvlarda chiqish uchun so'rov yubordim. Fight Night bilan shartnoma imzoladik, ular endigina to’rli turnirni boshlagan edi, Fight Nights Global kamari o'ynalayotgan edi. Men o'z vaqtida yozgan edim — o'sha paytda ularga to'liq jadval uchun bitta odam yetishmayotgan edi. 2018 yilda Fight Nightda debyut chiqish qildim va xitoylik raqibimni yutdim, u juda kuchli raqib edi. 2018 yil mart oyida moskvalik jangchi bilan jangda hakamlar menga nisbatan noto’g’ri qaror chiqarishdi. Men kurashda g'alaba qozonganim aniq, ammo ular menga bu g'alabani berishmadi.
Biz qarordan noroziligimiz haqida apellyasiya berdik – bu va keyingi shikoyatlar ham rad etildi. Bizda hatto Federatsiya ham bo'lmaganligi sababli, murojaat qilishimiz mumkin bo’lgan tashkilotimiz yo'q edi – biz u tashkilot bilan ishlashni to'xtatdik. O'sha paytda yangi “Bitva na Volge” tashkiloti ochildi, hozir u Gorilla Fighting Championship deb nomlanadi va men ular bilan hamkorlik qila boshladim. Men omma mehrini qozongan qiz bilan jang qildim, kuchli raqib edi. Men uni yutdim.
GFCning ikkinchi jangida ko’rsatkichlari menikidan yuqori bo'lgan raqib bilan olishdim. Hamma birinchi davradayoq yutqazishimni kutdi. Ammo birinchi davrada men doim yutqazaman – raqibimni o'rganaman, kuchsiz va kuchli zarbalarni qidiraman. Ikkinchi raundda men o'zimning jang uslubimni butunlay o'zgartirdim va texnik nokaut, kuchim boricha urish bilan jangda g'alaba qozondim. Menga “Bitva na Volge” kamari berilishi kerak edi. Texnik sabablarga ko'ra kamar ushbu kardda berilmadi, keyingi jangda uni titul Kamari sifatida rasmiylashtirish taklifi berildi. Ammo keyingi jang bo'lmadi – raqibim kelolmadi va jang bekor qilindi.
Buka bilan shartnoma imzoladim. Ular menga vitaminlar bilan to’yinishim va mashg'ulotlarda ishtirokimda to'liq yordam berishdi. Men shu yerda, BukaGymda mashq qildim. Texnikamni takomillashtirishim uchun meni Tailandga Tiger Muay Thaiga jo'natishdi, u yerda yig’in mashg'ulotlarini o'tkazdim. Qaytib kelgach, biz o'yin rejasini yakunladik.
O'shlik bir qiz bilan zaxira jangda g'alaba qozondim va keyingisini kutardim. Bu jangdan so'ng Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmanap Magomedovich Toshkentda GFC turnirini o'tkazdi. Konferensiyada biz imkon qadar muzokara o'tkazdik, suhbatlashdik. Abdulmanap o'sha paytda 61 kg kamarni olishni taklif qildi.
Raqibim – polshalik chempion edi. Tayyorgarlik jarayonlarida ko'mak bilan chiqishga tayyor ekanligimni aytdim. O'sha paytda MMA federatsiyasi bizning mamlakatimizda yangi ochilgan edi va men mamnuniyat bilan chiqib, ikkinchi kamarni olgan bo'lar edim, chunki bizda hali bu ish bilan hech kim shug'ullanmayotgan edi. Biz keyingi harakatlarni muhokama qilishimiz kerak edi, ammo, afsuski, Abdulmanap vafot etdi va biz bu masalani oxiriga yetkazishga ulgurmadik.
UFCga kirish
Biz UFC Oliy Ligasiga o'tishga qaror qildik. Habib, Umid Mavlyanov (MMA jangchisi), Otabek Umarov (Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasining sobiq rahbari), Buka – barchasi birlashib, menga UFCga qo'shilishimga yordam berishdi.
UFCga kirish juda qiyin, ayniqsa biz uchun, chunki O'zbekistonda jangchilar yo'q, UFC bizning imkoniyatlarimizni, qanday ishlashimizni bilmaydi, hujjatlarni tekshirishadi.
Men butun hayotim davomida O'zbekiston uchun jang qildim, men shu yerda yashayman va O'zbekiston sharafini yuksaklarga ko’tarish – mening oliy maqsadimdir. Kimdir boshlashi, yo’lni ochishi, qanday bo’lishini ko’rsatishi kerak. Sportimiz sekinlik bilan rivojlanishini hisobga olsak, qisqa vaqt ichida UFCga kirish – bu o'nlab yillar davomida odamlar kirib borishga intilayotgan oliy ligadir. Nafaqat bizning mamlakatimiz uchun, u yerga kirishning o'zi mashaqqatli. UFCda minglab odamlar bir vaznda navbat kutishadi, u yerda juda katta raqobat bor. Mening shunchaki omadim kulib boqdi – ularga zahira kerak edi, men esa chiqishga tayyor edim.
Asosiysi – o’z murabbiyingizni topish va faqat unga quloq solish.
Boshqalarning fikriga quloq solmaslik kerak. Agar siz barchani tinglasangiz, siz hech qachon ko'tarilmaysiz. Faqat murabbiygina eng yuqori darajaga ko'tarishi mumkin.
Jangdan besh kun oldin murabbiy menga qo'ng'iroq qildi va qisqa vaqt va o’sha kunning o’zida uchishimizni hisobga olib, zaxiradan maydonga tushishga tayyorligimni so'radi. U jang UFCda bo'lishini aytmadi, shunchaki raqib mendan biroz kuchliroq ekanligini aytib o'tdi. Men uchun bu muhim emas edi – men shunchaki oktagonga chiqmoqchi edim. Federatsiya rahbariyati hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berishdi va men shu kunning o’zida uchib ketdim.
Mamlakatda karantin bilan bog'liq qiyinchiliklar mavjud edi. Dubayga yetib borganimizda, bizdan COVID-19ga test olishdi, Abu-Dabi orolida ular bizga bilakuzuklar taqishdi (karantin zonasidan chiqqanimizda, polisiya orqamizdan kelishi mumkin edi). Uch kun davomida men mehmonxona xonasida karantinda o'tirdim, u yerda mashq qilish uchun sharoit yo'q edi va biz har kuni COVID uchun test topshirdik. Qolgan ikki kun ichida intervyu va konferentsiyalar bilan band edim, faqat kechqurun zalda mashq qilish imkoniyati bor edi.
Qisqa muddatli kurash
Odatda bizda “A/B rejasi” bo’ladi, agar biri ish bermasa, boshqasini qo’llash uchun. Va men faqat A rejani bajarganimda (menda tayyorlangan usullar chiqavermagach), men juda asabiylashib, xavotirlana boshladim. Men amalga oshirishni istayotganim bo’lmayotganini tushunardim, men masofani sezmasdim. Mening xavotirim bor edi – shunday turnirda yutqazishni xohlamasdim.
Men asosiy kardda jang qildim – UFCda bunaqasi bo’lmagan, debyutant asosiy kardda jang qilishi, ustiga ustak uning g'alaba qozonishi. Bu UFC uchun ham, O'zbekiston uchun ham ikki karra tarixiy hodisa bo'lar edi.
Davralar oralig'ida bir daqiqa davomida hamma narsani qayta o'ylab, keyingi jangni qanday o'tkazishni hal qilishim kerak edi. Men shunchaki ringga chiqdim va odatim bo'yicha jangga tushdim va yutqazdim. Men juda tashvishlanib, xavotirga tushdim, lekin hamma meni qo'llab-quvvatladi, chunki tayyorgarlik ko'rishim uchun oz vaqtim bor edi.
Jangdan so'ng, men hatto hech kim bilan gaplashishni xohlamadim. Men o'zim yutqazganimdan xafa bo'ldim, nimaga qodirligimni ko'rsatolmadim. Men xohlagan ishimni amalga oshira olmadim. Ammo sportchi bolalar xafa bo’lmasligim uchun meni chalg'itib, qo'llab-quvvatlashdi.
Meni bir holat hayratlantiradi – hamma Habibning qanday jang qilishini biladi, ammo u baribir g'alaba qozonadi. U shu qadar kuchli kurashchiki, u o'z harakatlarini yashirmaydi. Hamma uning ma'lum harakatlardan so'ng o’tish harakatini qilishini biladi – hamma uni “yer tishlataman” deydi. Ammo yo’q. U ham ruhan, ham jismonan shunchalik yaxshi tayyorlanganki, uni hech kim yutolmaydi. Aynan shuning uchun u ham mening kumirimdir. U qilgan ishni hali hech kim qilmagan. Uning xilma-xilligi yo'q, lekin u shu bilan o'z maqsadiga yetadi.
Mamlakatimizda barcha ayollar kiyimlari standartdir – ular menga to’g’ri kelmaydi, chunki mening jussam sportchining jussasi. Shuning uchun men jinsi va krossovkalarda yuraman.
Ayol va kurash bir-birini to’ldiradi
Men bu stereotipni allaqachon buzganman va uzoq vaqt davomida qiz yoki yigit bo'lishingizning farqi yo'qligini ko'rsatib keldim. Agar biror kishi nima bilandir shug’ullanishni istasa, hech kim u uchun qaror chiqarishga haqli emas. Ko'pchilik menga mening joyim oshxonada ekanligini aytadi. Ilgari men bunga javob berar edim, lekin hozir shunchaki ahamiyat bermayman.
Bundan tashqari, ko'plab sportchilar ovqat pishirishni bilishadi, hatto bilmaganlari atayin o'rganishadi. Ko'pchilik ota-onalaridan alohida yashashadi, bundan tashqari ularning ovqatlanish tartibi ham boshqacha.
Ko'pincha, siz boshqa mamlakatda jamoa bilan bitta uyda yashaganingizda ovqat tayyorlashingiz kerak bo’ladi. Siz uchun ma'lum bir byudjet ajratiladi, ovqatga buyurtma qilish esa odatda qimmatga tushadi.
Ha, ayol o'zini himoya qila olishi kerak, chunki hozir ko'p erkaklar ayollarga qo’l ko’tarishgacha borishadi, shu jumladan ko’cha bezorilari ham. Asosiysi – qocha olish(kuladi). Menimcha, o'zini himoya qilishning birinchi texnikasi – bu ayol vaziyatni tahlil qila olishidir. Ba'zilar so'z bilan javob bera olaman va shu bilan qutulaman deb o’ylashadi. Yo'q, aksariyat qizlar juda tajovuzkorona javob berishadi va shu bilan mojaro keltirib chiqaradi. Bunday holda, ular zarbaga tayyor turishlari kerak.
MMAdagi rejalari haqida
Hozir men UFC tizimini his qilmoqchiman, chunki u boshqa tashkilotlardan farq qiladi. Agar GFCni oladigan bo’lsak, unda jangchilar ham, texnika ham bir xil. UFCda esa jangchilar hatto boshqacha fikrlaydilar.
Men barcha eng kuchli jangchilar bilan jang qilmoqchiman. Mendan kuchliroq odam bor ekan, men uni yutishga intilaman va buni qilmagunimcha tinchimayman!